Nyu-Yorkda yangi film taqdimoti

O’zbekistonning Ulug’ vatan urushidagi (Ikkinchi jahon urushi) g’alabaga qo’shgan hissasi haqida eshitmagan odam topilmasa kerak. Sovet Ittifoqining boshqa qismlaridan evakuatsiya qilingan zavod va fabrikalar hamda minglab odamlarni o’zbeklar quchoq ochib kutib olgan. Ayni vaqtda minglab o’zbek yigitlar frontga ketgan, ayrimlari ko’ksi medallarga to’lib qaytgan bo’lsa, boshqalari jang maydonlarida halok bo’lgan yoki bedarak ketgan. Ular doim xotiramizda.

Yana bir hissasi – minglab yetim bolalarni qabul qilish va ularga yangi vatan va yangi oila bo’lishdan iborat bo’lgan.

Bunday bolalar hozirda ulg’ayib keksaydi ham. Ular turli millatga mansub bo’lgan, orasida xususan yahudiylar ko’p bo’lgan. Mana shunday yahudiylarning urush boshlanishidan ko’p o’tmay O’zbekistonning turli shaharlariga yetib borishi, u yerda katta bo’lishi, o’zbeklar bilan qadrdon bo’lib ketishi haqida Nyu-Yorkda yangi hujjatli film suratga olindi.

“Bolalikning so’nggi yozi”

“Bolalikning so’nggi yozi” (Последнее лето детства) deb nomlangan bu film o’tgan haftada Bruklindagi “Lazzat” restoranida bir guruh vatandoshlarga taqdim etildi.

Filmni asl toshkentlik huquqshunos, hozirda Nyu-Yorkda yashaydigan Vyacheslav Shatoxin hamda toshkentlik rejissor va jurnalist Nabi Razzoqov yaratgan.

“Bu filmni yaratish g’oyasi menga qariyb 10 yil avval kelgan. Ko’nglimga tugib qo’yganimni mana endi amalga oshira oldim. Bu davr mobaynida material to’pladim, odamlar bilan suhbatlashdim, film uchun qahramonlarni topdim, ular bilan pochta orqali yozishdim, ko’rishdim. Filmni yaratish uchun mablag’ izladim,” – deya hikoya qiladi Shatoxin.

“Nabi Razzoqov bilan tanishishdan oldin men boshqalar bilan ishlamoqchi bo’lganman, lekin Nabi aka hech qanday pul ham so’rab o’tirmay, bu ishga men bilan birga katta qiziqish va fidokorlik bilan kirishdi. Oqibatda mana bunday qo’shma loyiha vujudga keldi,” – deya davom etadi suhbatdosh.

Sal kam bir soatlik bu filmda Kaliforniyadan tortib Nyu-yorkning Bruklinigacha – AQShning bir necha shtatida istiqomat qiladigan odamlarning shaxsiy hikoyalarini eshitasiz. Ularning bari – hozirda keksa. Bari – yahudiy, urush boshlanganida O’zbekiston shaharlariga oilasi, ota-onasi yoki yetim bo’lib evakuatsiya qilingan, bari o’zbeklar bilan yonma-yon yashab, katta bo’lgan. Yirik olim, huquqshunos va boshqa kasblar vakillari bo’lib yetishgan.

Shatoxin va Razzoqov ular bilan uchrashish uchun sobiq toshkentliklar hozirda yashaydigan shaharlarga bordi, kamerani yoqishdan oldin obdon suhbatlashdi. Chunki kamera ortida ham, u ishlab turganida ham suhbat nihoyatda hayajonli kechdi.

Filmda menda eng katta taassurot qoldirgan damlardan biri ham shunday. Opa-uka kameraga qarab O’zbekistondagi bolalik davri haqida gapiradi, shu payt  sochlari oppoq keksa ochlikdan qiynalganini eslaydi, ovozi bo’g’ilib, boshini pastga qaratgancha yig’lab yuboradi. Opasi esa uni yupatadi, uning ham ko’zlari jiqqa yosh.

Keksa opa-uka barobarida qator boshqa ayol va erkaklar o’z xonadonida, o’zi, farzandlari va nabiralari rasmlarini yoniga qo’yib olib, o’sha qiyin davr haqida hikoya qiladi, o’zbeklarga, O’zbekistonning o’sha paytdagi rahbariyati hamda qo’shni bo’lgan odamlarga tashakkur bildiradi. Ba’zilari o’zbekcha she’rlar o’qiydi. O’zbek xalqini ulug’laydi, o’zbeklar bo’lmaganida biz tirik qolmasdik, umrbod o’zbeklardan minnatdormiz, deydi.

Filmni tomosha qilar ekanman, ho’ngrab yig’lagim keldi. Mana, mening vatamimning haqiqiy qiyofasi. Bu safar uni AQShda yashayotgan amerikalik yahudiylar ko’rsatib bermoqda, deb o’yladim.

Yuqoridagi rasm – filmni suratga olish jarayonidan. Unda bolaligida O’zbekistonga evakuatsiya qilingan yahudiy ayol bilan Vyacheslav Shatoxin suhbatlashmoqda. Kamerani sozlayotgan odam esa – Nabi Razzoqov.

“Bolalikning so’nggi yozi” filmini kengroq jamoaga namoyish qilish tashabbusi bilan chiqqan “Vatandosh” O’zbek-Amerika federatsiyasi bu tadbirga O’zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi vakillarini ham taklif qildi. Tadbir sanasi hozircha ma’lum emas.

Shu bilan birga film Kvinsdagi “Uzoq umr” keksalar markazida 15-mart kuni soat 10:00 da namoyish qilinadi.

 

“Amerika Ovozi” uchun Nyu-Yorkdan

Gulnoza Said