So’nggi haftada O’zbekistonning xalqaro sahnadagi imijini ko’taradigan ikki muhim voqea yuz berdi.

Birinchisi – “Erk” partiyasi faoli, jurnalist Yusuf Ro’zimurodovning qamoqdan ozod etilgani. Ikkinchisi – jurnalist Bobomurod Abdullayev va bloger Hayotxon Nasriddinov ustidan sud ishida misli ko’rilmagan o’zgarish – sudyaning ularga nisbatan qiynoq qo’llanilganiga doir iddaolarni o’rganish haqida hukm chiqarishi bo’ldi.

Ro’zimurodov taqdiri bilan barcha inson huquqlari tashkilotlari qiziqayotgan edi. Ayniqsa 2017-yil fevralida uning safdoshi, “Erk” gazetasini birga chiqargan va muharrirlik qilgan Muhammad Bekjon ozod etilgandan beri “Yusuf qayerda?” degan savol tez-tez so’ralayotgan edi. Vaholanki, Yusuf Ro’zimurodov dunyo bo’ylab qamalgan jurnalistlar orasida eng uzoq panjara ortida o’tirgan muxbir. Ma’lumotlarga ko’ra, u 22-fevral kuni Chirchiqdagi “zona”dan ozod etilgan-u Qashqadaryoga, o’z qishlog’iga ketgan. Uning ozod etilgani haqidagi xabar 2-mart kuni tarqaganidan keyingina bu haqda maqola yozmagan, chiqish qilmagan sayt deyarli qolmadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev hukumati qo’ygan bu qadam uning obro’sini ko’tardi. O’zbekistonda haqiqatdan ham islohotlar amalga oshirilmoqda, degan ishonch kuchaydi. Buni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatish mumkin.

Aynan shu sababdan Toshkentdagi sudga e’tibor yanada oshdi. Chunki Bobomurod Abdullayev, Hayotxon Nasriddinov hamda ular bilan sudlanuvchilar kursisida o’tirgan ikki tadbirkor davlat to’ntaruviga urinishda ayblanmoqda. Jinoyat kodeksining 159-moddasi Islom Karimov davrida hukumatni tanqid qilganlarga nisbatan qo’llanilgan. Avval 5-martga belgilangan sud 7-martga qoldirildi. 7-mart kuni esa hech kim kutmaganda sudya jurnalist, so’ngra bloger advokatlaridan qiynoqlar haqidagi arizani qabul qildi va bu iddaolarni o’rganish kerak, deb hukm chiqardi. O’zbekistonda bunaqasi shu kungacha hali bo’lmagan.

Keyingi qadam qanday bo’larkin, deb hozir hamma diqqatda. Sud keyingi safar yig’ilganida (buning sanasi hozircha noma’lum) qiynoqlar haqiqatan ham qo’llanilgan degan xulosa qilsa, ikkala jurnalistni ozod qilish kerak bo’ladi. Ularga qo’shib ikki tadbirkorni ham. Bu bilan O’zbekistonning inson huquqlari bobidagi imiji ko’p karra oshadi. Vaqt ko’rsatadi.

Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?

Gaplashamiz.