Ekssentrik shaxs

Uning shaxsiy oroli va o’zi ixtiro qilgan kripto-valyutasi bor. U “Matritsa” filmidagi Keanu Rivz qahramonidek qora kiyim kiyib yuradi. Vaqti-vaqti bilan esa internetda o’zining yarim-yalang’och rasmlarini chop etishni ham xush ko’radi va bu Rossiya prezidenti Vladimir Putinga taqlid deydi.

U ixtiro qilgan messenjerdan yaqingacha Kreml xodimlari va Eron ruhoniylari foydalangan. Messenjer serverlari qaysi davlatda joylashganini hech kim aniq bilmaydi. Messenjerdan esa dunyo bo’ylab 200 million odam foydalanadi. U – 33 yashar, asl sankt-peterburglik Pavel Durov. Messenjer esa – Telegram.

Telegramga taqiq

Rossiya sudi 13-aprel kuni mamlakat bo’ylab Telegramni taqiqlash haqida ajrim chiqarganidan buyon internetni nazorat qiladigan idora – Roskomnadzor 18 milliondan ziyod ay-pi (IP) adresni blokladi, lekin Telegram foydalanuvchilari soni kundan-kunga oshib bormoqda.

Durov va Rossiya hukumati o’rtasidagi bu kurash boshlanganiga ancha bo’ldi. Hukumat internetni nazorat qilish maqsadida Durovdan Telegramni shifrlaydigan kodlar – “kalit”larni so’radi. Bu bilan terrorizmning oldini olamiz, deb aytdi. Durov har safar bu talabga rad javobini berdi. Roskomnadzorga esa xazil sifatida ikki oddiy kalit yubordi va shifrlarga kalitning o’zi yo’qligini, texnologik jihatdan ularni kimgadir uzatishning imkonsizligini aytdi. Terrorchilikda ayblangan odamlarning yozishmalarini berishimiz mumkin, ammo ularning terrozimdagi aybi sud oqarli isbotlanganidan keyingina. Biroq boshqalarning yozishmalarini bermaymiz, axir Rossiya Konstitutsiyasi shaxsiy yozishmalar sirini kafolatlaydi, dedi Durov.

Maqsad nima?

13-apreldan buyon esa Telegram va uning qog’ozdan yasalgan aeroplan belgisi erkinlik siymosiga aylandi. 19-aprel soat 19:00 da Rossiyaning kattayu-kichik shaharlarida odamlar qog’oz aeroplanlarini havoga uchirdi. Ularni bunga Durovning o’zi chorladi. 30-aprel kuniga muxolifat rahbari Aleksey Navalniy mamlakat bo’ylab Telegram himoyasi o’laroq katta namoyishlar rejalamoqda.

Durovni rossiyalik Mark Zukerberg deyishadi. U Rossiyada “Facebook” tarmog’idan ham mashhurroq “VKontakte” tarmog’ini yaratganlardan biri. 2008-yilda “VKontakte”ni Durovdan tortib olishgan, so’ngra Durovning o’zi ham Rossiyani tark etgan. Akasi Nikolay bilan birgalikda Telegramni yaratgan. “VKontakte”ning hozirgi egasi – kelib chiqishi o’zbek, Putinga yaqin oligarx Alisher Usmonov. Rossiya Telegramni ham tortib olishga urindi, ammo Durov ilgarigi tajribasidan saboq chiqarib, serverlarini Rossiyadan tashqariga olib chiqib ketgan. Ularni goh Kaliforniyada joylashgan deydi, goh Germaniyada, goh Dubayda. Aniq joyini hech kim bilmaydi. Durov uchun bu xavfsizlik masalasi ekani aniq.

Yaqindan beri esa u o’z kripto-valyutasini yaratgani haqida gapirib keladi. Valyuta nomi – “Gram”.

Ayrim manbalar fikricha, Roskomnadzor harakatlari aslida davlat tasarrufidan tashqarida valyutaning ixtiro etilishiga qarshi qaratilgan. Rossiyaning FSB xavfsizlik agentligi xodimi aynan shuni yozgan xatni RBK axborot agenligi chop etdi.

Global messenjer 

Bu harakatlar Telegramni Rossiyada yanada mashhur qilmoqda. Bungacha Durov vatanida boshqa messenjerlar, masalan, WhatsAppdan foydalanadiganlar ko’proq edi. Hozirda Rossiyada Telegram foydalanuvchilari soni 20 million odamga yetib qoldi. Eron va O’zbekistonda bu messenjer allaqachon birinchi. Eronda undan 40 milliondan ko’proq odam foydalanadi. Malayziya va Estoniya kabi davlatlarda ham bu messenjer eng ko’p foydalanuvchiga ega. Telegramga taqiqdan beri Qozog’iston va Qirg’izistonda ham undan foydalanayotganlar soni oshib bormoqda. Telegram yordamida odamlar nafaqat yozishadi, fikr almashadi, balki biznes yuritiladi. Masalan, Eronda dekabr va yanvar boshida norozilik namoyishlari bo’lgan vaqtda namoyishchilar aynan Telegramdan foydalandi. Hukumat mesenjerni yopishga urindi, ammo uddasidan chiqmadi. Ayni vaqtda ko’plab bizneslar daromad yo’qotdi. Rasmiy Tehron esa Durovga Eronga kirishni taqiqlab qo’ydi.

“Inson huquqlari qo’rquv yoki pul evaziga toptalmasligi kerak”, deydi Durov.

Rossiya hamda boshqa o’lkalarda hukumatga qarshi chiqqan odamlar kam emas. Lekin Durov bunday qilgan birinchi internet-shaxs. Hozircha hukumat va Telegram o’rtasidagi kurashda messenjer ustun kelmoqda. Odatda bunday kurashda avtoritar hukumatlar g’alaba qozongan. Xitoy bunga bir misol. Xo’sh, bu kurashda ham hukumat ustun keladimi yoki Durov va Telegram foydalanuvchilari g’olib chiqadimi?

Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?

Gaplashamiz.