Hozir internetdan faktlar izlab qarasam, bu amaliyot faqatgina Shimoliy Koreya va O’zbekistonda saqlab qolingan degan ma’lumotga ko’zim tushdi. O’zbekistonda shunday katta demokratik islohotlar borayotgan bir paytda Shimoliy Koreyaga teng bo’lish, to’g’risi, mantiqqa ham, xalqaro huquq normalariga ham, siz-u bizning asablarimizga ham to’g’ri kelmaydi. Vanihoyat, OVIRga alvido aytish payti ham keldi. Ana shu atigi ikki yil amal qiladigan ruxsatnomani olaman deb qancha idoralarda uzundan-uzun navbat kutdik, qator-qator hujjatlar yig’dik, kimlargadir yalindik va so’nggi talablarga ko’ra, tibbiy ko’rikdan ham o’tdik.
Xabaringiz bor, 2019-yilning yanvaridan OVIR bekor bo’lib, o’rniga chet elga chiqish uchun 16 yoshdan kattalarga 10 yil amal qiladigan biometrik pasport joriy qilinishi kutilmoqda. U bir yoshdan 16 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun besh yil, bir yoshgacha bo’lgan chaqaloqlar uchun ikki yil amal qilishi kutilmoqda. Bundan tashqari shaxsni tasdiqlovchi ID-kartalar ham joriy qilinishi mumkun. Demak, kelgusi yilda vatanga safarimizning jiddiy masalasi ana shu hujjatlarni olish bilan bog’liq bo’ladi.
Ayni paytda O’zbekiston fuqarolari dunyoning 54 davlatiga vizasiz safar qilish huquqiga ega. Shuningdek, OVIR stikerisiz ham Rossiya, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston (60 kungacha), Moldova va Ukrainaga borish mumkun. Ana shunday ko’rsatkichlari bilan O’zbekiston 200 dan ziyod mamlakatlar ichida 85-o’rinda turadi. OVIR stikerining bekor qilinishi reytingda yuqorilash imkonini ham berishi mumkun.
Yangi hujjatni olish talablari qay darajada og’ir yoki yengil bo’lishi haqida aniq ma’lumot bo’lmasa-da, umid qilamizki, ortiqcha byurokratiyadan voz kechish, tez xizmat ko’rsatish borasida ham ijobiy o’zgarishlar qilinadi. Yangi pasport olish uchun talabgorlar soni, tabiiyki, ilk yil bo’lgani uchun ancha ko’p bo’ladi. Demak, fuqarolarga xizmat ko’rsatish jarayonini ham to’g’ri tashkil etishga alohida e’tibor qaratish lozim. Talablar qancha og’ir, navbatlar qancha uzun, pasportning tayyor bo’lish muddati qancha uzoq bo’lsa, korrupsiya uchun ham shuncha imkoniyat yoki ehtiyoj tug’ilishi mumkin. Shuningdek, qaror matni sodda, oddiy aholiga tushunarli tilda, mavhumlikdan yiroq bo’lishi ham juda muhim.
Albatta, shu kunlarda O‘zbekiston Respublikasi pasport tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo’yilgan. Demak, ushbu bosqichda siz-u bizning siyosiy faolligimiz, original fikrlarimiz qarorning mazmun-mohiyati va talablariga jiddiy ta’sir ko’rsatishi mumkun. Sizning bu boradagi fikr va mulohazalaringiz, takliflaringiz qanaqa?
OVIR MXXga kerak edi. Odamlarni nazorat qilib turishardi. Talim uchun va ishlash uchun O’zbekiston ham maxsus vizalarni joriy qilishi kerak. Talim sohasi hozir serdaromad biznesga aylangan. Yaponiya, Koreya, Xitoy, Singapur, Malayziya va Hindistonga o’qishga ketayotganlar ko’p. Turin, Vestministr, Inha va h.k lar O’zbekistonning oddiy xalqiga qimmatlik qiladi. Shunga xorijdan talabalar jalb qilish kerak.