Dunyodagi koʻplab mamlakatlar oʻzi uchun muhim hisoblagan alohida sanasiga, alohida eʼzozlanuvchi tarixiy kuniga ega. Bu kunning xotirasiga hurmat oʻlaroq yirik tadbirlar ham uyushtiriladi va aynan mana shu tadbirlarning ayrimlari hatto alohida mamlakatlar chegarasidan chiqib butun dunyoga tanilib ulgurgan. Ayrim tadbirlar baʼzi davlatlar va hatto davlatlar aholisi tomonidan oʻzlashtirib olingan ham.
Masalan, Avliyo Valentin kuni, bugun dunyo xalqalari va shu jumladan oʻzbekistonliklar orasida “Sevishganlar kuni”, deb nishonlanayotgan kun, aslida tarixda farzand koʻra olmaydigan ayollarni hamda farzandli boʻlish istagidagi ayollarni maxsus marosim paytida oʻldirilgan hayvon terisi yordamida tayyorlangan qamchi bilan savalash kuni boʻlgan.
Yaʼni qadim Rimda (tahminan 276 yillar – muallif) bolalar oʻlimi juda keng tarqalgan va haqiqiy ofatga aylangan edi. Odamlar orasida bu ofat insonlarning laʼnatlangani bois keng tarqalayotgani haqida vahimalar urchigan. Farzandi kam va yoki umuman farzandi yoʻq oilalar ham laʼnatlanganlar oilasi hisoblangan va jamiyat ulardan xazar qilgan. Aynan ana shu yillari odamlar orasida oilalar serfarzand boʻlishi uchun va ayollardan laʼnatni ketkazish uchun savalash lozimligi haqida fikr paydo boʻlgan. Har yilning 15 fevralida rimliklar oʻzlari uchun eng muqaddas sanalgan vodiyda yigʻilib alohida marosim oʻtkazgan va marosim soʻngida u yoki bu hayvon qurbonlikka keltirilgan. Soʻngra hayvon terisidan qamchi yasab, erkaklar qip yalangʻoch holatda shahar boʻylab yugurishgan va yoʻlida uchragan ayol va qizlarni oʻsha qamchi yordamida savalashgan. Bu marosim Lupercalia deb atalgan.
Keyinchalik 494 yili, Rim papasi Gelaliy I ana shu luperkaliy marosimini yoʻq qilish haqida maxsus qaror chiqargan va u kunni biroz boshqacharoq, odobliroq nishonlash taklifini kiritgan. Sababi, luprikaliy marosimi borgan sari behayolashib borgan. Yaʼni savalash ishtiyoqida shahar boʻylab yugurayotgan yalangʻoch erkaklarni, ayollar ham qip yalangʻoch kutib olishga intilgan. Savalash marosimidan soʻng yalangʻoch ishtirokchilar bevosita farzandlarni dunyoga keltirish harakatiga oʻtishgan. Oradan koʻp yillar oʻtib, oʻrta asrlarga kelgach, keltirib oʻtganimiz voqea va uning buzilgan koʻrinishdagi bayram tadbirlari borasida turli afsonalar paydo boʻla boshlagan. Ular orasidagi eng mashhuri aynan hamma takrorlashni yaxshi koʻradigan Avliyo Valentin afsonasidir.
Yaʼni Rim imperatori Klavdiy II ayoldan yiroq boʻlgan er yigit eng zoʻr va mard jangchi boʻladi degan fikrda yigitlarni ayollarga yaqinlashishini man qilib qoʻygan. Ayollarga ham yigitlarga turmushga chiqishni man qilgan. Shunda muhabbatga taslim boʻlgan qalblar, goʻyoki oddiy dala shifokori va ruhoniysi boʻlgan Valentin tomonidan yashirin tarzda nikohdan oʻtkazilgan. Bundan tez orada xabar topgan imperator ruhoniyni oʻldirish amri bilan zindonga otgan. Zindonda boʻlgan payt Valentin zindon nazoratchisining qizi Yulyani sevib qoladi. Oʻlimidan biroz oldin esa Yulyaga sevgi maktubi bitib uni yurak shaklidagi qogʻozga joylagan va maktubni “sening Valentining”, deb imzolagan. Ammo bu bor yoʻgʻi bir afsona, uning haqiqatda shunday boʻlgani borasida hech qanday tarixiy dalil yoʻq.
Oʻzbekiston va bir qator davlatlardagi oʻzlashtirilgan bayramlarni nishonlash odatidan farqli AQShda haqiqiy tarixiy asosga ega boʻlgan bayramlarni nishonlash urfi keng tarqalgan. Bu borada hatto amerikaliklarga xavas qilsa boʻladi. Sababi Amerikada aslida oʻzlashtirib olingan, qaysidir mamlakat aholisi odatidan koʻr-koʻrona “oʻgʻirlab” olingan bayramlar deyarli yoʻq. AQShdagi har bir bayramning oʻz kelib chiqish tarixi bor. Bugun ularning ayrimlari borasida toʻxtalib oʻtmoqchiman. Tilga olmoqchi boʻlganim bayramlar roʻyxatini koʻpchilikka malum va aksar oʻzbekistonliklar notoʻgʻri talqin qiladigani “Thanksgiving Day” Yaʼni Shukrona kuni bayramidan boshlasam.

Thanksgiving Day – Shukronalik kuni
Avvalo aytib oʻtish joiz, bu bayram mutlaqo, aksar oʻzbekistonliklar daʼvo qilayotganiday nasroniylar diniy bayrami emas. Bu bayramning kelib chiqish tarixi 1621 yilga borib taqaladi. Amerika qitʼasiga yetib kelgan ilk koʻchmanchilar bu yerning iqlimi va sharoitlari bilan u qadar yaxshi tanish boʻlmagani bois juda katta qiyinchiliklarni boshdan kechirgan, juda koʻp koʻchmanchilar ochlikdan oʻlib ketgan. Shundan soʻng koʻchmanchilar orasidan uch-toʻrt vakil yerlik aholi boʻlgan hindular qabilasiga borgan va boshiga tushgan ofatdan yordam soʻragan. Hindular oʻz tabiatiga koʻra, yer umumiy, undan har bir inson foydalanishi mumkin, yerni oʻzlashtirib boʻlmaydi, deb bilgani bois koʻchmanchilarga ekin-tikin masalasida saboq bergan.
Ana shu saboqlar natijasi oʻlaroq ilk olingan yirik hosil koʻchmanchilar uchun misli koʻrilmagan yutuq boʻlgan. Uzoq muddat och qolgan koʻchmanchilar bu yutuqni bayram qilishga ahd qilgan va kattakon bayram dasturxoni yozishgan. Bayram dasturxoniga hindular yetakchilarini ham taklif qilishgan va ilk marotaba mana shu bayram tadbiri payti yovvoyi kurkalar soʻyilib dasturxonga tortiq qilingan. Bu bayram keyinchalik har yili nishonlangan, ammo keyingi bayramlarga hindular chaqirilmagan. 1798 yili AQShning ilk prezidenti Jorj Vashington bu bayramga umumilliy tus bergan va shundan beri bu kun Shukronalik kuni sifatida nishonlanadi. Bugun amerikaliklar bu kunda cherkovga borib ommaviy ibodat qilishadi, toʻgʻri, ammo ilk bayram bunday oʻtmagan. Bugungi kunda unga ibodatning qoʻshilishi boisi, odamlar shu kunlarga yetkazgani uchun Xudoga shukrona duosi oʻqishadi.

Presidents’ Day – Prezidentlar kuni
Amerikaliklar sevib va ardoqlab qarshi oladigan va keng nishonlaydigan yana bir bayram bu shubhasiz Prezidentlar kunidir. Bu kun ham oʻz tarixiga ega. Bu bayram tarixi 1880 yilga borib taqaladi. Shu yili ilk bor amerikaliklar oʻzining ilk prezidenti Jorj Vashingtonning tugʻilgan kunini keng nishonlashga ahd qilganlar. Amerikaliklar uchun Jorj Vashington mamlakat asoschilaridan biridir. Dastlab bu tadbir har yili fevral oyining 22 kuni nishonlangan, zero Jorj Vashington 1732 yilning 22 fevralida dunyoga kelgan. Keyinchalik AQSh Kongressi tomonidan bayram kunlarini tartibga keltirish va sanalarni qayta tartiblash qaroridan soʻng, bu kun fevral oyining uchinchi dushanbasida nishonlana boshladi.
Prezidentlar kuni deb nomlana boshlanishiga esa, Jorj Vashington bilan bir qatorda Avraam Linkoln tugʻilgan kunini ham keng nishonlana boshlagani sabab boʻlgan. Avraam Linkoln ham amerikaliklar uchun juda qadrli insonlardan hisoblanadi, zero aynana Avraam Likoln prezidentlik davrida fuqarolik urushi tufayli ikkiga boʻlinib ulgurgan mamlakatni qayta birlashtirishga va qullarni mutlaqo ozod qilinishiga erishgan prezidentdir. Ikkita prezidentning tugʻilgan kunini ayri-ayri nishonlash 1971 yilga qadar davom etgan. Ammo shu yili prezident Richard Nikson prezidentlar tugʻilgan kunini birlashtirib va boshqa tarixda oʻtgan AQSh prezidentlarining ham xizmatlarini unutmaslik chaqirigʻi bilan chiqdi va bu kunni prezidentlar tugʻilgan kuni emas, Prezidentlar kuni sifatida nishonlashni taklif qildi.

National Freedom Day – Milliy Ozodlik kuni
Bu kunning nishonlanish tarixi ham aslida prezident Avraam Linkoln davrida erishilgan ulkan yutuq bilan bogʻliq. Yaʼni qullarga ozodlik eʼlon qilish bilan. 1865 yili prezident Avraam Linkoln mamlakat Konstitutsiyasiga 13-oʻzgartish kiritish rezolyutsiyasiga imzo chekdi. Quldorlikni bekor qiluvchi mazkur 13-oʻzgartishda xususan shunday deyilgan edi: “Qoʻshma shtatlar va uning boshqaruvi ostida qolayotgan boshqa har qanday hududda, sodir etilgan jinoyat uchun tegishli tarzda jazoga tortilishdan tashqari, mutlaqo quldorlik, majburiy mehnatga jalb etish holatlari mavjud boʻlishi mumkin emas” (erkin tarjima – muallif). Bu oʻzgartish 1865 yilning 18 dekabrida Kongress tomonidan ratifikatsiya qilingan. Ammo ilk Ozodlik milliy kuni 1942 yilning 1 fevralida nishonlangan.
Shundan beri har yilning 1 fevralida Milliy Ozodlik kuni nishonlana boshlagan va bu kuning asosiy tadbiri siftida Ozodlik timsoli boʻlmish “Liberty Bell” Ozodlik bongi yoniga gulchambar qoʻyish odati joriy qilindi. 1948 yilning 30 iyun kuni mamlakatning oʻsha paytdagi prezidenti Garri Trumen rasmiy hujjatni imzoladi va Ozodlik milliy kuni rasmiy maqomga ega boʻldi.

Father’s Day – Otalar kuni
Bu kunning paydo boʻlish tarixi ancha-muncha otalarning koʻzlarini namlatishi aniq. Zero uning paydo boʻlishi va joriy etilishi ortida aslida bir farzandning otasiga boʻlgan cheksiz minnatdorchilik va muhabbati izhori yotipti. Bayram tarixi 1909 yilga borib taqaladi. Shu yili Amerikaning Vashington shtatidagi Spokane (Spoukeyn) shaharchasidagi cherkovlarning birida Onalar kuni munosabati bilan maxsus ibodat oʻtayotgan edi. Ibodatda qatnashayotgan yosh qiz Sonora Smart (Sonora Smart) onasidan erta ajragan va uni besh aka-ukalari bilan birga yolgʻiz otasi katta qilganini oʻylab qoladi. Uning hayolida “onalarga bu qadar hurmat izhor qilar ekanmiz, nechun yolgʻiz oʻzi bolalarni ulgʻaytirib voyaga yetkazayotgan otalarni eʼzozlab tadbirlar oʻtkazmaymiz”, degan fikr oʻtadi. Sonora uning otasi oila uchun naqadar qadrli ekanini anglatishni istar edi. Shu bois mahalliy hokimiyat vakillariga murojaat qilib otalar kunini joriy qilishni iltimos qiladi. Nima uchun bunday taklif bilan chiqayotganini izohlab ham oʻtadi. Otalar kunining sanasi sifatida Sonora 5 iyunni taklif qiladi, chunki shu kun uning otasi tavallud topgan kun edi. Mahalliy maʼmurlar qizning istagiga rozi boʻlishadi, ammo tayyorgarlik tadbirlari choʻzilib ketgani bois ilk bayram tadbirlari 5 iyunda emas 19 iyunda oʻtkaziladi.
1924 yili AQShning oʻsha paytdagi prezidenti Kalvin Kulij Sonora tashabbusini qoʻllab chiqadi va bu kunni butun Amerika boʻylab nishonlashni taklif qiladi, “zero bu kun bolalar va otalar oʻrtasida oʻzaro mehr rishtalarini mustahkamlashdan tashqari, otalarga oila oldidagi majburiyatlarini ham eslatib turadi”, deydi u. Shunga qaramay rasmiy maqom haqidagi harakatlar 1956 yili boshlandi, shu yili AQSh Kongressi Otalar kuni bayramini taʼsis etish haqdagi rezolyutsiyasini qabul qildi. 1966 yili AQShning oʻsha paytdagi prezidenti Lindon Jonson iyun oyining uchinchi yakshanbasini Otalar kuni sifatida nishonlash haqdagi proklamatsiyani imzoladi.
Yakuniy soʻz Kongressga tegishli edi, ammo shu yerda nozik holat yuzaga keldi. Maʼlumki u paytlarda AQSh Kongressida ayollar u qadar koʻp boʻlmagan va kongressmenlar bu kun haqdagi qarorning qabul qilinishi ayollar orasida ehtimoliy notoʻgʻri gumonlarni keltirib chiqarishi mumkinligi haqda oʻylanib qoldi. Faqat 1972 yilga kelib prezident Richard Nikson tashabbusni qoʻliga oldi va Otalar kuni haqdagi rasmiy qarorga imzo chekdi.
Amerikadagi bu kabi oʻz tarixiga ega, amerikaliklar uchun juda ham qadrli boʻlgan yana oʻnlab shunday kunlar va bayramlar haqda gapirish mumkin. Eʼtibor qilganingizday koʻr-koʻrona oʻzlashtirilgan bayram Amerikada deyarli yoʻq. Masalan Amerikaliklar yuqorida aytilgan Valentin kunini oʻzbekistonliklarchalik keng nishonlamaydi, bu bor yoʻgʻi yoshlar orasida keng tarqalgan odat. 8 mart ham AQShda deyarli u qadar keng nishonlanmaydi va Yangi yil ham. Yoʻq amerikaliklar shunday kunlar borligini biladi, ammo bu kunlar amerikaliklar nazdida dunyo xalqlari tomonidan nishonlanadigan kunlar sifatida tan olingan. Amerikaliklar faqat oʻz tarixiga oid bayramlarga katta ehtirom koʻrsatadi va aynan mana shu odath xavas qilishga arzirli odatdir.
Yaqin tarixda Oʻzbekiston ham oʻz yaqin tarixi bilan bogʻliq ikki muhim sanani keng nishonlashni boshlagan edi. Biri mamlakat Mustaqilligi kuni va 31 avgust Qatagʻon qurbonlari xotirasi kuni. Mustaqillik kuni hozir ham keng nishonlanadi, ammo uning mohiyati u qadar anglanmagani yaqqol seziladi. 31 avgust Qatagʻon qurbonlari xotirasi kuni esa deyarli unutilgan. Oʻzga millatlar va xalqlar odatini keng nishonlashga odatlangan xalq oʻz oʻtmishi va buguniga bu qadar bepisand qolishi nazarimda toʻgʻri emas. Oʻrnak olsak, amerikaliklardan oʻrnak olish toʻgʻriroq boʻladi. O`zlashtirsak o`zimizni qadrlashni o`zlashtirsak nazarimda to`g`rib bo`ladi. Gaplashib turamiz.

Husniddin Qutbiddinov