Nima sababdan Vladimir Lenin bizning dohiyga aylandi, bosmachilar esa haliyam dushman sanaladi, degan savolni o’rtaga tashladi bir tojikistonlik yosh olim.
Dilshod G’oybullayev ismli tarixchi-aspirant Markaziy Osiyodagi barcha muammolarda aynan bolsheviklar aybdor, ular ko’plab tojiklarni o’ldirgan, bu sir saqlangan; agar men rahbar bo’lsam, bolsheviklarga emas, bosmachi deb atalgan odamlarga haykal o’rnatardim, deya fikr bildirdi va “bosmachilar”ni haqiqiy xalq qahramonlari, vatanparvarlik ramzi, deb atadi.
U bunday fikrni maktub shaklida “SSSR” nomli mahalliy gazetaga yo’lladi.
Gazeta esa mushtariyning bu sharxini bosib chiqardi. Bu fikr ham boshqa fikrlar kabi e’tiborga loyiq, degan bo’lsa kerak 10 yildan buyon chiqadigan mustaqil gazeta tahririyati.
Lekin Tojikiston rahbarlari tahririyat niyatini noto’g’ri tushungan ko’rinadi. Chunki ular 10 yildan buyon Tojikiston va boshqa sobiq sovet respublikalaridagi vaziyatni yoritib kelayotgan nashrni yopishni buyurdi. Gazeta bosh muharriri hamda ishchilari esa prokuraturaga so’roqqa chaqirildi. Bu haqda batafsil mana bu yerda (rus tilida) o’qishingiz mumkin.
Sentabr oyida 10 yillik yubileyni nishonlaymiz deb turgan gazeta xodimlari endi arosatda, o’nlab odam ishsiz, taqdiri nima bo’lishini bilmaydi.
Aslida esa gap bosmachilar haqidagi fikrni bosib chiqganlikda emas, deydi masala bilan yaqindan tanish odamlar.
Asl sabab – gazetada chiqqan boshqa tanqidiy bir maqolada. Maqola Moliya vaziri Abdusalom Qurboniyonga bag’ishlangan. To’g’ri-da, bosmachilar yo’q bo’lib ketganiga 100 yildan oshdi, vazirlar esa shundoq yonimizda, ularning ishi hammaga ta’sir qiladi. Boshqa ko’pgina o’lkalar kabi Tojikistonda ham vazirlar tanqidni yoqtirmaydi. Jurnalistlarning tilini tiyishning eng oson yo’li nashrni yopish. Bosmachilarga munosabatingiz yaxshimi yoki yomon, prokuratura uchun muhim emas. Yuqori lavozimli mansabdorga til tekkizmang. O’rganganingiz saboq shu bo’lsin, demoqchi prokuratura.
Bu ish hamon davom etmoqda. Bosh muharrir Sayyof Mizrobni prokuraturada kutishyapti. Undan keyin ish qaysi taragfa o’zgaradi hozircha noma’lum. Lekin Tojikistonda OAV hamda jurnalistlarga rahbarlarning munosabati salbiyligini inobatga olsak, gazeta yopilib ketishi ham hech gap emasligini tushunamiz.
Siz nima deysiz, aziz gapdoshim?
Gaplashamiz
Tojikistondagi ahvol Turkmaniston, Qozog’izistondan deyarli farq qilmaydi. Qashshoq davlatning xalqi ham sayoz fikrlaydi. Jurnalistlarga sabr tilayman.