Nyu-Yorkdagi Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi 2-aprel kuni o’zining “Matbuotni ozod eting” (#FreeThePress) kampaniyasini boshladi. Maqsad – kasbiy faoliyati uchun qamalgan besh nafar jurnalistni ozod eting, deya hukumatlarga murojaat qilish, bong urish. O’z mamlakatidagi vaziyatni qo’rqmasdan tanqid qila olgan va buning uchun panjara ortiga tushgan besh jasur va dovyurak jurnalist orasida qirg’izistonlik Azimjon Asqarov ham bor. Qolgan to’rt nafari Turkiya, Misr, Kongo respublikaci va Xitoydan.

U 2857 kundan buyon qamoqda qolmoqda

Azimjon Asqarov millati o’zbek, Qirg’izistonning Bozor-Qo’rg’onidan. Mamlakat janubida jurnalistika va inson huquqlarini himoya qilish bilan shug’ullangan. 2010-yil yozida qirg’iz va o’zbeklar orasidagi qonli to’qnashuvlarni hujjatlagan, ular haqida reportajlar qilgan, o’zbeklarning huquqlari toptalayotgani haqida baralla gapirgan. Buning evaziga o’sha yili qamoqqa olingan va umrbod qamoq jazosiga hukm etilgan.

Bu insonning begunohligini BMT ham tasdiqlagan.

2016-yilda BMT Inson huquqlari qo’mitasi ishni obdon o’rganib chiqib, Qirg’iziston rahbariyatiga jurnalistni ozod etish kerakligini aytgan. Ammo Qirg’iziston sudi ishni qayta ko’rib chiqib, 2017-yil yanvarida umrbod qamoq jazosini kuchda qoldirdi. Xalqaro hamjamiyat Qizg’izistonni bunday qaror uchun keskin tanqid qildi. Shunga qaramay, Azimjon Asqarov hamon qamoqda. Biz ham bu haqda bir necha marta gaplashgan edik.

Jurnalistni qo’llab-quvvatlang, unga maktub yo’llang

Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi vebsaytiga kirsangiz, Azimjon Asqarovga uning rasmi tushirilgan otkritkani tanlashingiz va jurnalistga qog’ozda yozilgan yoki elektron shakldagi xat yuborishingiz mumkin.

Otkritka mana bu:

CPJ/Jack Forbes

Buning uchun mana bu link orqali vebsaytga kirasiz-da, “Dear Azimjon” (Qadrli Azimjon) degan joyida o’z maktubingiz matnini qoldirishingiz mumkin. Ism-sharfingiz, mamlakatingiz va elektron pochtangiz so’ralgan qismini to’latish ixtiyoriy.

Gaplashamiz.