29-yanvar kuni AQSh hukumati sanksiyalariga uchragan shaxslarning yangilangan ro’yxatini e’lon qilishi kutilmoqda.

Vashingtonda ko’plab siyosatchilar Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga yaqin rasmiylar hamda shaxslarni ushbu ro’yxatga qo’shishni talab qilib chiqdi. Putinga yaqin deyilgan bunday shaxslar orasida kelib chiqishi o’zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov ham bor.

AQSh matbuotining yozishicha, Rossiyaga nisbatan keskin siyosat tarafdori bo’lmish qator senatorlar, shu jumladan respublikachilar Linsi Grem va Marko Rubio Moliya vaziri Stiv Mnuchinga murojaat qilib, Rossiya Bosh prokurori Yuriy Chayka hamda Putinga yaqin oligarx Alisher Usmonovni “qora ro’yxat”ga kiritishni so’ragan.

Ularning ta’kidlashicha, Chayka va Usmonov “jiddiy korrupsiya faoliyatiga aralashgan” va bu bilan AQShning Xorijda korrupsiyaga oid qonunini buzgan.

Bunday tashabbuslardan xabar topgan ayrim rossiyalik siyosatchilar va oligarxlar Putin bilan birga ko’zga ko’rinmaslikka harakat qilmoqda, boshqalari esa korrupsiyaga aralashgan kompaniyalarini yo’q qilmoqda, deya yozadi AQSh matbuoti. Ayrimlari esa ro’yxatga kiritilmaslik evaziga AQSh siyosatchilari bilan hamkorlik qilishga tayyorligini ham bildirdi.

Ushbu “qora ro’yxat” ilk bor 2017-yil avgust oyida Kongress tomonidan qabul qilingan va Prezident Donald Tramp tomonidan imzolangan edi. Qora ro’yxatga tushgan oligarx xorijga chiqolmaydi, uning xorijiy banklardagi aktivlari esa muzlatib qo’yiladi.

Alisher Usmonov Kremlga yaqin yuradigan eng badavlat odam, uning qator OAVda ulushi bor, deyiladi AQSh matbuotidagi xabarlarda.

Uning korrupsion sxemalarga aralashgani haqidagi iddaolar ilgari ham yangragan. Masalan, Rossiyadagi Korrupsiyaga qarshi jamg’arma rahbari Aleksey Navalniy “U sizlarga Dimon emas” hujjatli filmida Usmonov Bosh vazir Dmitriy Medvedevga pora berganini ta’kidlaganidan keyin Usmonov va Navalniy bir-biri bilan video orqali janjallashgan edi. Biz bu haqda batafsil mana bu yerda gaplashganmiz.

Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?

Gaplashamiz.