15-dekabr kuni Toshkentda mashhur ingliz pop-yulduzi Robbi Uilyams konserti bo’lib o’tdi. Xabarlarga qaraganda, ushbu konsert kelib chiqishi o’zbekistonlik milliarder Alisher Usmonovning vatandoshlarga Yangi yil tuhfasi bo’ldi.

Konsertga chiptalar narxi 1,5 million so’mdan 1,8 million so’mgacha. Bu O’zbekistondagi o’rtacha oylik maoshdan ko’proq.

Tuhfa deganda bepul narsa nazarda tutilishini, mayli, aytmay qo’ya qolay. Buni ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari qayd etib bo’ldi.

Gap boshqa narsada. Chipta o’rta hisobda 1,7 million so’m bo’lsa, bu pulga 377 kilogram kartoshka, 1360 dona obi-non, 38 kilo go’sht va 314 kilo un sotib olish mumkin ekan. Bu haqda O’zbekistondagi Pordobno.uz web sayti yozdi.

Lekin aslida gap bunda ham emas. Chunki konsertga boraman deganlar topildi, xabarlarga ko’ra, chiptalar tez sotildi.

Milliarder Alisher Usmonov haqida hammamiz ko’p eshitganmiz. Uning kemasi (yaxta) uzunligi necha metrligi va nomi qandayligidan tortib samolyotini O’zbekiston prezidentiga o’ynab turishga, yo’g’-e, foydalanib turishga bergani haqida eshitgamiz. Uning Britaniyadagi “Arsenal” futbol klubiga egalik qilishi, “Facebook” kompaniyasining aksiyalari endi sotuvga chiqqanida milliarder katta ulush sotib olgani, ko’p o’tmay aksiyalarni sotib yuborib, Xitoy kompaniyasiga sarmoya yotqizgani haqida ham xabarlarni ko’rganmiz. Milliarderning Rossiyadagi korrupsiyaga qarshi kurashayotgan faol Aleksey Navalniyga “tupurgani” haqida esa shu blogning o’zida alohida gaplashgan edik.

Alisher Usmonovning saxiyliklari haqida esa kam eshitamiz. Zotan, Rossiyani bilmadim-ku, lekin G’arbda badavlat odamlar doim saxovat ishlari bilan shug’ullanadi. Avvalambor, bunday qilsa soliq kamroq to’laydi. Ikkinchidan, insof-vijdon degan narsalar bor, har holda.

Masalan, amerikalik milliarder Ilon Mask (Elon Musk) “Tesla” rusumidagi avtomobillardan tashqari fazoni o’rganishga katta mablag’ sarflayotgani bilan tanilgan. Nyu-York shahrining sobiq meri Maykl Blumberg ekologiya va ko’plab boshqa masalalarda faol, dunyo bo’ylab qayta tiklanadigan energiya manbalari bilan ta’minlanadigan binolar qurishni ilgari suradi, tabiat, sayyoramiz haqida qayg’uradi.

Mashhur va badavlat aktyor yoki xonandalarni olsak, ularning ham qayg’uradigan bir ishi bor. Oskar sohibi Leonardo di Kaprio – tabiatsevar faol. “U2” musiqiy guruhi boshlovchisi Bono nomzodi esa hatto Tinchlik uchun Nobel mukofotiga taklif etilgan edi.

Ammo Alisher Usmonovning katta bir xayrli ishga bosh-qoshligi haqida shu kungacha eshitmadim. Balki, masjidlarga zakot berar, lekin matbuotda bu haqda gapirilmaydi.

Robbi Uilyamsni Toshkentga olib kelib, bitta konsert o’tkazguncha, Usmonov bir guruh o’zbekistonlik yoshlarni xorijga bir oylik kurslarga yuborganida, O’zbekiston uchun foyda kattaroq bo’lardi. O’sha yigit-qizlar buni butun umrga eslab qolardi, yangi bilim va tajriba orttirishi va O’zbekiston ravnaqi uchun ishlashi haqida gapirmasa ham bo’ladi.

AQShda istalgan universitetga borsangiz, oliygoh uchun katta mablag’ hadya qilgan odamlar nomlarini eshitasiz, bino va zallar ularga bag’ishlangan, ism-shariflari devorlarda oltin harflar bilan yozilgan. Kasalxonalarga kirsangiz ham ayni gap, binolar va tadqiqot markazlarigacha – hamma yoqda devorlarda ularga mablag’ ajratgan homiylar ismlari yozilgan tablichkalarni ko’rasiz. Hatto parkka borsangiz, skameyka yoki daraxtga ham odam nomi berilgan bo’lishi mumkin. Chunki o’sha odam skameykani yasash yoki daraxtni ekishga pul ajratgan. Ha, bu o’rinda gap millionlar emas, bir-ikki yuz dollar haqida ketyapti.

Shu paytgacha Alisher Usmonov O’zbekistonda katta universitet qurib berishi mumkin edi. Yoki saraton kasalligigami, boshqa muhim sohagami mablag’ ajratib, olimlarning maoshlarini qoplashi mumkin edi. Qolaversa, bir qishloq maktabiga komputerlar sotib olib berishi mumkin edi.

Robbi Uilyams konsertiga chiptani 200 dollarga sotib olib, konsertga tushgan odam Londonga borib ham tushaveradi.

Zorimiz bor, zo’rimiz yo’q deganlaridek, nima deymiz. Pul bizniki emas, Usmonovniki. O’ziga piar-reklama qilgisi kelibdi, nima ham derdik.

Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?

Gaplashamiz.