Prezident Shavkat Mirziyoyevning to’ylarni ixchamlashtirish kerak, degan gapi yangi emas. Bunday da’vatlar ilgari O’zbekistonda ham, boshqa davlatlar, masalan, Tojikistonda ham yangragan.

Bu safar Mirziyoyev e’tiborni, xususan, to’ylarga boradigan davlat mansabdorlariga qaratdi. Agar to’yxona oldida bunday mansabdor avtomashinasini ko’rsa, ishdan haydashi va hatto jinoiy javobgarlikka tortishini bildirdi. “G’odayib” to’yxonaga kirib boradigan mansabdorlarga esa buning o’rniga muhtojlarga go’sht sotib olib berishni yoki uyini remont qilishni tavsiya qildi.

To’y qilaman deb qiynalib qolgan odamga yordam berishni istagan Mirziyoyev rejasiga ko’ra, bundan buyon to’ylarga ko’p mehmon chaqirish man qilinadi va to’ylarni kunduzi o’tkazish kerak.

Bu bayonot ko’plarni suyuntirdi. Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatsangiz, “Prezident, barakalla” deyayotganlar talay.

O’zbeklarning “boshqalardan qolishmaylik” deb qarzga botsa ham, hashamatli to’y o’tkazishi o’zbeklar o’zining joniga tekkan. Lekin bunda kimning aybi bor? Nima sababdan to’y kabi nihoyatda shaxsiy masalaga davlat rahbari aralashishi kerak? Buni aslida to’y qilayotgan ota-onalar va turmush qurayotgan yoshlar hal qilmaydimi?

Nazarimda, Mirziyoyevning niyati ezgu. U to’y qilaman deb og’ir moliyaviy ahvolga tushib qolayotgan odamlarga yordam bermoqchi. Lekin uslub yana noto’g’ri. Chunki davlat rahbari va boshqa hukumat amaldorlari odamlarning shaxsiy hayotiga aralashmasligi kerak. Bu erkin jamiyatning eng asosiy tamoyillaridan biri. Salbiy, qoloq an’analarga qarshi iqtisodiy yo’l bilan kurashish lozim.

Biroq bu holda masalaning iqtisodiy tomoni to’la o’rganilmagan ko’rinadi.

Avvalambor, amaldorlarning davlat ishidan tashqari yuritadigan biznesini soliq deklaratsiyalari orqali to’la bayon etishi va bu bizneslardan soliq to’lashini kafolatlash kerak. Iqtisodiyotning “qora” va “kulrang” qismlarini to’la shaffoflashtirish va qonuniylashtirish zarur. Boylar boyib, kambag’allar yanada kambag’allashmasligi va xorijga ish izlab ketmasligi uchun boylar daromadidan soliq to’lashi va kambag’allarga davlat byudjetidan yordam ajratilishi lozim. Shunda boy va kambag’allar orasidagi tafovut kamayadi. Qarabsanki, hashamatli to’yni havas qilgan ota-ona o’g’li yoki qizini orzu qilgandek uylantirib, uzatadi. Chunki bunga qurbi yetadigan bo’ladi. Bugunda esa bunga faqat boylarning qurbi yetyapti.

Ikkinchidan, O’zbekistonda to’y – katta biznes. Unashish, fotiha, to’y, challari kabi an’analar orqali respublika bo’ylab ming-ninglab odam daromad ko’radi. Bozorda mato deysizmi, kiyim-kechak va poyafzal deysizmi, qo’y yoki mol deysizmi, oziq-ovqat va ichkiligu-ichimlik deysizmi, gullar yoki zargarlik  buyumlari deysizmi – butun biznes ahli to’y mavsumini kutadi. Shulardan tortib to ovqat pishiradigan ayollar, non yopadigan erkaklargacha, liboslar tikadigan qizlardan tortib bozorda arava tashiydigan o’smir bolalargacha – hammasi to’y mavsumini kutadi. Chunki aynan shu mavsumda to’ylar ortidan daromad keladi.

Rasmiy statistika yo’q, ammo taxmin qilsak, O’zbekiston ish kuchining katta qismi aynan to’ylar orqasidan tirikchilik qilishi, ro’zg’orini tebratishi aniq.

To’ylar kichraysa, biznes ham kichrayadi. Daromadi kamaygan odamlar nima qiladi? Yana Rossiyaga yo’l oladimi? Buni ezgu niyatli prezident va davlat amaldorlari o’yladimikan? Iqtisodning “o’tirib” qolmasligini ta’minlash uchun ularning muqobil rejalari bormikan?

Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?

Gaplashamiz.