Birorta tadbir uyushtirayotgan bo’lsangizu, mehmonlaringiz uchun chiroyli dasturxon tuzamoqchi bo’lsangiz, keytering xizmatidan foydalanasiz.
“Biz yirik bazmlarda, premyera tadbirlarida, kokteyl o’tirishlarida, to’y va turli xil boshqa tantanalarda xizmat qilamiz”, – deydi Los-Anjelesdagi “Alligator Pear Catering” kompaniyasi egasi Abi Chilton.
Chiltonning keytering firmasi universitetlar, yirik kinostudiyalar, va hatto Oskar taqdimot marosimiga oziq-ovqat yetkazib turadi. Mijozlar ularning xizmatidan xursand.
“Yangi taomlar tayyorlashni yaxshi ko’raman. Ularni mijozlarga o’zgacha, chiroyli ko’rinishda taqdim etish, oddiy narsadan g’aroyib narsa yaratish o’ziga yarasha bir san’at”, – deydi u.
Abi va uning oshxonasidagi oshpazlar hammaga manzur bo’lgan taomga bir oz o’zgartirish kiritib, yangi ovqat ixtiro qiladi.
“Turli xalqlar taomlarini olib, ularga o’zimizning kaliforniyacha ta’m qo’shamiz, mahalliy ovqatlar bilan aralashtiramiz”.
Abi Chilton uchun oshxonaning u sevgan qismi bu – katta duxovka.
“Unga sakkiztagacha skovorodka sig’adi. Bir paytning o’zida turli xil va ko’plab taom pishirsa bo’ladi”, – deydi u.
Ovqat mijozlarga soat 3 dan boshlab tarqatiladi. Har kuni deyarli ayni ish. Abi ovqat pishirishga yoshligidan qiziqadi, pazanda onasidan ko’p narsalarni o’rgangan. Biroq oshpaz bo’lishiga ko’proq shef-povarning kiyimiga ixlosi sabab bo’ldi.
“Ovqat pishirishdan ko’ra shef-povarning kiyimiga ko’proq qiziqardim. Oshpazlar bu formada farishtaday tuyulardi”.
Abi oshpazlikka o’qidi va unga ham shunday kiyim kiyish nasib etdi. Amerikada shef-povarlikka o’qitadigan ko’plab kollej va maktablar bor.
“Keytering bilan shug’ullanish uchun esa odamda avvalambor xohish, mehnatsevarlik, ijodiy yodnashuv bo’lishi kerak”.
Bu ish ko’p ter va mashaqqatli mehnat talab qilsa-da, insonga xursandchilik ham bag’ishlaydi. Ayniqsa ish tugaganida.
“Tadbirlarda odamlar taomlarimizni maza qilib yeganini, xizmatimizdan xursand ekanini ko’rib, ko’nglimiz ko’tariladi”, – deydi u.
Abi keytering biznesida ham boshqaruvchi, ham oshpaz, ham taom yaratuvchisi rolini bajaradi.
“Ba’zida idishlarni ham yuvaman”, – deydi u kulib.