Bir necha yildan buyon 9-may arafasida va undan keyin O’zbekistondagi Rossiya elchixonasi o’zbekistonliklar orasida Georgiy lentasini tarqatadi. Ko’plar uni ko’ksida taqib yuradi, ayrimlar avtomobili antennasiga bog’lab qo’yadi. Qora va olov rangdagi bu lenta Sovet Ittifoqining fashistlar Germaniyasi ustidan g’alaba ramzi sifatida targ’ib etilmoqda. Ammo, afsuski, lentaning asl tarixi, ahamiyati va Rossiyaning targ’iboti ortidagi haqiqiy sabablarini tushunadiganlar o’zbekistonliklar orasida kamga o’xshaydi.

2005-yilda bir necha yigit Moskva ko’chalarining birida, RIA Novosti axborot agentligi binosi oldida stol qo’yib, Georgiy lentalarini sota boshlaydi. Lekin odamlar uni sotib olishga shoshmaydi. Shunda yigitlar lentalarni tekinga tarqatishga qaror qiladi. Bu – g’alabamiz ramzi, deydi. Tarixchilar miyig’ida kuladi. Axir bu lentaning aslida chor Rossiyada beriladigan harbiy mukofot bilan bog’liqligini ular yaxshi tushungan. Shuningdek, Ulug’ Vatan Urushi paytida fashistlar Germaniyasi tarafiga o’tgan general Vlasov va unga o’xshagan harbiylar, aniqrog’i sotqinlar ham bu lentani taqqanini aytadi tarixchilar. Ko’p o’tmay lenta davlat idoralari tomonidan tarqatila boshlaydi, shu jumladan elchixonalar orqali xorijiy mamlakatlar, jumladan O’zbekistonda ham.

Sovet davrida bolg’a va arpadan tortib turli kanallar va BAM qurilishigacha – siymolar ko’p bo’lgan. Mustaqillik davrida davlat mafkurasi yangi siymolarni yaratishga kirishdi. Masalan, O’zbekistonda Amir Temur ham bir siymoga aylandi. Bugunga kelib faqat ikki baho oladigan o’quvchi ham Amir Temur nomini biladi, “Temur tuzuklari” haqida eshitgan.

O’zbekistonga qaraganda Rossiyada avvaliga siymolar kamroq edi. Prezident Vladimir Putin hokimiyatini mustahkamlamoqchi bo’lgan Kreml bu bo’shliqni to’ldirishga kirishdi. Georgiy lentalari aslida fashistlar Germaniyasi ustidan g’alaba ramzi emas, Kremlning sobiq sovet respublikalarini ta’sir doirasiga qaytarishga qaratilgan urinishi siymosidir.

Ko’pgina ma’lumotni Rossiya ommaviy axborot vositalaridan oladigan o’zbekistonlik Georgiy lentasini ham ko’ksiga taqishga shoshildi. O’zini vatanparvar sezdi. Aniqrog’i rossiyaparvar. Chunki ayrimlar O’zbekistondan ko’ra Rossiya fuqarosi bo’lishni afzal ko’rardi, agar tanlov bo’lsa. Boshqalar esa befarosatligidan shunday qila boshladi.

Zotan, urushda qatnashgan ota-bobolarimizdan so’rang-chi, ular Georgiy lentasini taqqanmikan. Bundan amaliyot bo’lmagan. Men yoshligimda har yili 9-may arafasida sinfdoshlarim bilan urush faxriylarini borib ko’rardik yoki ularni maktabga taklif qilardik. Ular biz, bolalarga, janglar haqida hikoya qilardi. Ko’ksida medallar bo’lardi. Georgiy lentasi emas.

Bu yil metroda sovet askarlari formasini kiyib, “Katyusha” qo’shig’ini aytib yurgan musiqa guruhi haqida xabarlarni eshitgandirsiz. O’tgan yili Toshkentda “Katta polk” aksiyasi ham o’tkazildi. Bu ham Kreml targ’ibotidagi bir siymo. Aslida u 2011-yilda Rossiyada, Krasnoyarsk jurnalistlari tomonidan ilk bor o’tkazilgan edi. Ko’ksiga Georgiy lentasini taqqan, qo’lida Ulug’ Vatan Urushida halok bo’lgan bobolari rasmini ko’targanlar birga yig’ilish an’anasi boshlandi. Ko’p o’tmay bunday rasmlar maxsus tayyorlanadigan va Rossiyada do’konlarda sotiladigan bo’ldi. Mana uch yildir-ki, turli shaharlarda sovet askarlari aks etgan oq-qora rasmlar “Katta polk” marshlaridan keyin musorga tashlab ketilgani tasvirlangan rasmlar tarqalmoqda. Ya’ni “urushda g’alaba qozongan askarlar” rasmlari haqiqiy emas, ommaviy tarzda ishlab chiqarilayotgan targ’ibot plakatlari.

Sobiq Sovet makonida ayrim davlatlar bunday aksiyalar va Georgiy lentasini rasman taqiqladi. Masalan, Ukrainada o’tgan yilning 16-mayida bunday taqiq kuchga kirgan edi. Gruziyada sovet simvolikasi anchadan buyon man qilingan. Ayni vaqtda Rossiya bilan yaqin aloqalaga ega Belarus, Qozog’iston va Qirg’izistonda 9-may kuni Georgiy lentasi o’rniga o’z bayroqlari rangidagi lentalarni taqib chiqqan odamlar ko’paymoqda.

O’zbekistonda ham shunday qilish kerak. Georgiy lentasi o’rniga O’zbekiston bayrog’i ranglaridagi lenta taqaylik, agar siymolarni yaxshi ko’rsak. Eng yaxshisi, yildan-yilga kamayib borayotgan urush faxriylarini ziyorat qilaylik, hurmat va ehtirom ko’rsataylik, sovg’a-salomlar olib boraylik, bir gal bo’lsa-da og’irini yengil qilaylik.

O’zbekistonlik do’stlaringiz bilan bir gaplashing-a. Har bir do’stingiz va tanishingizda Ulug Vatan Urushida qatnashgan qarindoshi bor. Biz ham g’alabaga katta hissa qo’shganmiz. Qolaversa, SSSR zavod va fabrikalari O’zbekistonga evakuasiya qilinganida u yerda, biz, o’zbekistonliklar ishlaganmiz. Boshqa o’lkalardan kelgan odamlarni quloch ochib kutib olganmiz; yetim bolalarni bag’rimizga bosganmiz; nonning bir parchasini o’zimiz yesak, boshqasini rus, ukrain, moldovan, belarus, qrim-tatar, yahudiy, grek, gruzin, ozariy va boshqalarga, millati yoki dinini ajratmay, berganmiz.

G’alabaga qo’shgan hissamiz bilan faxrlanishimiz kerak, lekin fahm-farosat bilan. Tekinga berilayogan lentani tezda ko’ksimizga taqib emas, balki o’ylab, uning tarixi bilan qiziqib. 27-yildan buyon mustaqil davlatmiz. Tariximiz esa yuzlab asr davom etmoqda. Keling, G’alaba kuniga O’zbekiston bayrog’ini lenta qilib, ko’ksimizga taqaylik. Sovetlar siymosini emas.

Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?

Gaplashamiz.