Smartfonlar inson xulqini o’zgartirdi. Hozir ixtirochilar aqlli ko’zoynaklar ustida ishlamoqda. “Google” kompaniyasining olti yil avval bozorga chiqqan ko’zoynagi ommaviylashmadi. Katta-kichik shirkatlar bu boradagi izlanishlarni davom ettirmoqda.
“Atrofimizdagi dunyoni yaxshiroq anglash uchun kelajakda yolg’iz smartfonlar bilan cheklanib qolmaymiz. Hozir biz ana shu kelajakka sarmoya qilyapmiz”, – deydi “Snapchat” ilovasini yaratgan “Snap” kompaniyasi vakili Liz Gudno.
Kaliforniya shtatida asoslangan bu shirkat “Spectacles” ko’zoynaklarining 3-avlodi ustida ishlamoqda. Bunisi oldingilaridan ilgo’rroq bo’lib, ikkita kameraga ega. Ko’zoynak burchaklaridagi kameralar ishlaganida atrofidagi chiroq yonib, videoga 3-D shaklidagi tasvirlarni kiritsa bo’ladi. Masalan, gullarni yoki qushlarni. Bunday videoni bir daqiqagacha yozish mumkin.
Gonkongdagi “Pacific Future” kompaniyasi yaratgan ko’zoynak tematik parkka kirgan odamlarga atrofdagi manzarani yanada xilma-xillashtirish imkonini beradi. Xellouin bayrami paytida bunday ko’zoynak bog’ni yanada qo’rqinchli qiladi.
“Haqiqiy binolar oldida arvohlarni ko’rasiz”, – deydi kompaniya asoschisi Kayen Li.
Xitoy va Malayziyadagi tematik istirohat bog’larida ham shunday ko’zoynaklardan foydalanish mumkin.
Hajmi va og’irligi tufayli ko’zoynaklar 12 yoshdan kattalarga mo’ljallangan.
Xitoyning “Goolton” kompaniyasi yaratgan ko’zoynaklar esa politsiyaga shubha ostidagi shaxslarni aniqlashda yordam beradi.
“Politsiyachi bu shaxs suratini ko’zoynakdagi qora ro’yxatga kiritib, omma orasidan tez topib olishi mumkin”, – deydi kompaniya vakili Sara Jen.
Yuzni aniqlovchi dastur bilan jihozlangan bunday aqlli ko’zoynak tasvirga tushirgan video yoki surat tahlil uchun mutaxassislarga yuboriladi.
Kamera bilan jihozlangan har qanday moslama insonning shaxsiy hayotiga aralashuv deya ko’rilishi mumkin va aynan shu “Google” ko’zoynaklari ommaviylashmaganiga bir sabab bo’ldi. Shunga qaramay, aqqli jihozlarni ishlab chiqarish uchun raqobat kattayu-kichik texnologik kompaniyalar o’rtasida to’xtamayapti.