Amerikada biznes imkoniyatlari keng ekan, bu yurtga kelayotgan o’zbekistonliklar ulardan foydalanishga harakat qilmoqda. Biznes yosh tanlamas derlar.

Mirsaid Mirzayev 15 yoshida Amerikaga kelgan. Hozir yoshi 21 da, Bruklindagi kollejda o’qiydi. U bir yil oldin Amerikadan O’zbekistonga posilka eltuvchi xizmatni yo’lga qo’ydi.

Amerikada o’zbeklar soni yil sayin oshib borar ekan, bu juda ham kerakli biznes, deydi Mirsaid.

Mirsaid yosh bo’lishiga qaramay ishiga puxta. Bu ishni boshlash uchun ko’p sarmoya va odam kerak emas, deydi u.

Bruklin Amerikada o’zbeklar eng zich joylashgan rayon. Ammo, deydi Mirsaid, mijozlar orasida boshqa shatlarda yashovchi o’zbekistonliklar ham bor.

Mirsaid AQSh davlat pochtasi xizmatidan arzonroq va tezkor servis taklif qiladi.

Bir yilda Mirsaid ochgan “Silk Road Express” kompaniyasining mijozlari soni 1200 taga yetdi. Xizmatni reklama qilishda u internet hamda Bruklinda chiqadigan o’zbek gazeta va jurnalidan foydalandi.

“Bu biznes ketidan kun kechirish mumkinmi” deya so’raymiz yosh tadbirkordan. Uning aytishicha, ish hajmi kichik bo’lgani uchun undan tushgan daromad o’zi kabi so’qqabosh yigitning kun kechirishiga yetadi.

Har bir biznesda bo’lgani kabi bu ishda ham sifatga e’tibor berish kerak, deydi Mirsaid.

Ayni damda Nyu-Yorkda Amerkadan O’zbekistonga posilka jo’natadigan bir nechta kompaniya ishlab turibdi. Ayrim odamlar O’zbekistondan ham Amerikaga narsa jo’natishni istar edi, ammo “Silk Road Express” kompaniyasi bunday xizmatni hozircha taklif etmaydi.