AQShda bir necha o’n yillik inqirozdan so’ng to’qimachilik va yengil sanoati yana rivojlanmoqda, fabrikalar Xitoy kabi ishchi kuchi arzon mamlakatlar bilan teng raqobat qilmoqda. Masalan, bir vaqtlar to’qimachilik sohasi yuksalgan Shimoliy Karolina shtatida jabha yangi texnologiyalar yordamida qayta qad ko’tarmoqda.
Shimoliy Karolinaning Burlington shahridagi fabrikada og’ir yuklarni robotlar ko’taradi. Korxonada har hafta 110 tonna yigirilgan ip turli ranglarga bo’yaladi, so’ng AQSh va dunyo bo’ylab kiyim va mato ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga yuboriladi.
Maykl Xenkensen bo’yoq ishlab chiqaradigan mashinaga qaraydigan ikki texnikdan biri.
“Apparat, ko’rib turganingizdek, beso’naqay, juda og’ir. Uni mana bu robotlar kabi bir joydan boshqa joyga qo’yish uchun juda ko’p odam kerak bo’ladi”, – deydi u.
Katta ish kuchini talab qiluvchi bu fabrikalarda hozirda texnologiyalardan ko’proq foydalanilmoqda. Bu esa maoshga ketadigan pulni tejashda yordam beryapti. Xorijda mashinalar o’rnida ko’p sonli ishchilar ishlaydi, ammo ularga ko’p haq to’lanmaydi. Shimoliy Karolinadagi fabrika xizmatchilarining maoshi soatiga 10-20 dollar atrofida.
Korxona rahbari Ed Atkinsning aytishicha, ishlab chiqarish tannarxini tushirish muhim, ammo jahon bozorida raqobat qilish uchun mijozlar bilan ishni a’lo darajada olib borish kerak.
“Amerikada tayyorlangan mahsulotlarga qiziqqan kichikroq shirkatlar bilan ish qilyapmiz. Yirik kompaniyalar bilan raqobat qilmaymiz”, – deydi u.
Yil boshida Bangladeshda yirik to’qimachilik fabrikasi qulab, mingdan ziyod ishchining o’lgani xodimlar salomatligi va xavfsizligi hisobiga xarajatlarini tushirgan kompaniyalar bilan ishlash xavfini ko’rsa bo’ladi.
Nodavlat tashkilot rahbari Debora Vins-Smitning aytishicha, to’qimachilik sanoatining kelajagi arzon ish kuchi emas, yangi kashfiyotlarga bog’liq.
“Kompaniya va korxonalar sifatli, tajribali va malakali ish kuchi, ishlab chiqarishni yurgizadigan keyingi avlod innovatsiyalari qayerda bo’lsa, faoliyati markazini o’sha yerga ko’chirmoqda”, – deydi Smit.
So’nggi uch yilda Amerikada 23 ta to’qimachilik fabrikasi qurilib, eksport hajmi 30 foizga oshdi. Bu esa soha Amerikaga qaytib kelayotganidan darakdir.