17-may kuni qirg’izistonlik jurnalist va inson huquqlari himoyachisi Azimjon Asqarov 67 yoshga kirdi. Ulug’ yoshni u oilasi, turmush o’rtog’i, farzandlari va nabiralari bilan birga emas, qamoqda kutib oldi. Mana sakkiz yildirki Azimjon aka panjara ortida qolmoqda.

Azimjon Asqarov ishi Qirg’iziston imijidagi eng katta dog’

Asqarov Qirg’iziston janubida ko’p yillar davomida inson huquqlarini himoya qilgan, reportajlar tayyorlagan. Qirg’izni o’zbekdan ajratmay, kimning huquqlari toptalgan bo’lsa, shunga yordam berishga harakat qilgan.

2010-yil yozida mamlakat janubida irg’iz va o’zbeklar o’rtasida qonli mojaro boshlanganida ham ishini davom ettirgan. Ammo rasmiylar uni qatori jinoyatlar, shu jumladan qirg’iz millatiga mansub militsiya zobitining o’ldirilishida aybdor deb, qiynoqqa soldi, soxta ko’rsatmalar to’pladi, odamlarni o’zbeklarga qarshi battar gij-gijladi, sud o’tkazdi, faolga umrbod qamoq jazosi belgiladi, deya menga hikoya qilgan Asqarovning oilasi. Ularning iddaolarini xalqaro tashkilotlar ham tasdiqladi. BMT ishni obdon o’rganib, 2016-yilda Asqarovni ozod etish kerak dedi.

Qirg’iziston esa 2016-yil oktabrida xo’ja-ko’rsinga yangi sud ishi boshladi, lekin 2017-yil yanvar oxirida Chuy viloyat sudi yana umrbod qamoq jazosini kuchda qoldirdi.

Asqarov qamoqda kitob yozdi

Asqarovning asl kasbi rassom. Qamoqda u rasmlar chizadi. Mana endi esa kitob yozdi. Kitobning nomi “Men baxtliman”.

Bundan bir muncha vaqt oldin Asqarovning o’g’li menga murojaat qilib, kitobni chiqarishda yordam berishni so’ragan edi. Afsus, men yordam bera olmadim. Buning imkonini topolmadim. Ammo imkoniyatlari mendan-da ko’proq tashkilotlar bor, shu bois kitob kam nusxada bo’lsa-da nashrdan chiqdi.

Azimjon Asqarov o’zini baxli hisoblaydi, chunki meni shuncha odam himoya qilishda davom etyapti, deydi u. Kitob – memuar, Asqarovning Toshkentda rassomchilik o’quv dargohida tahsil olgani va bo’lajak umr yo’ldoshi Xadichani uchratganidan tortib, 2010-yilda Qirg’iziston janubidagi talafotli to’qnashuvlar va qamoqdagi davr haqida xotiralari kiritilgan.

Azimjon Asqarov – siyosat qurboni

Qirg’iziston hukumati o’zining xatolarini yashirish maqsadida uni jinoyatchiga chiqargan. So’nggi yillarda mamlakatda millatchilik kuchayar ekan, Asqarovni qutqarish imkoni kamaymoqda.

Asqarovning umr yo’ldoshi Xadicha aya 2010-yildan beri uning himoyasida turibti va nafaqat Bozor-qo’rg’on va Bishkekdan, balki Jenevaning eng baland minbarlarida turib turmush o’rtog’ini himoya qilib keladi. So’nggi 8 yil ichida u o’zi huquq himoyachisiga aylandi.

O’zbekistondan madad

Yaqinda Xadicha aya Qirg’izistonning 2017-yil oktabrida saylangan Prezident Sooronbay Jeenbekovga murojaat qildi va Asqarovni ozod etishni so’radi. Hozircha bu so’rovdan natija yo’q. Xadicha aya O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ham murojaat qildi.

Markaziy Osiyo davlatlari o’rtasidagi aloqalarni mustahkamlashni o’zi uchun ustuvor yo’nalish deb belgilagan Mirziyoyev Asqarovni ozod etishni Jeenbekovdan talab qilishi kerak. Keng ma’noda esa u xorijiy mamlakatlarda yashaydigan etnik o’zbeklarning eng katta himoyachisiga aylanishi lozim. Xuddi Rossiya O’zbekiston va boshqa respublikalarda yashaydigan etnik ruslarni himoya qilganidek. Chunki shu paytgacha xorijdagi o’zbeklar xuddi yetimdek himoyasiz. Qirg’iz rasmiylari o’z-o’zidan, birgina Xadicha ayaning gaplari bilan Asqarovni ozod etimaydi. Hatto BMT va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar talablariga ham javob bermagan.

Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?

Gaplashamiz