Yangi sharoit, o’zgacha munosabat

Posted November 24th, 2013 at 2:52 pm (UTC-4)
1 comment

Kamina pitsa pishiryapti.

Kamina pitsa pishiryapti.

Xalqimizda azaldan tan olinib kelingan bir haqiqat bor, ya’ni har yerning o’ziga yarasha mashaqqati bo’ladi. Bordi-yu siz shu mashaqqatni yengishga, uning oldida o’zingizni yo’qotib, dovdirab qolmaslikka urinmasangiz, tamom, qiyinchilik uzoq vaqt sizga ergashib yuraveradi. Amerikaga kelganingizda sizga, dastlab, bir yil chinakamiga yangi vaziyat, yangi jamiyatga moslashguningizcha qiynalishingizni aytishadi.

Aytib o’tish joiz, albatta shunday, ammo bu bir yildan so’ng siz chinakamiga shohona hayot kechira boshlaysiz degani emas. Amerikada siz keliboq duch keladiganingiz haqiqat shundan iboratki, o’z sharoitingizni o’zingiz yaratasiz, bu yerda xuddi O’zbekistondagi kabi otangiz, bobongiz va yoki boshqa uzoq ajdodingizdan sizga meros qoldirilgan hech qanday imkoniyat yo’q. Hammasi o’zingizga, qanchalik tez qayerdaligingizni anglab, aniq qarorga kelib, harakatga tushishingizga bog’liq. Aks holda, men Amerikada tanishganim bir yahudiy bastakor aytmoqchi, “ko’prik ostidan joy olishingiz” hech gap emas.

Yana bir holat, Amerika uchun, afsusi, sizning sobiq MDH hududida olgan bilimingiz va tugallaganingiz oliy o’quv yurtining diplomi mutlaqo hech narsani anglatmaydi. MDH hududida ancha-muncha odamning og’zini ochib qo’yishi mumkin bo’lgan oliy o’quv yurtingiz haqidagi ma’lumot amerikaliklar uchun oppoq qog’ozni ko’rsatib, undagi kataklar naqadar chiroyli terilganini uqtirishga urinish bilan baravar. Diplomingiz Amerika hududida tan olinishi uchun uni dplom darajasini aniqlovchi maxsus ta’lim kompaniyalari orqali tasdiqlatib olishingiz lozim bo’ladi.

"Subway"dagi odatiy ish kunlarimdan biri

“Subway”dagi odatiy ish kunlarimdan biri

AQShda deyarli har bir shtatda o’nlab oliy o’quv yurtlari mavjud, ammo atigi o’n yoki o’n beshta oliy o’quv yurti borki, ularning diplomi siz uchun istaganingiz yirik tashkilotga (kompaniya, konsern) qiyinchiliksiz yo’l ocha oladi. Qolganlari shunchaki, ishsiz qolmasligingizga kafolat, xolos. Shuning uchun, o’z diplomingizni peshonaga so’nggi bor bir surtasizu, chamadonga ichkariroq joylab qo’yasiz.

Aytaylik, agar siz atigi 20 dan 25 gacha bo’lgan oraliqdagi yosh egasi bo’lsangiz, albatta, Amerika oliy o’quv yurtlariga kirishga urinib, mahalliy malakaga erishishingiz va alal-oqibat nisbatan yaxshiroq ishni qo’lga kiritishingiz mumkin. Ammo agar yoshingiz biroz ilg’orlab ketgan bo’lsa, u holda topganingizga shukur qilib, belni mahkam qilishga majbursiz. Aynan ana shunday, ikkinchi toifa vatandoshlar uchun bu yerda uch xil ish doim muntazir. Mehmonxona yoki yirik savdo markazida tozalovchi, “Subway” yoki pitsaxonada oshpaz yoki pitsani haridorga yetkazib beruvchi bo’lib ishlash. Mana shu yerda Amerikada yurganlar yoki taqdir taqozosi bilan Yevropada bo’lib qolganlarga nisbatan O’zbekistondagilar orasida hukmron fikrlarning aslida mutlaqo noto’g’ri ekanini aytib o’tmoqchiman. Ishoning, Amerikaga kelishingiz bilan go’yo qo’lingizga tutqazib qo’yiladigan bir dunyo dollarlar haqidagi gaplar g’irt yolg’on.

Mijozlarni uzoq kuttirish yaxshi emas.

Mijozlarni uzoq kuttirish yaxshi emas.

Darhaqiqat yordam qiluvchi tashkilotlar haqida. Bu mamlakatda boshpana olgan muhojirlar uchun ish topish masalasi sizni kutib olgan tashkilotlar zimmasidagi vazifa. Ammo ularning ko’pchiligi uchun mutlaqo tushunarsiz bo’lgani, aksar muhojirlar, ayniqsa MDH davlatlardan kelganlari (ular orasida tabiiyki, o’zbeklar ham bor) bu tashkilotlar topgan ishdan or qiladi. Ya’ni, tashkilotlar, eng avvalo, sizning holatingizga e’tibor qiladi, til bilmasligingiz, mahalliy malakaga ega emasligingiz va eng muhimi bir qop boylikni orqalab kelmaganingiz. Shundan kelib chiqib, mehmonxona, savdo markazi tozalovchisi, qariyalar uchun maxsus pansionatlar yoki tibbiy muassasalarda tozalovchi, sanitarlik ishini taklif qiladi. Bu ishdan or qilganlar bir narsani unutadi, yordam qiluvchi tashkilotlar eng avvalo, siz uchun tibbiy sug’urtaga ega joylardan ish qidiradi. Zero tibbiy xizmat Amerikada juda ham qimmat. Yordam qiluvchi tashkilotlarni hayron qoldiradigani, bizning vatandoshlar bu ishlarni rad etib, hech qanday sug’urtaga ega bo’lmagan joylarga ishga o’tishadi. Xuddi o’sha “Subway” va pitsaxonalarga.

Albatta, bu ikki joyda ham o’ziga yarasha yutuqlarga erishib, menejer va bosh menejer darajasiga ko’tarilib olish mumkin. Bunday vatandoshlar ham bor. Afsuski, ko’pchiligi bu maqomga chiqqach, o’zining kechagi kunini unutib qo’yadi va natijada… Bular haqda biroz keyinroq. Ammo endi siz har qanday muammoingiz, shu jumladan, tibbiy ehtiyojingizni ishlab topayotganingiz pulingiz evaziga hal qilishga majbursiz.

Demak, endi sug’urtani siz o’zingiz sotib olishingiz kerak. “Subway” va pitsaxona esa… Bu ikki yemakxonada turli go’sht mahsulotlari mavjud va ular saqlanadigan idishlar muntazam yangilanib, maxsus kimyoviy suyuqliklar bilan yuvib turiladi. Bu suyuqliklar bilan muntazam aloqa natijasida turli allergiyalar yuqtirib olishingiz mumkin. Ana shu payt, tibbiy sug’urta naqadar zarur ekanini anglay boshlaysiz…

Kamina qo'li bilan tayyorlangan pitsaga marhamat!

Kamina qo’li bilan tayyorlangan pitsaga marhamat!

Ha, mayli, bo’lar ish bo’ldi. “Subway”ni tanladingiz. Deyarli hamma vatandosh shu joydan tirikchilikni boshlaydi. U yerga, aytib o’tganimday, ishga joylashish oson va malaka shart emas. “Subway”ga ishga kirgan inson bir narsaga mutlaqo tayyor bo’lishi yoki o’sha qoidaga moslashishi shart. Ya’ni, bu yerda siz uchun muntazam, bir maromga tushirilgan ish vaqti bo’lmaydi, bir safar siz tongdan kunning ikkinchi yarmigacha, boshqa safar esa tushlikka yaqinroq vaqtdan to yarim tungacha ishlashingiz kerak bo’ladi. Bu ikki ish joyida siz Amerikada belgilangan mehnat vaqtlarini mutlaqo unutishingiz kerak. Zero, bu vaqtlarga mos ishlagan taqdiringizda, sizning bir oyda topajak maoshingiz arang 700-800 AQSh dollariga yetishi mumkin. Agar turar joy ijarasi va yo’l kira haqingizni chiqarib tashlasangiz unda, ishoning sizga hech narsa qolmaydi. Shu bois hamma, mutlaqo hamma ish vaqtiga oid qoidani chetlab o’tishga majbur. “Subway” egalari uchun bu ayni muddao.

Aslida Amerikada o’rnatilgan qonun-qoidalarga muvofiq, belgilangan qonuniy ish vaqti (8 soat)dan ortiq ishlagan taqdiringizda ish beruvchi sizga “overtaym”, ya’ni ortiqcha vaqt uchun qo’shimcha to’lov berishi kerak va bu to’lov odatda, doimiy to’lovdan ikki yoki besh dollarga ko’proq bo’ladi. Xuddi shunday, dam olish va yoki bayram kunlari ishlaganingiz uchun sizga oyligingizda belgilangan summadan bir yarim baravar yoki ikki baravar ko’proq miqdorda pul belgilanadi. Shunda ham agar siz o’zingiz rozi bo’lsangiz, ayni qoida bo’yicha muomala qilinadi. Agar bayram va yoki dam olish kunlari ishlashni istamasangiz, u holda sizni majburlash mumkin emas. “Subway” va yoki pitsaxonada ishlaydigan vatandoshlar uchun bu qoidalar ishlamaydi. Bir xillari bu qoida bilan tanish bo’lmagani va ba’zan ish beruvchi ularning shunday huquqlari borligi haqida aytib ogohlantirmagani uchun imtiyozlardan mahrum ishlashadi. Bir xillari esa, allaqachon noqonuniy muhojir maqomiga tushib qolganliklari uchun aytib o’tilgan qoidalarni unutadi.

Shuning uchun bitta maslahat. Amerikada qaysi ish o’rniga da’vo qilishingizdan qat’iy nazar, eng avvalo, ishga kirishishdan oldin o’z majburiyatlaringiz va siz uchun belgilangan imtiyozlar va ehtimoliy qo’shimcha to’lovlar haqida oldindan kelishib olishingiz shart. Bir narsani bilib olish shartki, Amerikada istihola va yoki xijolatchilik degan tushunchalar yo’q. Garchi ish beruvchi sizning sobiq vatandoshingiz bo’lsa ham, u Amerikada mavjud odat va qoidalarga jiddiy rioya etadi. Agar oldindan kelishib olmasangiz, u holda siz ko’p imkoniyatlarni yo’qotasiz va keyinchalik e’tiroz bildirolmaydigan holatga tushasiz. Masalan, “Subway” yoki pitsaxonaga ishga joylashar payt ham siz haftasiga necha kun ishlashingiz, necha soat ishlashni xohlayotganingiz va dastlab siz uchun belgilangan oylik qaysi muddatda qaysi miqdorga o’sishi mumkinligini aniqlab olishingiz shart.

Qolgani, albatta, o’zingiz ish joyda naqadar faol va ish beruvchi uchun ma’qul ishchi sifatida tanilishingizga bog’liq. Endi bevosita ish haqida. “Subway” bu muntazam muloqot degani. Siz bu yerda bevosita xaridor bilan muomala qilishga majbursiz. Shu bois tilni bilishingiz koni foyda. Endi bordi-yu, bilmasangiz, u holda siz qilajak mahsulotingiz va uning xaridorlar orasida qanday nomlanishini bilib olishingiz, yana ham to’g’rirog’i, yodlab olishingiz shart. Nega xaridorlar orasida nomlanishini dedim. Gap shundaki, xaridor hamma vaqt ham, xohlayotgan yeguligini “Subway” yoki pitsaxonadagi nom bilan atamasligi mumkin. Bu xuddi O’zbekistonda, “suyuqrog’idan ikki chini quyvoring”, yoki “xamirli ovqatingizdan bera qoling”, deganday. Ya’ni, mastava, sho’rva deb atamasligi mumkin. Bitta misol, “Subway”da “Italian xyorbs end chiz (Italian Herbs & Cheese)”, degan non bor. Aksar xaridor bu uzun nomni takrorlab o’tirmaydi va oddiygina qilib “chizi bred”, “vayt bred” va yoki “xyorbsian” deb atashi mumkin. Siz nima nazarda tutilganini bilishingiz kerak.

Bu bizning ishxona.

Bu bizning ishxona.

Albatta, ilk ish kunlarim kamina ham, “chizi bred” deyilganida do’konda mavjud hamma nonni birma-bir ko’rsatib chiqqanman, qaysinisi nazarda tutilganini anglash uchun. Avvalgi suhbatimizda aytganimday, amerikaliklar ingliz tili butun dunyoda qabul qilingan o’zaro muomala tili deb biladi. Shu uchun siz uning gapini tushunmasligingizni, oddiy til bilmaslikka mengzamaydi, ko’p hollarda sizni gaplarimga diqqat qilmayapti, deb xulosa qiladi. Shunda siz albatta “uzr, men yangi ishchiman, bugun mening ilk ish kunim va shu bois, sizdan menga yordam bervorishni so’rayman”, desangiz olam guliston. Avvalgi suhbatda aytganimday, amerikaliklar yordam berishga intiq insonlar. Xaridor, albatta, yordam berishga intiladi va sizga so’rayotgan narsasining suratini ko’rsatadi. Darhaqiqat, “Subway”da har bir mahsulotning surati bor.

Pitsada biroz o’zgacha, bu yerda xaridor bilan muntazam muloqot yo’q. To’g’rirog’i, yuzma-yuz muloqot yo’q. Bu yerdagi asosiy muloqot telefon orqali. Ammo telefon muloqoti uchun tilni yaxshi bilish shart, zero xaridor o’z buyurtmasini telefon orqali aytadi, siz uni aynan tayyorlab olib bormasangiz, pitsa qaytariladi, bu esa siz uchun va siz ishlayotgan joy uchun juda katta minus. Amerikaliklar, avvalgi suhbatda aytganimday, ingliz tilida o’zgacha she’vada gaplashadi. Ko’p hollarda ularning gaplarini tushunmasligingiz tabiiy hol. Uzoq vaqt muloqotda bo’lgach, siz amerikalik ingliz bilan yevropalikni oson farqlay oladigan bo’lasiz. Ammo birinchi safar siz uchun bu chinakam muammo bo’ladi. Pitsada “Subway”dan farqli mahsulotlar turi ko’proq, ularning nomlari ham boshqacharoq. Hamma ish joylarida bo’lgani kabi, pitsada ham aksar nomlar qisqa ikki yoki uch harf ko’rinishida ko’rsatiladi. Masalan oshpazga yangi buyurtma haqidagi buyurtma qog’ozi kiritiladi. U qog’ozda atigi uch-to’rtta harflar keltirilgan bo’ladi, ATM, PPRga o’xshash. Pitsa pishuruvchi o’shanga qarab pitsaning xamirini tayyorlaydi, uni kerakli masalliqlar bilan bezaydi va pishirish uchun plitaga joylaydi.

U yog’iga, pitsa yetkazib beruvchi “drayver” (haydovchi) ishga tushadi, u buyurtma qog’ozida bitilgan manzilga pitsani imkon qadar tezroq yetkazishga urinishi kerak. Buning uchun Amerikada “GPS” yo’l ko’rsatib beruvchi moslama qo’l keladi. Odatda pitsaxona tonggi soat 9:00dan ish boshlab, keyingi kunning tongi soat 3:00gacha ishlaydi. Demak, pitsa pishiruvchi necha soat ishlashini tasavvur qilavering. Kuzatuvlarim natijasida amin bo’lganim bir narsani aytishni lozim topdim. Amerikaga “yashil qarta” yordamidami yoki boshqa usuldami, kelishni ahd qilgan ekansiz, uchta asosiy masalani hal qilib olishga urining:

1. Ingliz tilini o’rganing!

2. Ingliz tilini o’rganing!

3. Ingliz tilini o’rganing!

Shundagina, garchi mahalliy malaka egasi bo’lmaganingiz taqdirda ham ma’lum yutuqlarga erishishingiz, o’zingiz (oilali bo’lsangiz oilangiz uchun ham) uchun qulay sharoit yaratish imkoniga ega bo’lasiz. Tilni bilishlik sizni hatto “Subway” va pitsaxonada ham yaxshiroq maqomga ko’tarilib olishga yordam beradi. Zero, bu ikki joyda alohida malaka shart emas, har qanday vazifani nari borsa bir oyda bemalol uddalay oladigan bo’lasiz. Demak, tilni bilsangiz siz menejer, keyinroq, balki hatto bosh menejer bo’lishingiz mumkin. Bu esa yaxshiroq oylik va muntazam va bir tekis maromga tushirilgan ish vaqti degani. Qolaversa. tibbiy xizmatdan foydalanish imkoningiz ham paydo bo’ladi, zero sizda yaxshi daromad bor.

Sahifani kuzatib boring, qiziq gaplar hali oldinda…

Husniddin Qutbiddinov

One response to “Yangi sharoit, o’zgacha munosabat”

  1. охооо маслихат учун рахмат Хусниддин бро. Ман жохон тилларида укийман. Америкада бирор хостелми еки гестхаусгами ишга жойлашмокчийдим. Демак давлат ишларидан умид килмасам хам булар эканда

Leave a Reply to Чингиз Улжаев Cancel reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

BLOG HAQIDA

muhojirlar shaharchasi2

Garchi blogimizni "Muhojirnoma" deb nomlagan bo'lsak-da, u alohida muhojirning kechinmalari va yoki sarguzashtlari haqida bayon qiluvchi sahifa emas. Bu ma'lum ma'noda muhojirotni o'z tanasida tatib ko'rgan insonlarning kundalik daftariday. Sahifa Amerika bilan tanishish, uning ijtimoiy-ma'naviy hayotini o'rganish, qolaversa bu mamlakatga kelish va undagi ayrim “imkoniyatlar”dan foydalanishni ko'zlayotgan minglab o'zbekistonliklar uchun ma'lumotnoma vazifasini o'tashni maqsad qilgan. Unda nafaqat Amerika, balki butun dunyodagi muhojirlar hayotiga oid ma’lumot va kechinmalarni berib borishni niyat qilganmiz.
Bizni kuzatib boring.

Kalendar

November 2013
M T W T F S S
    Dec »
 123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930