Amerika haqidagi ilk taassurotim

Posted November 1st, 2013 at 9:59 pm (UTC-5)
2 comments

1380332_10201856376324126_4517470_n

Pitsburg shahrining ko’rinishi

Muhojirlik yosh tanlamaydi, hech kim muhojirlikka aynan mana bu yoshda chiqsang ishing besh bo’ladi, mana bu yoshdan esa muhojirlik sen uchun chinakam azob bo’ladi, deya olmaydi. Avvalo, bu taqdir va siz har qanday vaziyatda uni labbay deb qarshi olishga majbursiz. Ammo muhojirlik sizni ko’p narsani qabul qilib, ko’p narsadan, mayli vaqtincha bo’lsa-da, voz kechishga majburlaydi. Muhojirlik ham aslida bir imtihon. Kimdir undan hech bir yo’qotishsiz, yengilmay o’tadi, kimdir esa, aksincha, ko’p narsani yo’qotadi. Yo’qotganlari bir umrga eng og’riqli armon o’laroq qalbdan o’rin oladi.

Yana bir, anglab yetganim haqiqat shuki, muhojirlik ham turlarga bo’linar ekan, majburiy va ihtiyoriy. Majburiy ne ekanligini bugun ko’plab insonlar anglab bo’ldi, majburan tatidi. Ixtiyoriysi taajjubli. Avvallari hech kim o’z ixtiyori bilan ona yurtini tashlab, o’zga yurtlarni xohlab qolishini tasavvur qilish qiyin edi. Ammo bu turdagi muhojirlik ham mavjud ekan. Bu haqda keyingi hikoyalarda batafsilroq to’xtalaman.

Har qanday inson, turli sayohatlarda bo’lganidan qat’i nazar, aslida muhojirlik haqida, uning o’ziga xos yuki haqida aynan chin ma’noda muhojir bo’lgach biladi. Zero sayohatning so’ngi bor, uning aniq muddati bor, muhojirlikning esa…

Hammaga ma’lum bir haqiqat bor, ya’ni Amerika mutlaq ma’noda muhojirlar mamlakati. Ayni nomga muvofiq, bu mamlakat necha yuz yildan buyon minglab muhojirlarni o’z bag’riga oladi. Uning naqadar samimiyat ila sizni qabul qilib olishi ilk qadamingizdanoq seziladi. Bu mamlakatda hech kim sizga o’zga madaniyat egasi bo’lganingiz uchun, boshqacha qarash qilmaydi. Sababi… ha to’g’ri, uning o’zi ham o’zga madaniyat sohibi. Amerikada dunyoning hech bir boshqa mamlakatida uchratmaganingiz voqelikni ko’rasiz, ya’ni, bu mamlakat ko’chalarida minglab tillardagi muloqot eshitasiz. Qaysinisidir, qaysidir alohida bir so’zi bilan tanish sezilsa, boshqalarini hatto qanday davlat egasiga tegishli ekanini anglay olmaysiz. Siz Amerikada, qahraton qishda yengil shippakni oyog’iga ilvolganicha, hindlarga xos sari tashlab olib bemalol yurgan ayollarni ham, jazirama issiq payti qalin kiyinib olgan yigitlarni ham uratishingiz mumkin. Eng lol qoldiradigani, Amerikada, hamma bu manzaraga odatiy, shunday bo’lishi tabiiydek qaraydi.

1441241_10201856380284225_1123503310_n

Pitsburg ko’chalari

Ana shunday xilma-xillik barobarida, Amerikada nihoyat darajada sizning holatingizga e’tiborsiz qolmaslik odati mavjud. Qandaydir tushunmovchilik tufayli, balkim aviakompaniya xodimalarining e’tiborsizligimi, shunday bo’ldiki, uchoqda bizning uchun berilgan joy ayri-ayri bo’lib qoldi. Ya’ni menga bir o’rin, hali atigi ikki yoshga to’la boshlagan qizimga boshqa o’rin, sakkiz oylik o’g’limga boshqa, ayolimga esa mutlaqo boshqa o’rinlar berilgan ekan. Anglashilmovchilikdan hayron qolib, vaziyatni bort kuzatuvchisi bo’lgan qizga imo-ishora bilan tushuntirdim. Zero, kamina inglizchada u qadar kuchli emasman. Bort kuzatuvchisi mutlaqo lol qoldi, uning xotirasida hali bunaqa hol uchramagan ekan. Ovoz chiqargich orqali yo’lovchilarga murojaat qilib, vaziyatni tushuntirdi, garchi parvoz qoidalariga to’g’ri kelmasa-da, Amerikaga kirib kelayotgan yangi oilaga yordam berish kerakligini aytdi.

Uchoqdagi barcha yo’lovchi (mutlaqo mubolag’asiz) o’rnidan turib, o’z joyini bizga berish istagini bildirdi. Yonimga kelib allanimalar deb, qo’limni qisishdi. Shu uchoqda ketayotgan rus talaba yigit, “ular sizga “Xush kelibsiz, mutlaqo sarosimaga tushmang, hammasi yaxshi bo’ladi, muhimi siz Amerikadasiz, bu yerda umidsizlanish mumkin emas”, deyishyapti”, deb tarjima qilib berdi. Shuncha odamning ta’kididan so’ng, ikkilanishga ham uyalasan kishi. Demak hammasi yaxshi bo’ladi degan qat’iy ishonch paydo bo’ladi. Paydo bo’ldi ham. Nihoyat ayolim o’g’lim bilan uch o’rinlik joyni o’zlari, men esa qizim bilan uch o’rinlik joyga yakka o’zimiz joylashdik. Pittsburg aeroportiga qo’nganimizda qizim ham, o’g’lim ham uxlab qolishgan edi. Yo’lovchilar, kimdir yukimizni, kimdir o’g’ilcham uchun berilgan kolyaskani olvoldi va bizga dalda bo’lib tashqarigacha kuzatib qo’ydi.

Pitsburgda oqshom

Pitsburgda oqshom

Pittsburg juda chiroyli shahar. Darhaqiqat “Amerika ovozi” teledasturlari orqali, Pittsburgga bag’ishlangan lavhalarni ko’rganlar, bu shaharning ko’rki va o’ziga xos maftunkor jozibasiga guvoh bo’lgan. Pittsburg butun Amerikaga xos muhojirlarga liq to’la shahar. Bu yerda bir kunning o’zida turkni ham, o’zbekni ham, rusni ham, ukrainni ham, hind-u, afg’onni ham, tojig-u koreysni ham, nepal, arab, Afrika qit’asidan kelgan, nomini qaytarish ancha qiynab qo’yishi mumkin bo’lgan davlatlardan kelgan muhojirlarni ham uchratasiz. Bu turfa insonlar lafzida ingliz tili naqadar o’zgacha qiyofada yangrashini-ku gapirmasa ham bo’ladi. Eng qizig’i, hech qaysi amerikalik sizning poyintar-soyintar inglizchangiz ustidan kulmaydi, aksincha, sizni tushunishga urinadi, tushunmasa esa, ne taajjubki, o’zidan xafa bo’ladi. Albatta, har qadamda va har tashkilot-u xonadonda, o’sha mashhur amerikacha tabassum mavjud. Bunga o’rganmagan bizlarning bir pasda og’zimiz charchab qoladi.

Ko’plab mamlakatlardan va hatto Yevropa mamlakatlaridan farqli Amerikada ingliz tilini bilmaganingiz, qolaversa, amerikacha talaffuzdagi inglizchani bilmasligingiz sizga deyarli muammo tug’dirmaydi. Zero Amerikada telefon orqali tarjimon ko’magidan foydalanish imkoniyati mavjud. Sizdan faqat qaysi tilda gaplashishingiz so’raladi, besh daqiqa kutib turish so’raladi, undan so’ng esa go’shakni tutqazishadi va siz, “Assalomu alaykum, mening ismim …, men sizga kirib kelganingiz tashkilot vakili bilan o’tadigan suhbatingizda tarjimonlik qilaman, barcha aytilgan so’zlar oshkor qilinmasligi va o’zga maqsadlarda ishlatilmasligini kafolatlayman”, degan ovozni eshitasiz. Ilk bor Amerikaga kelib, ilk o’zbekcha talaffuzni eshitib ne holga tushganimizni aytib o’tirish shartmasdir…

Shu o’rinda Amerikada siz albatta yo’liqadigan holatlar haqida to’xtalsam. Eng avvalo, siz biroz hayratlanib qabul qilishingiz mumkin bo’lgan holat, bu oddiy amerikaliklarning dunyoda hamma inglizchada gaplashadi deya ishonishi. Qay tarzda gapirishingiz muhim emas, muhimi siz bu tilni bilasiz, tamom vassalom. Shu bois sizga ro’baro kelganda, tushunmasligingiz mumkinligi haqda o’ylab ham o’tirmay shartta gapiraveradi. Tushunmasangiz, hayron qoladi. Qayerdan keldingki, inglizchani bilmaysan, deb savolga tutadi. Bu payt O’zbekistondanman demaganingiz ma’qul, aks holda, bu juda qoloq, savodsiz bir mamlakat shekilli degan gumonga borishlari mumkin. Siz qayerdan ekaningiz, u qanday mamlakat ekani va siz o’zga bir, hech qaysi madaniyatlardan qolishmaydigan, balkim bir necha asrlarga teng madaniyat sohibi ekaningiz amerikaliklar uchun hech narsani anglatmaydi. Ammo inglizchani bilmasangiz tamom, siz mutlaqo savodsiz kimsaga aylanasiz.

Ikkinchi holat amerikaliklar boshqa davlatlar haqida u qadar mukammal tasavvurga ega emasliklari, hatto Amerika qit’asidan tashqari ham qit’alar borligini bilmasliklari. Garchi sizni bu hayratga solsa-da, amerikaliklar uchun bu normal holat. Agar siz buni normal emasligini isbotlashga urinsangiz, eng zerikarli suhbatdosh topilasiz. Amerikada ham, dunyoning o’nlab boshqa davlatlaridagi kabi o’z bayramlari mavjud. To’g’rirog’i odatga aylangan, qaysidir madaniyat sohiblari tomonidan Amerikaga olib kelingan bayramlari mavjud. Eng qizig’i, garchi bu bayram qachondir, qaysidir madaniyat sohibi tomonidan olib kelingan bo’lsa-da, amerikaliklar bu bayram alohida madaniyat egalariga taalluqli ekanini unutib yuborgan va bayram butun dunyoda keng nishonlanadi degan qat’iy ishonchga ega. Shu bois, agar siz bu bayramni bilmasligingizni aytsangiz to’ppa to’g’ri, g’irt zerikarli va qoloq inson deb topilasiz.

1391838_10201856378244174_1504922989_n

Pitsburg

Ha, aytgancha, mubolag`a bo`lmasinu, amerikaliklar – oddiy amerikaliklarni nazarda tutyapman – ayrim davlatlar haqida tasavvurga ega. To’g’ri bu davlatlar qayerdaligini bilmasligi mumkin, ammo Arab davlatlarini biladi, chunki u yer haqda Amerika matbuoti ko’p gapiradi, Rossiyani biladi, chunki bu davlat hamma vaqt (amerikaliklar nazdida) Amerikaning asosiy opponenti bo’lib kelgan, Xitoyni bilishadi, chunki Amerikadagi yirik bizneslar aynan ana shu davlatda ish yuritadi. Shu bois Amerikada eng ko’p uchraydigan va sizni mutlaqo hayron qoldiradigan narsa, bu har bir buyum, kiyim-kechakdagi “Made in China”, degan eslatma. Yana bir eslatma, Amerikada, O’zbekiston va boshqa MDH davlatlaridan farqli “Made in China” degan eslatma tovar sifatini shubha ostiga olish uchun sabab emas.

Xullas, sahifaga xush kelibsiz, uni kuzatib borsangiz, ishoning, Amerika haqida, balkim sizga u qadar ma’lum bo’lmagan ayrim ma’lumotlarga ega bo’lasiz. Amerikada yurgan vatandoshingiz haqidagi “Amerikada yuripti-ku, rosa pul topyapti-yov” degan gaplar naqadar asosli ekani va turli yo’llar bilan Amerikaga kelib qolgan vatandoshlarning bu yerdagi tirikchiliklari haqida ayrim ma’lumotlarga ega bo’lishingiz mumkin bo’ladi… Sahifamizda chop etib boruvchi hikoyalarimiz davomida, bu erda qisqa qilib eslatganim holatlarga batafsilroq to’xtalaman. Ishoning e’tiboringizni tortuvchi qiziq holatlar juda ham ko’p… Umid qilamanki, sizda ham ayni sahifamiz orqali o’rtoqlashishga arzirli hikoyalar bor, marhamat ularni biz bilan o’rtoqlashing. Zero bu sizning ham sahifangiz.

Kamoli ehtirom ila Husniddin

2 responses to “Amerika haqidagi ilk taassurotim”

  1. Hus says:

    Rahmat, Husniddin aka! Berib borayotgan barcha taassurot, maslahat va fikrlaringiz uchun. Kuzatishda davom etamiz, albatta.

    Husan Soatov,
    Puna, Maharashtra, Hindiston.

  2. Ман бу сайтга энди кира бошладим. Америкача хаетни янаям кенгрок еритиб боринг Оллох насиб эткан булса грин карддан ютук чикиб колса куришармиз балким.

    хурмат билан Чингиз Хан
    Тошкент
    Узбекистон

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

BLOG HAQIDA

muhojirlar shaharchasi2

Garchi blogimizni "Muhojirnoma" deb nomlagan bo'lsak-da, u alohida muhojirning kechinmalari va yoki sarguzashtlari haqida bayon qiluvchi sahifa emas. Bu ma'lum ma'noda muhojirotni o'z tanasida tatib ko'rgan insonlarning kundalik daftariday. Sahifa Amerika bilan tanishish, uning ijtimoiy-ma'naviy hayotini o'rganish, qolaversa bu mamlakatga kelish va undagi ayrim “imkoniyatlar”dan foydalanishni ko'zlayotgan minglab o'zbekistonliklar uchun ma'lumotnoma vazifasini o'tashni maqsad qilgan. Unda nafaqat Amerika, balki butun dunyodagi muhojirlar hayotiga oid ma’lumot va kechinmalarni berib borishni niyat qilganmiz.
Bizni kuzatib boring.

Kalendar

November 2013
M T W T F S S
    Dec »
 123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930