Tanqidiy savollarni beradigan jurnalistlarni nishonga olishga odatlangan AQSh Prezidenti Donald Tramp o’tgan hafta o’zining matbuotga oid ilk “mukofoti”ni berajagini ma’lum qildi va buning sanasini ham belgiladi: 8-yanvar, Vashington vaqti bilan soat 17:00. Mukofotni “Eng nohaq va korrupsiyalashgan media” deb atagan Tramp uydirma xabarlarni (fake news) tarqatgan ommaviy axborot vositalariga beriladi, dedi. Buni Tramp, odatdagidek, o’zining Twitterdagi sahifasi orqali e’lon qildi.

Tramp prezident etib saylanishidan oldin ham ko’plab OAVni yolg’on va uydirma gaplarni tarqatishda ayblab kelgan edi. U Oq Uyga kelgach, ayblovlar kuchaydi. Bunday ayblovlardan nufuzli “New York Times” kabi gazetalar yoki, aytaylik, Si-En-En (CNN) telekompaniyasi ham chetda qolmagan.

Bu e’longa javoban ayrim OAV va jurnalistlar hazil tariqasida “meni tanlang, meni tanlang”ga tushdi.  Chunki jamoatchilik nazarida, Tramp “mukofoti”ga sazovor bo’lganlar aslida eng haqiqatgo’y matbuotdir. Haqiqatni qo’rqmay fosh etgani uchun ham Tramp nozoriligiga uchragan. Masalan, “Kundalik shou” (Daily Show) satira televizion dasturining boshlovchisi Trevor Noaning xuddi “Oskar” mukofotiga nomzod Gollivud yulduzlari kabi rasmlari tarqatildi.  Har bir dasturda Trampni nishonga oladigan satirik uning mukofotiga sazovor bo’lishni o’zi uchun sharaf deb bilishini bundan tushunish qiyin emas.

Shu boismi yoki boshqa bir sababdanmi, Tramp o’zi “asos solgan” mukofotga sazovor deb topilganlarni e’lon qilishni 8-yanvar kunidan kelasi haftaga qoldirdi. Biroq Nyu-Yorkda joylashgan Jurnalistlarni himoya qilish xalqaro qo’mitasi aynan 8-yanvar kuni soat 17:00 da o’zining “mukofot”larini e’lon qildi.

Trampdan farqli o’laroq, Qo’mita dunyo bo’ylab matbuotni eng ko’p ezayotgan hukmdorlar nomlarini oshkor etdi.

“Mukofot” turli toifalarga bo’lingan va g’oliblar quyidagilar:

Tanqidga eng toqati yo’q rahbar kategoriyasida g’olib – Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an.

Ikkinchi o’rinda – Donald Tramp.

Terrorizmni ro’kach qilib, matbuotni eng ko’p ezgan rahbar toifasida g’olib yana Erdog’an.

Ikkinchi o’rinda – Misr rahbari Abdul Fattoh Sissiy.

Matbuot ustidan eng qattiq nazorat o’rnatgan rahbar:

  1. Xitoy rahbari Si Zinpin;
  2. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin. (Bu o’rinda aytish joiz, Shimoliy Koreya yoki Eritreya kabi erkin matbuot mutlaqo mavjud bo’lmagan mamlakatlar rahbarlari “tanlov”da qatnashmagan).

Matbuot erkinligi masalasida eng ko’p chekingan rahbar:

  1. Myanma rahbari Aun San Suu Chi;
  2. Polsha Prezidenti Andjey Duda.

Global miqyosda matbuot erkinligini eng katta tahdidga qo’ygan rahbar – Donald Tramp.

Ko’rib turganingizdek, aziz gapdoshim, Markaziy Osiyo mamlakatlari bu g’aroyib “reyting”da yo’q. Agar mintaqa davlatlari rahbarlarining matbuot erkinligi bobidagi siyosati va faoliyatini baholab, reyting tuzish vazifasi zimmangizga tushganda, Siz nima degan bo’lardingiz? Kim g’olib chiqardi bunday teskari reytingda?

Gaplashamiz.