Dunyoda ba’zi mamlakatlarda karantin asta-sekin tugatilyotgan bo’lsa-da, ba’zi mamlakatlarda hali ham davom etmoqda. Shunday bo’lsa-da, ko’pgina diqqatga sazovor turistik qadamjolar xavfsizlik nuqtai nazaridan hali ham yopiq.

Lekin hechqisi yo’q. Orzu qilgan maskaningizga borishning boshqa yo’li bor. Bugun jahondagi ko’plab muzey, galereya va boshqa madaniy obyektlarning onlayn eshigi jumlai jahon uchun ochiq.

Amerika Muzeylar Alyansi ma’lumotiga ko’ra, birgina AQSh muzeylariga har yili millionlab kishi internet orqali sayohat qiladi. Karantin davrida esa virtual ziyoratchilar soni shak-shubhasiz yanada oshdi.

 

Dinozavr qoldiqlari. Amerika Tabiiy fanlar muzeyi. AQSh.

 

Dunyo madaniy obyektlari saytlari

Virtual sayohatni jahon madaniy obyektlariganing saytlariga to’g’ridan-to’g’ri tashrif buyurish orqali amalga oshirish mumkin. Masalan, dunyoda eng ko’p odam tashrif buyuruvchi Parijdagi “Luvr” muzeyi (https://www.louvre.fr/en/visites-en-ligne) yoki Eyfel minorasi deysizmi, Turkiyadagi Sulton Ahmad maqbarasi (http://www.sultanahmetcamii.org/virtual-tour/) yoki To’pkapi saroyi deysizmi yoxud Buyuk Xitoy Devori (https://www.thechinaguide.com/destination/great-wall-of-china) yoki  AQShdagi Amerika tabiiy fanlar muzeyi (https://naturalhistory.si.edu/visit/virtual-tour) deysizmi, barchasining rasmiy saytida 360 darajali sayohat xizmati yo’lga qo’yilgan. Undan ham quvonarlisi shuki, O’zbekistonning ba’zi diqqatga madaniy obyektlari saytlarida ham allaqachon mazkur xizmat mavjud (http://www.khivamuseum.uz/uz/virtualniy-tur).

 

Oyga birinchi qadami yetgan inson – Nil Armstrongga tegishli skafandr. Havo va koinot muzeyi, AQSh

 

“Gugl San’at va madaniyat” sayti

Agar dunyo madaniy obyektlarining saytlarini birma-bir izlashga erinsangiz, unda “Google” kompaniyasining “San’at va madaniyat” dasturidan foydalaning (https://artsandculture.google.com/partner). Dunyodagi 2500 dan ortiq muzey, galereya, tarixiy obidalar bir saytda jo. Masalan, Italiyadagi Kolizey amfiteatri, Hindistondagi Boburiylardan qolgan yodgorlik – Toj Mahal kabilar ana shular jumlasiga kiradi. Agar Toshkent shahridagi o‘zbek adibi va jamoat arbobi Oybek uy muzeyiga hali tashrif buyurishga ulgurmagan bo’lsangiz, u ham muammo emas. Marhamat, dastur xizmatidan foydalaning.

Yoki AQSh prezidentlari bilan hamnafas bo’lishni istaysizmi, unda Oq Uyga ham bir kirib o’ting (https://artsandculture.google.com/partner/the-white-house).

 

Oq Uy. AQSh.

 

NASA va boshqa ilmiy tadqiqot tashkilotlari

Bugun nafaqat madaniy obyektlarga, balki ilmiy tashkilotlar saytlari orqali hayvonot yoki o’simliklar olami (https://www.houstonzoo.org/explore/webcams/), hatto fazoga – o’zga sayyoralarga sayohat uyushtirishingiz mumkin. Masalan, NASA tashkilotining “Marsga yo’l” loyihasi sizga bunda ko’maklashadi (https://accessmars.withgoogle.com/).

 

Onlayn translyatsiya

Ma’lumki, madaniy obyektlar tomonidan doimiy ravishda tadbirlar ham tashkil etiladi. Karantin davrida barcha muzey, galereya va teatrlar ommaviy tadbirlarini bekor qildi deb o’ylasangiz, adashasiz. Ular hali ham konsert va spektakllar namoyish etib kelmoqda. Shunchaki, boshqa ko’rinishda! Masalan, Moskvadagi Bolshoy, Sankt-Peterburgdagi Mariinskiy teatri yoki Shostakovich nomidagi filarmoniyaning konsert va spektakllarini jonli translyatsiya orqali tomosha qilishingiz mumkin.

 

Buni ham tomosha qiling:

 

Ma’rifiy dasturlar

Shu o’rinda aytib o’tish lozimki, bugun ko’pgina muzeylarning saytlarida bolajonlar uchun ma’rifiy dasturlar bisyor. Amerika Muzeylar Alyansi ma’lumotlariga ko’ra, mamlakatda muzeylar har yili maktab o’quvchilariga mo’ljalangan dastur va tadbirlarga 2 milliard dollardan ziyod pul sarflaydi. Pandemiya davrida uyda farzandlaringiz vaqtini mazmunli va foydali tashkil etishga ko’maklashishni istasangiz, marhamat imkoniyatlardan foydalaning.

 

Oydin Sadullayeva