Amerikaliklar kichik pivo zavodlariga borib, nomi hali chiqmagan, o’zgacha mazali ichimliklarni tatib ko’rishga qiziqadi.
Los-Anjeles shahrining sanoatlashgan rayonida ikki yil oldin “Golden Road Brewing” pivo mini-zavodi ishga tushgan. Bu joy oldin temir yo’l deposi edi. Korxona egalari va xodimlari har hafta pivoxo’rlikka to’planadi. Ulardan biri Meg Gillning aytishicha, buning orasida muhim masalalar ham muhokama qilinadi.
“Bugun pivoning olti oydan ikki yilgacha bochkalarda saqlangan ayrim turlarini birinchi marta tatib ko’rdik”, – deydi u.
Har bir bochkadagi pivoning mazasi o’zgacha. Zavod egalaridan biri Toni Yanov yanchilgan arpa, qulmoq, kofe, sitrus yordamida tajribalar qilib, pivoning har xil turlarini yaratishga muvaffaq bo’ldi.
Jarayon bir necha bosqichli bo’lib, bug’doy avval yanchiladi, so’ng suzgichdan o’tkazilib, qaynatiladi va suyuq holatga keltiriladi.
“Arpaning suvi siqib chiqariladi, u butunlay suyuqlikka aylanadi”, – deydi u.
So’ng hosil bo’lgan moddaga xamirturush qo’shilib, u achiy boshlaydi.
Yanovning aytishicha, mahalliy sharoitda tayyorlangan pivo bozorning kichik qismini tashkil etadi, xolos, ammo unga talab oshmoqda.
“Mahalliy pivoga qiziqish kuchaymoqda, pivoning turlari ko’paymoqda, barlar va pivo ichuvchilar soni ham oshmoqda. Buni hamma joyda ko’rish mumkin”, – deydi u.
Yanovning aytishicha, pivoxo’rlar ichimlikning turli sortlarini farqlashni o’rganar ekan, ishlab chiqaruvchilar izlanishda davom etmoqda.
“Odamlar tajribaga berilib, pivo tayyorlashning yangicha yo’llarini o’ylab topmoqda, yangi turlari ustida izlanmoqda”, – deydi u.
Pivoning ayrim turlari mavsumiy bo’lib, biror maqsadga qaratilgan. Masalan, Santa-Monika sohilbo’yini tozalash ishlarini moliyalashga. Yanovning aytishicha, qo’lbola pivo qilish ham fan, ham san’atdir; mahalliy jamoa bilan aloqa qilishning yo’llaridan biri.
AQShda “Golden Road Brewing” kabi yuzlab kichik, mustaqil zavodlar mamlakatda pivoning mahalliy turlariga tobora oshib borayotgan talabni qondirishga harakat qilmoqda.