2017-yil jurnalistlar uchun quiyin kechdi. Bu – matbuot erkinligi va jurnalistlar xavfsizligini kuzatib boradigan xalqaro tashkilotlar xulosasi. 13-dekabr kuni Nyu-Yorkda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro qo’mitasi 2017-yilda dunyo bo’ylab o’z ishini bajarayotgani uchun qamalgan jurnalistlarga bag’ishlangan hisobotini chiqardi.

Hujjatga ko’ra, 2017-yilning 1-dekabrida dunyo bo’ylab 262 jurnalist panjara ortida bo’lgan. Bu tarixiy rekord. Yana 58 nafari bedarak yo’qolgan. (Yil davomida nobud bo’lgan muxbirlar haqida o’tgan safar alohida gaplashgan edik).

Qamalgan jurnalistlar Turkiyada eng ko’p. Mana surunkasiga ikkinchi yil Rajab Toyyib Erdog’an olib borayotgan siyosat natijasida Turkiya bu mudhish reytingda birinchi o’rinda qolmoqda. U yerda 73 nafar muxbir, muharrir, operator, fotomuxbir va OAVning boshqa vakillari qamoqda. Turjiyadan keyin avtoritar rahbarlar boshqarayotgan Xitoy (41 jurnalist qamalgan) va Misr (20 jurnalist – mahbus).

Umumiyat-la, global miqyosda 2017-yilda avtoritarizm kuchayib, demokratiya chekinganini barcha xalqro tashkilotlar qayd etdi. Aynan shu jarayon tufayli qamalgan jurnalistlar soni har doimgidan ham ko’proq.

Sobiq sovet respublikalari orasida “rekordchi” – Ozarbayjon. U yerda 10 jurnalist qamoqda. Bundan bir yil oldin bu raqamning yarmisi – 5 muxbirning panjara ortida ekani qayd etilgan edi.

Markaziy Osiyoda ko’p yillardan buyon mudhish “rekord” O’zbekistonga tegishli. Bu yil u yerda 4 jurnalist qamoqda. Ular – Yusuf Ro’zimurodov, Dilmurod Sayid, Bobomurod Abdullayev va Hayot Nasriddinov.

Ro’zimurodov 1999-yildan beri qamoqda. Dunyo bo’ylab eng uzoq vaqt qamoqda qolayotgan journalist. Bu ma’noda ham O’zbekiston – “rekordchi”. U bilan birga qamalgan Muhammad Bekjon shu yil boshida ozod etildi. Ro’zimurodovning esa qaysi qamoqda ekani va qanday ahvoldaligiga oid ma’lumotni topishga tashkilot ko’p uringani, lekin topolmaganini qayd etadi.

2016-yil so’ngida O’zbekiston qamoqlarida, Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasiga ko’ra, 5 jurnalist bo’lgan edi. Undan buyon Muhammad Bekjon qatorida Jamshid Karimov va Solijon Abduraxmonov ozod etildi. Ammo yana ikki nafar jurnalist qamalgani tashvishlanarli hol, deydi tashkilot.

Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarini olsak, Turkmanistonda Saparmamed Nepesquliyev, Qirg’izistonda Azimjon Asqarov, Qozog’istonda ota-bola Seyitqozi va Aset Matayevlar qamoqda ekani qayd etilgan.

Aytish joizki, 4-dekabr kuni, ya’ni hisobot qamragan davrdan keyin Seyitqozi Matayev salomatligi og’irligi sababli qamoqdan chiqarildi. Bir necha yildan buyon bunday “reytinglar”ga kirmagan Tojikistonda esa 5-dekabr kuni taniqli jurnalist Xayrullo Mirsaidov korrupsiyani fosh etib, Prezident Imomali Rahmonga ochiq xat yozgani uchun qamaldi.

Gaplashamiz.