O’tgan hafta ko’plarni karaxt ahvolga solgan bir xodisa ro’y berdi. U xuddi teatr sahnasida qo’yiladigan pyesa yoki Gollivudning eng zo’r blokbasterlaridagi ssenariy asosida yozilgandek edi. Ammo real hayotda yuz berdi.

29-may kuni Ukraina poytaxti Kiyevda rossiyalik jurnalist Arkadiy Babchenko o’ldirib ketilgani haqida xabar tarqaldi. U o’z kvartirasida orqasiga uch o’q yegani, uning qonga botgan tanasini qotillik paytida vannaxonada bo’lgan turmush o’rtog’i topgani haqida Ukraina rasmiylari xabar berdi.

Babchenko tez yordam mashinasida kasalxonaga yetkazilmay turib, jon berdi, dedi davlat rasmiylari, va qotillik ortida Rossiya maxsus xizmatlari turganini ta’kidladi.

Bunga hech kim shubha qilmadi. Zotan, Babchenko Kreml va Putinni, qolaversa Rossiyaning 2014-yilda Qrimni bosib olganini ko’p tanqid qilgani bilan tanilgan. Aynan shunday keskin tanqidi uchun 2017-yilda vatani Rossiyani tark etishga majbur bo’lgan va Chexiya poytaxti Pragada biroz yashaganidan so’ng Ukrainaga ko’chib borgan. Bundan tashqari, so’nggi ikki yilda Kiyevda yana bir tanqidiy jurnalist Pavel Sheremet hamda Rossiya Dumasining Kremlga qarshi chiqqan deputati Denis Voronenkov ham qotillar qo’liga uchragan.

Babchenko o’limi haqdagi ilk xabarlar chiqqach men ijtimoiy tarmoqlarda uni shaxsan tanigan jurnalistlarning marhum haqidagi fikrlarini ko’p oqidim. Hamma motamda edi. Motam chuqur edi. Babchenkoning dovyurakligi haqida gapirildi. Ayrimlar u tilini tiyishi kerak edi, Kreml dushmanlari bilan pachakilashib o’tirmasligidan xabari bor edi-ku, dedi.

Bir sutka o’tar-o’tmas Kievda matbuot konferensiyasi uyushtirildi. Unda esa soppa-sog’ Babchenko paydo bo’ldi (yuqoridagi rasmda aynan uning matbuot konferensiyasiga yig’ilganlar oldiga chiqib kelishi tasvirlangan). “Qotillik” boshdan oxirigacha yolg’on ekani aytildi. Ukraina xavfsizlik xizmati (SBU) rasmiylari Babchenko va yana o’nlab odamlarga qarshi suiqasd tayyorlanayotgani haqida ma’lumot olinganidan keyin mana shunday maxsus operatsiya o’tkazish va qotillikni soxtalashtirib, jinoyatchilarni qo’lga tushirishga qaror qilingani haqida gapirdi.

Babchenkoning tirikligini eshitib, xursand bo’ldim, albatta. Axir inson hayoti saqlab qolindi! Lekin Ukraina xavsizlik xizmatiga “barakalla” deyishga shoshmadim. Jurnalist tirik, lekin bu o’yinda haqiqat qurbon bo’ldi.

Nahotki jinoyatchilar kimligi aniq ekan, ularni bunday postanovkasiz qo’lga tushirishning iloji yo’q edi? Nahotki jurnalist hayotini saqlab qolishning yagona yo’li – uni cho’chqa qoniga belab, (ha, aynan shunday qilingan!) oldindan teshilgan mayka qiydirib, o’likxonaga olib borish edi?

Aynan mana shu savollarni berayotganlar – bir tomonda, Babchenkoning tirikligi masalaning ma’naviy jihatlaridan ham afzal, deyayotganlar esa boshqa tarafda. Jamoatchilik ikki guruhga bo’lindi.

Qolaversa, davlat xavfsizlik xizmati bilan hamkorlik qilgan jurnalistni jurnalist deyishda davom etish to’g’rimi, axir jurnalist doim, har bir vaziyatda 100 foiz xolis bo’lishi kerak, deyayotganlar bor.

Men esa, yuqorida aytilganidek, haqiqat bilan o’ynashib bo’lmaydi, degan fikrdaman. Jurnalistni o’ldiga chiqarish shart emasdi, agar boshqa yo’l qolmagan bo’lsa, Ukraina rasmiylari jamoatchilikka buning isbotini taqdim etishlari kerak.

Chunki bundan buyon yana bir jurnalist yoki boshqa dissident o’limi haqida xabar chiqsa – zotan, ikki davlat o’rtasidagi urush davom etar ekan, bunday xabarlar, afsus, chiqaveradi – bunday gapga ishonmaganlar ko’payaveradi. Qotillik haqiqat ekani isbotlangunicha, vaqt boy berilib, qotillar qo’lga tushishi ehtimoli kamayaveradi.

Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?

Gaplashamiz