Kamina o'z ishi bilan band bo'lgan paytlar, 2005-yil, Toshkent.

Kamina o’z ishi bilan band bo’lgan paytlar, 2005-yil, Toshkent.

Garchi taqdir taqozosi bilan mutlaqo boshqacha sharoitga moslashib, o’zgacha vaziyatda hayot kechirishga to’g’ri kelayotgan bo’lsa-da, inson qon-qoniga singib ketgan hunaridan voz kechishi qiyin ekan. Kunora yo’liqayotganim voqealar, tanishayotganim yangi taqdirlar ichimni tirnaydi, tunlari sakrab o’rnimdan turib xayolan qoralamalar qilaman, sho’rlik laptopim ana shunday qoralamalarga to’lib ketgan. Tongga yaqin, ishga tayyorgarlik ko’rar payt qoralamalarga bir qarayman-u, ozroq ishlov berish kerak degan iddao bilan, laptopni o’chiraman. Shu bilan qoralama “chang” bosib yotaveradi. Ish joyim uyimdan ancha olisga surilib oldi. Endi har kuni, tong saharda yarim soat, qirq daqiqali yo’lni bosib o’taman. Yengil mashinada 70-80 km. tezlikda “xayvey”da (shahar tashqarisidagi avtomobil yo’li, shaharlararo yo’lda bundan past tezlikda yurish mumkin emas) yarim soat yuraman. Mana shu yo’l davomida ham turli voqealarga guvoh bo’laman, ayrim narsalar yana qitiq patimga tegadi, ish joyimga kirib borgunimga qadar xayolan maqola bitaman.

Juda ko’p o’ylanganim, turli mamlakatlarda matbuot va/yoki matbuot xodimi, jurnalistga bo’lgan munosabat o’sha mamlakat ahliga oid madaniyatga bog’liq ekan. Nazarimda, bizga yaxshiroq tanish bo’lgan MDH doirasidagi davlatlarda ko’proq sun’iy madaniyatlar hukmron. Zero aynan shu davlatlarda gapirilgan gap bilan, qilinajak amal o’rtasida ikki qit’a orasichalik farq bor. Qiziq-da axir, nima uchun bu mamlakatlarda jurnalist ko’targan muammo yoki jurnalistning e’tiboriga tushib qolgan vaziyat bo’yicha kerakli harakatlar olib borilmay, o’sha mavzuni ko’targan jurnalistga qarshi choralar ko’riladi. Demak, “vaysaqi”ning tilini tiyib qo’yish, baribir, bir kuni ko’zni o’yadigan darajada bo’rtib chiqadigan muammoni hal qilishdan ko’ra osonroq. Madaniyat shu darajada. Uying ostonasidagi axlatni tozalab qo’yishdan ko’ra, unga ishora qilgan “bemaza” qo’shnini kerakli idoralarga arz qilib yurib ko’chirtirib yuborish ma’qulroq.

Amerikada ham aslida mundoq qarasang yozadigan, ko’tarishga arzirli voqea ko’p, juda ham ko’p. Qo’lingga qalamingni olu yoz. Ammo, bu yerning o’z jurnalistlari etarli. Mahalliy matbuot uchun har kuni “qaynoq” mavzu topiladi. Jurnalistlar bu mavzularni ko’targani uchun ularni hech kim ta’qib ham qilmaydi, allaqanday aql bovar qilmas ayblovlar bilan qoralamaydi ham. Aksincha, ma’lum holat bo’yicha, mutasaddi idoralar va hatto shahar, shtat kattalari chiqib alohida hisobot beradi. Hech qaysi mutasaddi o’z so’zini mavzuni ko’targan jurnalist yoki matbuotni birrov “tepib” o’tishdan boshlamaydi, aksincha, nechun shunday bo’ldi-yu, endi nima qilinishi haqda va’dali bayonot qiladi. Yaqinda bir qora tanli yosh yigitga nisbatan politsiya bo’linmasida kuch ishlatilgan. Bu voqea bir zumda aholi orasida keskin norozilik kayfiyatini qo’zg’adi. Yigit istiqomat qiladigan mahalla (o’zbekcha qilib aytganda) fuqarolari shartta yig’ilib politsiya bo’linmasi tomon norozilik yurishi qildi.

Endi kamina sobiq bo’lsam ham jurnalistman, o’zimni to’xtata olmadim, o’sha olomon ketidan yurdim. Ikki uchta politsiya mashinalari keldi, norozilik yurishi ishtirokchilarining ikki yonidan sekin kuzatib bordi, ammo avtobus va yoki boshqa mashina kelib, hammani shartta olib ketmadi. Politsiya bo’linmasi oldida yarim soatlik norozilik piketi uyushtirildi. Kamina O’zbekistonda kuzatganim juda oz sonli piketlardan farqli o’laroq, Amerikadagi piket ishtirokchilari bir ovozdan, baland ohangda o’z e’tirozini izhor qilib turdi. Nihoyat voqea joyiga jurnalistlar, mahalliy televideniye yetib kelgach, piketchilar qarshisiga politsiya bo’linmasi rahbari, shahar politsiyasi rahbari, shahar hokimi chiqdi. Gapni shahar politsiyasi rahbari piket ishtirokchilari va kaltaklangan yigitning qarindoshlaridan kechirim so’rashdan boshladi. So’ng kuch ishlatgan politsiya xodimlariga nisbatan ichki tekshiruv boshlangani va bu tekshiruv nihoyasiga yetguniga qadar bu politsiyachilar ishdan chetlatilganini aytdi. Ha, eng asosiysi, kaltaklangan sho’rlik shahar politsiyasi jamg’armasi hisobiga davolanadigan bo’ldi.

Matbuotda bu voqea batafsil yoritildi, shu darajada batafsilki, hatto prezident Obama munosabat bildirishga majbur bo’ldi. Nega endi yer kurrasining narigi qit’asida ham mana shunday bo’lishi mumkin emas? Kim bundan ko’proq yutqazadi, matbuotmi, oddiy xalqmi yoki hokimiyat? Kim bundan yutadi? Yutyaptimi?

Sezib turganingizday, qo’llar allaqachon kompyuterning tugmachalarini urib, kattakon matnni “tashlab” qo’ydim. Keyin esa, bu matnni ham boshqa shu kabi “qaynoq” matnlar safiga joyladim.

To’g’ri, hamma kasbning o’ziga yarasha lazzati bor. Anovi qalpoq menda bo’lsa edi, deb o’tirsangiz boshingiz issiq bo’lib qolmaydi. Taqdir ekan, rozi bo’lmay ilojingiz yo’q. Qolaversa, yangi ishimdan ham u qadar nolimayman. Zero, bunda ham qiziq holatlar bor. Kuniga o’nlab xarakterlarni kuzataman. Shu darajaga yetdiki, odamning (xaridorning ya’ni) tashqi ko’rinishiga qarab olajak yeguligini, qanday masalliq bilan to’ldirishi, qanday miqdorda to’ldirish niyatida ekanini bilaman. Ba’zan mahsulotni biroz isitib oladimi, yo’qmi oldindan sezaman ham. Har bir xaridor alohida qiziq obraz.

Birga ishlaydigan sheriklarni aytmaysizmi. Soatlab gaplashib to’ymaysiz. Har bir holat, vaziyat haqida chunonam “qiziq” tahlil qilib berishadi, eshitib miriqasiz. To’g’ri, hamma vaqt ham ularning munosabati-yu xulosalari, “tochna bilaman, shunday” maqomdagi da’volari haqiqatga yaqin bo’lmaydi, ammo buning nima qizig’i bor, muhimi oddiy xalq vakilining fikri ana shunday, bu ham qiziq, axir. Kutilmaganda, ichingizda nimadir “jiz” (xalqona aytganda) etadi, mana shu haqda ham qoralama qilsam edim, deysiz… Kechga yaqin ishdan qaytgach, yana o’sha holat, uyqusizlik, kompyuter qarshisidan keta olmaslik…

Bir necha yil muqaddam AQShning O’zbekistondagi elchixonasida o’tgan bir uchrashuv yodimga tushdi. Adashmasam, Davlat departamentidanmi kelgan odam “tahdid bo’lsa, qiyin bo’lsa, jurnalistlik qilish shartmi, boshqa ish bilan shug’ullansanglar bo’lmaydimi?”, deb qoldi. Men, “jurnalistlik ham giyohvandlikday, undan voz kechish osonmas”, degandim.

Amerikaga kelganimizga atigi bir yil bo’lar-bo’lmas, uyda kichik tadbir o’tkazdik. Onam shu tadbirda nevaralarini quchog’iga olar ekanlar, “ana shu sadqai kasb ketgur bo’lmaganida edi, dadang oddiy cho’pon bo’lganida ham sizlar o’z Vataningizda, xohlaganingizcha erkalab o’sardingiz, havosidan to’yib nafas olardingiz”, deb qoldilar.

Onajonim! Oxirgi uch-to’rt yil davomida necha marta shu xayol miyamda mehmon bo’lmadi, deysiz. Ammo kunora yo’liqqanim holatlar, ayrim voqealar baribir tinch qo’ymay, baribir nimadir qilishga majburlagan bo’lardi-da, deb o’zimni oqlashga kirishaman. Aslida, nazarimda MDH davlatlari, aytaylik, xuddi o’sha Rossiya ham, Belarus yoki sal u yoqroqdagi, sharqroqdagi davlatlar Amerika va yoki Yevropadan ko’p ham o’pkalamasa bo’ladi. Negaki bu davlatlar (AQSh va Yevropani aytamanda), o’sha tilga olib o’tganim davlatlar uchun o’ziga xos “tez yordam” vazifasini o’tayapti. Qarang, qanchalar jurnalist, yozuvchi, shoir, muxolifat vakili, siyosatchilar-u sal “cho’rt kesar” sobiq amaldorlar AQSh va Yevropada suv ostiga g’arq bo’lganday, tinchib ketdi.

Onda-sonda u yer-bu yerda kichik chiqish qilishlarini aytmasa (o’shanda ham kimdir ularni to’satdan eslab qolsa), boshqa payt deyarli ularning ovozi eshitilmaydi. Demak, kecha bu shaxslardan xunob bo’layotgan davlatlar ancha xotirjam tortdi-da. Unga boshpana berdi, buni olib chiqib ketdi, deb o’pkalamasa ham bo’ladi, muhimi ovozi o’chdi-ku. Qaysi jurnalist yoki shoir, boring, ana muxolifat vakili qo’nim topgani xorij davlatida tegishli sharoitga ega bo’lib, xuddi o’z davlatidagiday faol harakatini davom ettiryapti? Hammasi (mayli deyarli deya qolay) kundalik tirikchilik bilan ovora. Bu ham bir qamoqday, faqat o’zing bilan ovora bo’lasan, xolos. Faqat bu qamoqning ko’rinishi boshqacha, qalin beton devorlar-u, tor, sovuq kameralar o’rnini tashvish, ehtiyoj egallagan. Hech qaysi muhojir yelkaga bemalol osilib olgan “xurjunni” chetga surib, avvalgi ishi bilan shug’ullana olmaydi, imkon yo’q. Ana, yana bitta mavzu chiqib qoldi, boshpana aslida yordammi, agar yordam bo’lsa, kimga yordam, chiqarib olingangami yoki?.. Agar shu mavzu bilan muhojirlarga murojaat qilsangiz, shubhasiz, juda ham yaxshi maqola bitiladi.

Men bugun ana shunday o’nlab mavzular, kalladan nariga o’tmay qolayotgan mavzular asiri bo’lib qoldim. Aslida yigit kishiga qirq kasb oz sanalsa-da, faqat bittasi uning yuragida abadiy yashar ekan. Faqat o’sha kasb uni yo ko’taradi, yoki… Hozirgi ish joyimda ham, o’zimga yarasha o’rnim bor, qilayotgan ishim (umid qilamanki) menejerimga yoqadi. Har qalay, so’raganim imkoniyatni bajonidil yaratib beradi. Lekin… Bir kuni tushimda allaqanday voqeani jonli radio efirda muhokama qilyapman deng, yonimga uch-to’rtta men bilgan, tanigan tahlilchilarni ham yig’ib olganman. Dasturni boshqaryapman-u, xayolimda (tushimdagi xayolimda), “qachon qaytdim kasbimga, nahot ayriliq ortda qoldi-yu, men yana o’z sevimli ishim bilan shug’ullanyapman?”, degan savollar aylana boshladi. Men bilgan, uzoq vaqt ishlaganim studiyamizni yaqqol ko’rib turibman, kasbdoshlar… Qandaydir qiziq luqma bilan dastur davomidagi keyingi lavhani e’lon qilar payt uyg’onib ketdim. Qiziq.

Ko’pchilik tanishlar, yangi, Amerikada orttirganim tanishlar, vafo qilmagan ishni (kasbni) unutish kerak, qilayotgan ishingiz siz uchun foydadan ko’ra zarar olib kelsa, undan nima foyda deyishadi. Kim biladi, balkim bu so’zlarda ham hikmat bordir. Ammo mening fikrimcha, menga kasbim, ish joyim bevafolik qilmadi, har bir yangi kun, yangi mavzu men uchun o`zgacha zavq bag`ishlar edi. Shunchaki sharoit erkin faoliyatni ko’tara olmadi. Aslida sharoit ham emas… Muhojirlik juda og’ir yuk, zero unda siz ko’p narsani yo’qotasiz, ko’p narsadan voz kechishga majbur bo’lasiz. Ammo muhojirlik maktab ham, unda siz chinakamiga toblanasiz. Musofir bo’lmaguningcha, musulmon bo’lmaysan, deydi donishlar. Bu degani dinni yaxshiroq o’zlashtirib, chuqurroq bilib olasan degani emas. Bu, faqat musofirlikda sen yoningdagini, har kuning, soniyangni g`animatligini, ortda qolayotgani naqadar muhim bo`lganini qadrlay boshlaysan. Og’irdan cho’chishni unutasan, hamma narsa o’tkinchi, bir yomonning bir yaxshisi bor, degan qat’iy ishonchga ega bo’lasan. Aksincha bo’lishi ham mumkin emas, yo`qsa, tiz cho’kib qolish mumkin…

Gaplashib turaylik.