So‘nggi yillarda O’zbekistonda, xususan Toshkent shahrida ko‘p qavatli uy-joylar, maktablar va bolalar bog‘chalari, shifoxonalar va boshqa ijtimoiy infratuzilma, ishlab chiqarish obyektlari qurildi. Bu esa ma’lum hududlarda aholi zichligini, transport qatnoviga talabni oshiradi.

Xo’sh, transport qatnovi ehtiyojga mos ravishda yo’lga qo’yilganmi?  Transport qatnovi o‘rtacha tezligi qanday? Qatnov yuklamasi talabga monandmi? Umuman, mamlakatda jamoat transporti xizmatlaridan foydalanish qanchalik qulay? Bekatlar va transport vositalarida nogiron, qariya va yosh bolali ayollar uchun imkoniyatlar yaratilganmi? Bu xizmatlar sifatini oshirish uchun nimalar qilish kerak va nimalar qilinayapti?

Jahon tajribasini qiyosiy o‘rganganda, ko‘p narsa ayon bo‘ladi. Rivojlangan mamlakatlarda transport vositalarining turi, soni va maqbul yo‘nalishlari talabga mos ravishda yo’lga qo’yiladi. Masalan, AQSh tajribasiga nazar solsak, jamoat transportlari xizmat sohasida bir qancha ustunliklarga ega ekanligini ko‘rish mumkin.

Eng avvalo, AQShda yo‘lovchilar qatnovi tig‘iz paytda yo‘nalishlarga ko‘proq transport vositalari chiqariladi. Masalan, ertalab va kechqurun ishga borish va qaytish vaqtida transport vositalari  serqatnov bo‘ladi. Shu bilan  birga harakat yo’nalishi mutanosibligi ham mavjud.

Bizda ham turli yo‘nalishlar bo‘yicha yo‘lovchilar oqimini va aholi ehtiyojlarini muntazam o‘rganish va shuning asosida belgilangan yo‘nalishlarga transport vositalarini chiqarish, zarurat bo‘lsa, qo‘shimcha yo‘nalishlar ochish, bir-birini takrorlovchi yo’nalishlardagi transport vositalarini talab mavjud bo’lgan yo’nalishlarga yo’naltirish, transport xizmatini zamonaviylik darajasiga olib chiqish zarur.

Shu bilan birga transport vositalarining texnik jihatdan qulaylik darajasini ham oshirish kerak.

Masalan, metrolarimiz misolida  oladigan bo’lsak, aytish kerakki, bekatlar dizayn jihatdan juda go’zal. Lekin texnik jihatdan qulay emas. Ya’ni, aholining barcha qatlamlarining ham ehtiyojlari hisobga olinmagan. Masalan, AQShda ko’pgina metro bekatlarida lift borki, qariya, nogiron yoki bola aravasini itarib ketayotgan ota-onalar uchun chiqib-tushish muammo emas. Poyezd vagonlari ichida ham arava uchun maxsus joy ajratilgan. Umuman, aholining barcha qatlamlarining ehtiyoji hisobga olingan.

Bugun Toshkent shahrida yangi metro yo’nalishlari qurilmoqda. Bu yaxshi. Lekin loyihalash, qurilish jarayonlarida ana shu qulaylikni ham hisobga olinsa, nur ustiga a’lo nur bo’ladi.

AQShda avtobuslar ham nogironlar va yosh bolalar aravachasini avtobusga olib chiqish va tushishda qiyinchiliklar tug‘ilmasligi uchun avtobuslar maxsus ko‘tarma pandus-ko‘prikchalar bilan jihozlangan.

Bugun birgina Nyu-York shahrida bir kunda jamoat transportidan foydalanuvchi yo‘lovchilarning 11,2 foizi nogiron kishilar sanaladi. O‘zbekistonda esa 650 mingdan ziyod turli darajadagi nogironligi bo‘lgan kishilar ro‘yxatga olingan. Lekin, respublikamizdagi jamoat transportlari va bekatlari  turli guruhdagi kishilarga transport vositalaridan bemalol foydalanish imkonini beruvchi jahon standartlarga mos maxsus imkoniyatlari bilan ta’minlanmagan.

Shu bila birga, avtobuslarda velosiped qo’yish uchun ham maxsus joy ajratilgan.

 

Yana bir jihati ­­­AQShda ko‘pgina avtobuslar, bekatlar ko‘rish va eshitish imkoniyati cheklangan yo‘lovchilarga har bir bekat nomini avtomatik tarzda aytib va ko‘rsatib turuvchi yorug‘ yozuvlar, ovozli texnik vositalar bilan jihozlangan.

Hatto, yo‘llar, piyodalar yo‘lakchasi va boshqa turli o‘tish joylari ham nogironlar va yosh bolalar aravachasiga moslashtirilgan holda zinalarsiz, tekis qurilgan bo‘lib, bemalol harakatlanishga izn beradi.

AQShda jamoat transport xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi yana bir qulay imkoniyati shuki, transport vositalari ob-havoga mos ravishda isitish-sovutish tizimi bilan ta’minlanadi.

Ko‘pgina metro va avtobus bekatlarida bepul Wi-Fi internet xizmatlari ham yo’lga qo’yilgan.

Shu bilan birga ko’pgina rivojlangan mamlakatlarda velosiped va boshqa motorsiz transport turlari ham rivojlangan. Bu transport turning o’ziga yarasha afzal tomonlari bor. Bu mamalakatlar aholisi o’rtasida ham bu transport turidan foydalanish ko’nikmasi shakllangan. Bizda ham “Bike Sharing” veloprokat tizimini joriy etish maqsadga muvofiq, nazarimizda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi joriy yilning mart oyida “Toshkent shahar yo‘lovchi transporti tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi. Jumladan, unda “O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi va Toshkent shahar hokimligining 2020-yilda Toshkent shahrida 152 ta yo‘lovchi tashish transport yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqish natijasida 131 tasini optimallashtirish, 14 tasini yopish hamda 7 ta yangi yo‘nalishlarni ochish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin” deb yoziladi.

Umuman, qarorda yo‘lovchi transporti tizimini takomillashtirishga qaratilgan ko’pgina chora-tadbirlar tilga olingan.  Qarordagi vazifalar qanchalik amalga oshirilishini esa vaqt ko’rsatadi.

 

 Oydin Sa’dullayeva