Vatanparvarlik siymolari ko’p. Masalan, AQShda har qadamda oq-qizil-ko’k bayroqlarni ko’rasiz. Amerikaliklardek o’z bayrog’ini qadrlaydigan boshqa millatni men shuncha dunyo kezib hali uchratmadim. Hamma yoqda bayroqlar. Rasmiy binolarni, mayli, qo’ya qolaylik. Oddiy odamlar ham uyi tashqarisida katta-katta bayroqlar osib qo’yadi. Bunga ularni hech kim majburlamaydi, buning uchun alohida pul ham ajratilmaydi. O’zining cho’ntagidan pul olib, bayroq sotib oladi. Kiyimdagi siymolar masalasida ham shunday. Texasga borsangiz, kovboylar shlyapasi va etigini kiygan odamlarni uchratasiz. Bu ularning o’z shtatidan faxrlanishi belgisi.
Yevropani oladigan bo’lsak, bayroqlar kamroq, asosan davlat binolarida. Kiyimga kelsak, kundalik hayotda milliy liboslarni kiyganlar kam, chunki milliy uslubda tikilgan kiyim juda qimmat turadi va asosan katta milliy bayramlarda kiyiladi. Lekin bu nemis, ispan yoki chexlar do’ppi kiygan o’zbekka qaraganda o’z vatanini kamroq yaxshi ko’radi, kamroq faxrlanadi degani emas.
Yoki yana bir mezon – import yoki mahalliy mahsulotlardan foydalanish amaliyotini olaylik. Germaniyada dunyodagi eng zo’r avtomobillar chiqariladi – Mersedes deysizmi, BMW, Audi yoki Volkswagenmi – turli cho’ntakka mosini topasiz. Nemislar o’z avtomobillarini sevib minadi. Ayni vaqtda ular Italiya yoki Fransiyada ishlab chiqarilgan mashinalarni ham bemalol sotib oladi va bu bilan “nemisligimiz kamayib qoldi”, demaydi.
“Facebook” ijtimoiy tarmog’idagi “do’ppi kiyamiz” (#do’ppi) fleshmobini kuzatar ekanman, albatta, go’zal siymo – do’ppidan faxrlanaman. Lekin vatanni qadriga yetkazadigan do’ppi, chopon yoki atlas ko’ylak emas. Hatto Samarqanddagi Registon-u Xivadagi Ichan qal’a ham emas. Hatto Ginnes kitobiga kiritilgan osh-palov ham emas. Yer yuzidagi deyarli har bir qit’aga sayohat qilgan odam sifatida shuni ayta olamanki, madaniyatga boy bo’lmagan mamlakatning o’zi yo’q. Urf-odatlarini saqlash masalasida o’zbeklardan ancha ilg’or jamiyatlar ham to’lib yotibdi.
Shermuhammad ismli bir o’zbekzabon bloger vatanparvarlikni mana bunday tushunishi haqida yozdi: “[V]atanparvarlik… o’zgacha fikrlash va soliq to’lashdan iborat. Vatan – men soliq to’lashni istagan va shunga yarasha erkin yashashni istagan makon”. Bundan-da to’g’riroq gapni topish qiyin.
Gapimiz so’ngida ikki misol keltirmoqchiman.
Biri Rossiyada moskvalik bir ayol boshqaradigan “Ikat & More” nomli kompaniya. Bizning o’zbek atlas va adraslardan kiyim va aksessuarlar ishlab chiqarib, sotayotgan kompaniya.
Yana bir misol – ikki moskvalik ayol mualliflik qilgan “Feruza kundaligi” (Бирюзовый дневник) nomli kitob. Boshqan oyoq O’zbekistonga bag’ishlangan, rus tilida yozilgan, suratlar O’zbekistonda olingan (mialliflardan biri – fotosuratchi). O’zbekiston tarixi va siyosatidan tortib, beshik to’yi, sunnat to’yi va xatna qilish kabi qator urf-odatlarimiz tushuntiriladi. O’zbeklar emas, rossiyaliklar yozgan kitob.
Albatta, men O’zbekiston haqida faqat o’zbeklar, Fransiya haqida faqat fransuzlar, Rossiya haqida faqat rossiyaliklar kitob yozsin deyishdan yiroqman.
Lekin Fransiya haqida nemis yoki ingliz kitob yozishidan oldin fransuzlarning o’zidan minglab mualliflar minglab kitoblar chiqarib bo’lgan. Zotan, men aytgan “Feruza kundaligi” nomli o’sha ikki rus muallifi yozgan kitob ommabop tarzda bitilgan, hamma biladigan gap va faktlarga asoslangan, yirik bir tadqiqot talab qilmagan. Shunchaki O’zbekistonga bormoqchi bo’lgan sayyohlar uchun ensiklopediyaga o’xshagan bir narsa. Zamonaviy til bilan aytganda, “travelog”. Uni o’zbek ham allaqachon yozishi mumkin edi, demoqchiman. Vaholanki rus tilida bemalol gapiradigan va yoza oladigan o’zbeklar talay.
Gapimning muddaosi – o’zini vatanparvarman deb, ko’ksiga uradigan amaldor avval ishxonasiga o’zi do’ppi va chopon kiyib kelsin, so’ngra o’zbek tilida bo’lsa ham bitta kitob yozib, O’zbekistonni hech bo’lmasa bir xorijlik tanishiga erishsin.
Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?
Gaplashamiz.