Kremlning propaganda mashinasi bo’lgani bois AQShdan quvilgan va Yevropadan quvilish arafasida turgan “Russia Today – Россия Сегодня” telekompaniyasi O’zbekistonda televizion kanal ochmoqchi. Bu haqdagi xabarni ba’zilar olqishlagan bo’lsa, boshqalar payqamadi, chamasi. Afsus, chunki bu telekanal, aytganimdek, Rossiya davlati targ’ibotidagi millionlab dollar mablag’ sarflanadigan eng katta qurollaridan biri.
Shu oyning o’rtalarida “Rossiya Segodnya” kanalining qariyb 32 million odamga teng aholiga ega O’zbekistonda ochilishi haqida O’zbekiston axborot va kommunikatsiya vazirligi xabar tarqatdi.
Shu paytgacha bu kanal G’arbni yomonlash, Ukraina va Gruziya kabi Kreml tasarrufidan chiqqan mamlakatlarga mag’zava to’kish bilan tanilgan. Bu telekanal orqali, shuningdek, G’arbing ahloqsizlik botqog’iga botkani aytiladi, demokratik amaliyotlar yomonlanadi, muhojirlarga qarshi gaplar gapiriladi va hatto oilaviy zo’ravonlik oqlanadi. Bu telekanalda ishlaydigan odamlar o’zini jurnalist deb ataydi, lekin aslida haqiqiy reportajlar tayyorlash o’rniga fotoshop va boshqa texnologiyalar yordamida o’zgartirilgan surat va yolg’on videolarni tarqatadi. Rossiyaning aslida katta bo’lmagan harbiy salohiyatini ko’z-ko’z qilish va Suriyadagi urushda Rossiya go’yoki erishayotgan “g’alaba”lar haqida bong urishda esa “Rossiya Segodnya”ga teng keladigani yo’q.
Eng qizig’i, aynan shu oylarda Ozarbayjon va hatto aholisi orasida ruslar ko’p Qozog’istonda rasmiylar va oddiy odamlar Rossiya televideniyesiga qarshi fikrlar bildirmoqda. Hatto azaldan Rossiyaning hamkori bo’lib kelgan va jajjiligi sababli Rossiyadan qochib qutula olmaydigan Armanistonda ham Rossiya televideniyesiga qarshilar kam emas.
Mening tasavvurimda, tomoshobinlari soni tobora kamayayotganini payqagan “Rossiya Segodnya” rahbari Margarita Simonyan Prezident Putinga unga ajratilayotgan millionlab mablag’ni oqlash uchun “Vladimir Vlaidmirovich, mana, O’zbekistonda kanal ochamiz!” deb ko’ksiga urgandek.
Bu xabar qatorida 9-may kuni yaqinlashar ekan Georgiy lentasi targ’iboti kuchaygani bilan bir vaqtda Toshkent metropolitenida sovet askarlari formasini kiyib, “Katyusha” qo’shig’ini aytib, raqsga tushgan guruh paydo bo’lgani haqdagi xabarlarni ko’rdim va ishqilib o’zbegim yana rusni “buyuk og’a” demasaydi, dedim.
Nahotki, O’zbekistonning 32 million odami orasida yaxshi, mazmunli, sifatli, qiziqarli televideniye yaratishga qodir odamlar yo’q ekan, degan savol tug’ildi. Nahotki, Rossiyaning propagandasiga kunimiz qolgan bo’lsa?
Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?
Gaplashamiz
Rossiya TVlarida qanday qiziqarli ko’rsatuvlar bor ekanki, O’zbekistonda kanal ochmoqchi bo’lsa?. O’zini hurmat qilgan odamlarga aytardimki, ruslarni TVsi axloqsiz, madaniyatimizga to’g’ri kelmaydi. Dushmanlarini yomonlashdan charchamaydi.