Butun dunyo bo’ylab chekinayotgan demokratiya bilan tobora kuchayib borayotgan avtoritarizm shu kunlarda Armanistonda, asosan poytaxt Yerevanda to’qnashdi. Minglab odamlar ko’chalarda. Ma’lumotlarga ko’ra, to’qnashuvlarda o’nlab odamlar jarohatlangan, ular orasida aksariyat – namoyishchilar, ammo politsiya zobitlari ham bor.
Talash nima ustidan?
2-mart kuni Armanistonda yangi prezident saylandi. Bu lavozimga Armen Sarkisyan loyiq deb topildi.
Ammo uni xalq saylamadi. Mamlakat mustaqillikka erishganidan beri ilk bor prezident saylovlari bevosita bo’lmadi, prezidentni parlament – Milliy majlis sayladi. Bunday o’zgarish konstitutsiyaga 2015-yilda o’sha vaqtdagi prezident Serj Sarkisyan tashabbusi bilan kiritilgan edi.
Aynan o’sha o’zgarishga ko’ra, shu paytgacha prezidentlik respublikasi bo’lgan mamlakat parlament respublikasiga o’zgardi. 2008-yildan beri davlatni boshqargan va so’nggi prezidentlik muddatini yakunlagan Serj Sarkisyan esa bosh vazirlikka da’vo qildi va aynan shu namoyishlarga sabab bo’ldi. Bu ham o’sha uch yil avvalgi o’zgarishda ko’zda tutilgan. Ya’ni saylov – xo’ja ko’rsinga, rahbar esa o’sha-o’sha qoladi.
Xalq Serj Sarkisyanning hokimiyatda qoplishiga qarshi. Namoyishlarga sabab aynan shu.
Namoyishchilar nimani istaydi?
Talablar umumiy, “avtoritar hokimni istamaymiz”, qabilidagidan tortib konkret iqtisodiy va ijtimoiy talablargacha. Masalan, oylik maoshlarni ko’tarish, ishsizlikni kamaytirish kabi.
Siyosiy rahbariyat
Armen va Serj Sarkisyanlarning familiyasi bir bo’lsa-da, ikki siyosatchi qarindosh emas.
64 yoshli Armen Sarkisyan – yangi prezident, kelasi yetti yilga saylandi. O’tmishda Britaniyaning nufuzli Kembrij universitetida fizikadan dars bergan, uzoq muddat Armanistonning Britaniyadagi elchisi bo’lib xizmat qilgan, Yevropaning boshqa mamlakatlarida ham diplomatik vakolatxonalarda ishlagan.
Serj Sarkisyan 2007-yilda bosh vazir, 2008-yildan buyon esa prezident bo’lgan. Uning tarafdorlari Tog’li Qorabog’ mojarosida Ozarbayjonga yutqazmaganimizning sababi aynan Serk Sarkisyan tufayli, uning yutug’i, deydi. Ma’lumki, Tog’li Qorabog’ – ikki davlat orasida talash hudud, rasman Ozarbayjonga tegishli, ammo armanlar tomonidan boshqariladi, aholisi ham hozirda armanlar. Vaqti-vaqti bilan chegarada otishma kuzatiladi, ya’ni mojaro faol, “muzlagan” emas.
Aholisi bor-yo’g’i 3 millionga teng Armaniston shu kunga qadar demokratik bo’lib kelgan, saylovlar erkin va adolatli, matbuot ham erkin. Namoyishchilar orasida esa “Ozarbayjonga aylanmaylik” degan shiorlarni ko’rish mumkin. Bu esa avtoritar tuzumga aylanmaylik, degani. Endi o’zgarish qaysi tarafga bo’lishini vaqt ko’rsatadi.
Gaplashamiz.