Namuna bo’lishga arzirli odatlar

Posted April 7th, 2014 at 5:07 am (UTC-4)
Leave a comment

Kim qanday fikrda bilmadimu, ammo men Amerikada kuzatganim bir holat, nafaqat butun dunyo yoki alohida bir davlat uchun, balki alohida shaxslar, turli madaniyatlar egalari uchun ham chin ma’noda namuna bo’lishga arziydi. Suhbatlashish imkoniga ega bo’lganim tashkilotlar ma’lumotiga ko’ra, Pitsburgda butun Amerika kabi o’nlab millat vakillari istiqomat qiladi. Bu yerda azaldan madaniyatlar birligi, turli xalqlar vakillarining o’zaro totuv yashashiga erishish rejalangan. Aytish mumkinki, ma’lum ma’noda shunga erishilgan ham. Pensilvaniya, avvalgi suhbatlarimizda aytib o’tilganiday, nihoyat darajada diniylashgan shtat hisoblanadi. Aynan shu uchun ham bu shtatdagi yirik savdo markazlarida spirtli ichimliklarni uchratmaysiz. Ular alohida do’konlarda va aholi gavjum bo’lmagan masofalarda sotiladi. “Qaynoq” ichimliklar ishqibozlari uchun, shu jumladan, Pitsburg ham ancha noqulay makon.

Pitsburgdagi cherkovlardan biri

Pitsburgdagi cherkovlardan biri

Ammo ana shunday o’ta dindor va diniy e’tiqod hatto shtatning ichki qonunlari va tartiblariga singib ketishiga erishgan mahalliy amerikaliklar o’zga din vakillarini ham sidqidildan hurmat qilishadi. Bu erda u yoki bu din vakiliga o’zgacha ko’z bilan qarash kayfiyati yo’q, aksincha, o’z dini va qadriyatlarini hurmat qilgan insonlarni ardoqlash odati kuchli. Amerikaliklar ayni paytda o’zga xalqlar madaniyatini chuqur o’rganishga nihoyatda o’ch. Shu bois, sinagoga va masjidda, cherkov, hatto hind, koreys, xitoy va boshqa xalqlarning ibodatxonalarida ham, bir guruh amerikalikning alohida ajratilgan joydan diniy marosimlarni kuzatayotganini uchratishingiz mumkin. Xuddi shunday siz ham, istagan ibodatgohga kirishingiz, o’sha erda amalga oshiriladigan ibodat turini kuzatishingiz va hatto bu ibodat haqda ma’lumot olishingiz mumkin.

Masjid, Pitsburg.

Masjid, Pitsburg.

Shu bilan birga Pitsburgda turli xalqlarning madaniy-ma’rifiy ehtiyojlarini qondirishlari uchun o’z tillaridagi maktablarini ochishga ruhsat berilgan. Davlat tomonidan qo’shimcha qo’llov sifatida maktab o’quvchilari uchun maxsus avtobuslar tashkil qilingan. Pittsburgda katolik va yoki pravoslav maktab-akademiyalari qatori islom dini ta’limotiga asoslangan maktab-akademiyasi ham mavjud. Ya’ni kichik bir shahar misolida turli din va madaniyatlarning o’zrao yonma-yon yashay olishini isbotlovchi holatlar talaygina. Shaharni hech ikkilanmay sobiq Ittifoqdoshlar jam bo’lgan makon deyish ham mumkin. Zero Pitsburgda o’zga davlatlar va xalqlar qatori ukrainaliklar, rossiyaliklar, o’zbek, qirg’iz, qozoq, turkman, ozarboyjon, armani, belarus, gruzin, tojik, bolitqbo’yi davlatlari vakillari juda ham ko’p. O’zaro muomala, tabiiy rus tilida. Sobiq ittifoqdan qolgan odat. Bir tarafdan qulay ham, zero inglizchasi mundayroqlar ham ancha.

Bir tashkilot, korxonada yonma-yon ishlayotgan qirg’iz va o’zbek, tojikni uchratish odatiy hol bo’lgani kabi, rus va ukrainni uchratish ham bu erda oddiy hol. Ularning hech birida bir biriga nisbatan yashirin adovatni uchratmaysiz. Qirg’izlar biroz mustasno, albatta. Ayniqsa, Qirg’iziston shimolidan kelganlari. Lekin bundaylari juda ham kam. Shunga qaramay, millatlararo nizo haqda gapirishga hojat yo’q. Sobiq ittifoq hududidan kelgan muhojirlar ko’p bo’lgani bois, tabiiyki, ularda o’sha sobiq “ulkan” hudud ichida ommalashgan oziq-ovqat mahsulotlariga ehtiyoj ham bor. Aynan mana shu sabab, shaharda rus do’konlari ochilgan. Garchi ular mahalliy fuqarolar orasida “rus do’konlari” deb atalsa-da, ularning egalari va xizmatchilari ukrainlar yoki ukrainalik yahudiylar. Mahsulotlarning asosiy qismi ham Ukrainada ishlab chiqarilgan.

Sobiq Sovet ittifoqidan kelganlar uchun tanish mahsulotlar

Sobiq Sovet ittifoqidan kelganlar uchun tanish mahsulotlar

Rusiy zabon sobiq ittifoqdoshlar eng gavjum yashaydigan mavze Squirrel Hill deb ataladi. Bu nom o’zbekchada Olmaxon tepaligi deyiladi. Aftidan, shaharning bu qismida olmaxonlar juda ko’p bo’lgan. Aslida ularni hozir ham uchratish mumkin. Olmaxonlar allaqachon odamlar bilan “til topishib” ulgurgan va insondan hayiqmaydi. Xullas Squirrel Hill. Bu mavzeda siz bemalol istagan do’kon yoki emakxonaga kirib, u erdagi ishchilarga rus tilida murojaat qilishingiz mumkin. Sizni tushinishadi. Albatta ruschani bilmaydiganlari ham bor, qolaversa bu xudud ham Amerikada allaqachon mashhur bo’lib ulgurgan savdo ob’ektlariga ega. Masalan dankin donats, makdonalds, starbaks bular ham Squirrel Hill ko’chalarida bor. Bu savdo do’konlariga kirib ruscha gapirmagan ma’qul, tushunishmaydi. Bundan tashqari Squirrel Hill ko’chalarida koreys, arab, hind emakxonalarini ham uchratish mumkin. Bu sal oldinroq aytganim, o’zaro birlik nishonasi.

Asosan rusiyzabonlar yashovchi Squirrel mavzesi

Asosan rusiyzabonlar yashovchi Squirrel mavzesi

Garchi Squirrel Hill rusiyzabonlar jam bo’lgan hudud hisoblansa-da, bu erda istiqomat qiluvchilarning asosiy qismini yahudiylar tashkil etadi. Shu bois bayram kunlari va yoki dam olish kunlari ko’cha bo’ylab yuzlab milliy liboslarda ketib borayotgan yahudiyni uchratishingiz mumkin. Ishoning garchi shunday bo’lsada, sobiq ittifoqdan kelgan yahudiylarni, yahudiy bo’lmasada shu mavzeda istiqomat qiluvchi ittifoq vakillarini darhol taniysiz. Ularning yuirishi ham, turishi ham, o’zini tutishi ham boshqacharoq. Nima demoqchi bo’lganimni sezgan bo’lsangiz kerak. Rusiyzabon yahudiylarning ko’p qismi Ukraina va Belarusiyalik. Ularda hamon o’sha ukrainalikka xos she’va va gaplashish uslubi saqlanib qolgan. Shu erda bir holatni aytib o’tmoqchi edim. Nyu-Yorkda bir oshxonaga kirdik. Yonimizga qora qosh, qora ko’z, qora sochli go’zal qiz keldi va buyurtmamizni qabul qildi. Sof o’zbekchada, o’zbekona lutf bilan ko’ngilga oro bo’ldi. O’zbekistonda yurganday sezdim o’zimni.

Yemakxonadan chiqar payt, devorning bir burchida yahudiylar ramzini ko’rdim. Boyagi qizdan, yemakxona egasi yahudiymi, deb so’radim, qiz jilmayib, “ha, u mening amakim bo’ladilar”, dedi. Qanchalar hayratimni yashirishga urinmay, qiz buni sezdi va “nimadir sizni bezovta qildimi?”, deb so’radi. Men hech narsa bezovta qilmagani, faqat bu qadar sof o’zbekchada gapirgani bois uni o’zbek deb o’ylaganimni aytdim. Qiz, O’zbekistonga hurmat o’laroq oilada jumladan shu tilda ham gaplashish udumi borligini aytdi. Ishoning hozir ikki-uch yildan beri “amerikalik” bo’lib qolgan o’zbeklar bu qadar sof so’zlashmaydi. Ular ham “aaa”, “himmm”, “eeee”, deb gaplashadigan bo’lib qolgan. Ammo u qiz biror marta, Amerikada bu qadar mashhur o’sha qurib ketgur qo’shimchalarni ishlatmadi. Shunday bo’lgach, tilingizni sof bilgan inson, sizning millat vakili emasligini bilgach, hayratga tushasizmi axir? Squirrel Hill mavzesida istiqomat qiluvchi yahudiylar ham ukrain tilida ana shunday, sof gaplashadi.

Yahudiylar sinagogasi, Pitsburg.

Yahudiylar sinagogasi, Pitsburg.

Squirrel Hill mavzesida istiqomat qiluvchi rusiyzabonlar orasida eng mashhur do’kon bu “Kiev” do’koni. Biz ham ba’zan mana shu do’kondan mahsulot xarid qilamiz. Mahsulotning hammasi ham aynan Ukrainadan keltirilgan deb bo’lmaydi, ayrim mahsulotlar Amerikaning o’zida, o’sha sobiq ittifoqdan kelgan muhojirlar tomonidan yetishtiriladi. Ammo Ukraina yoki Rossiyadan keltirilgan mahsulotlarni ham uchratishingiz mumkin. Do’kon ichida faqat rusiyzabon muloqot. Rasta yonida turgan televizor rus tilidagi yangiliklar. Asosiy mavzu Ukraina va Rossiya o’rtasida yuzaga kelgan tarang vaziyat. Bu haqda gap borganda do’kon ichidagi odamlar gapirishda to’xtab televizorga yuzlanadi. Xabar tugagach atigi uch daqiqa muhokama bo’ladiyu, hamma o’z yumushiga beriladi. Nega uch daqiqagina desangiz, gap shundaki, do’kon ichida rus ham ukrain ham bo’lishi mumkin, ikkisiga ham noqulay bo’lmasligi uchun, muhokama cho’zilmaydi. U yoqdagi og’riqni bu yoqqa ham ko’chirish yaxshimas deyishadi.

"Kiev" do'koni, Pitsburg.

“Kiev” do’koni, Pitsburg.

Mening vaziyat yuzasidan biror fikr olishga urinishim ham u qadar samara bermadi. Masalan do’kon ishchisiga “u yoqdagi yaqinlaringiz bilan bog’lanib turibsizmi, tinchmikan?”, deb yo’llagan savolimga u “tashvishga hojat yo’q, e’tibor qilsangiz, anavi erda kecha keltirilgan yangi dudlangan baliqlar bor, ko’rsataymi?”, deb javob qildi. Demak bu mavzuni kavlamagan ma’qul. Tanish ruslar ham u qadar mavzuni muhokama qilmaydi. Zero ularning aksari ukrainlar bilan birga ishlaydi, ayrimlari esa qarindosh bo’lib ulgurgan. Biz bilan birga ishlaydigan qizlar biroz boshqacha. Ular ish va sayohat dasturi bo’yicha kelgani bois, amerikacha “andisha” bilan tanish emas. Dildagini shartta aytadi. Masalan ukrainalik qizlar Rossiyani zo’ravon deb bilsa, rossiyalik qizlar esa Rossiya shunday qarorni qabul qilishga majbur bo’ldi deyishadi. Ammo ikkisi ham bir masalada yakdil, ya’ni rusiyzabon telekanallari biroz voqeani bo’rttiryapti.

O’zbeklar albatta mavzuga biroz jonliroq yondashadi. Ularning aksar qismi Rossiya qadamini olqishlaydi. Kimisiga bundan nima naf borligi borasida hech qanday aniq fikr yo’q, ammo olqish bor. Hatto voqeaning keyingi rivoji tarafdorlari ham uchraydi. Ularning fikricha voqea rivojlanmog’i va shubhasiz Rossiya muvaffaqiyati bilan yakunlanmog’i shart. Nega, nima uchun, degan savolga javob yo’q. Pittsburga tatarlar ham anchagina. Rossiyalik tatarlar va ukrainaliklar. Krim tatarlari ham uchraydi. Masalan rossiylik tatarlar Krimning tortib olinishi yuzasidan gap ketganda, yumshoqlik bilan “bir birimizga (ya’ni rossiyalik va ukrainalik tatarlar) yaqinroq bo’ldik”, deyishsa, Krim tatarlari javoban “biz bir birimizdan uzoq emas edik”, deyishadi. Gap bundan nariga o’tmaydi, ko’ngil buzilmasligi kerak, deyishadi. U yoda rus va ukrainlarni bir biriga hunuk ko’rsatish kampaniyasi avj olgan bo’lsada, bu erda, xususan Pittsburga bu ikki mamlakat vakillari o’zaro mehmondorchilik qilishadi, bir birlariga yordam qilishadi, chinakam do’stona muomala hukmron. Xullas Squirrel Hill asosan rusiyzabonlar yashaydigan mavze.

O’zbeklar asosan gavjum yashaydigan mavzening nomi Green Tree (Yashil daraxt). Darvoqe ko’pchilik suhbatdoshlar Amerika ovozi radiosi va teledasturlari orqali bu haqda biladi. Garchi Green Tree tarjimada “yashil daraxt” bo’lsa-da, o’zbeklar ayniqsa gavjum bo’lgan hududda o’sha yashil daraxtni uchratish qiyin. Faqat ko’p qavatli uylar. Amerikaliklar, ya’ni inglizzabonlar bu hududda deyarli uchramaydi, ular juda kam. Asosan o’zbeklar va nepalliklar. Aytib o’tish joizki, bu ikki xalq vakillarining farzandlari birga tursa, birini biridan ajratish qiyin. Faqat gapirganida bilib olishingiz mumkin. Aslida uylarning qavati ham u qadar ko’p emas, shu bois ko’pqavatli uylar deyish o’rniga uch qavatli uylar degan ma’qulroq. Garchi orada to’rt qavatlilari uchrasa ham. Green Tree yaqindan beri Pitsburgdagi o’zbeklar orasida qazi xarid qilish mumkin bo’lgan joy sifatida ham tanilib ulgurdi. Aytishlaricha, Green Tree qazisi Toshkent qazisidan deyarli farq qilmaydi.

Pitsburgdagi o'zbeklar mahallasi

Pitsburgdagi o’zbeklar mahallasi

Bu yerda istiqomat qiluvchi o’zbeklar orasida ancha muvaffaqiyat qozonganlari ham bor, ular orasida o’zining pitsaxonalarini ochishga erishganlar ham, odamlarni ishga joylash bilan tanilganlari ham, boshqa yumushlarda asqotishi mumkinligi bilan og’izga tushganlari ham bor. Ishga joylash bilan tanilganlari haqida keyinroq batafsil gaplashamiz. Shunday bo’lsa-da, Pittsburgdagi musulmonlar orasida halol mahsulot sotuvchi do’kon sifatida arablarga tegishli “Salem`s market” ancha mashhur. Bu do’konda haftaning istagan kunida halol so’yilgan mol, qo’y, tovuq, echki go’shtlari, kolbasa, pishloq, sut mahsulotlari olishingiz mumkin. Shu bilan birgalikda, do’konning o’zida yemakxonasi ham bor. Unda siz arabzabon oshpazlar tomonidan tayyorlangan yeguliklardan tanovvul qilishingiz mumkin. Juma kunlari bu do’kon, to’g’rirog’i uning emakxonasi o’zbek, tojik, qozoq, qirg’izlar uchrashib birgalikda ovqatlanadigan joyga aylangan.

"Salem" go'sht do'koni, Pitsburg.

“Salem” go’sht do’koni, Pitsburg.

Xullas Pittsburg ana shunday turli millatlar birgalikda totuv yashaydigan makon. Mana shu kichik bir shahardagi muhit, ishoning butun dunyoga namuna bo’lgulik. Unda qirg’iz o’zbek uchun birday yaqin, rus ukrain uchun mutlaqo dushman emas, hatto hitoy qizi bilan uyg’ur qizi birgalikda kofe simirib o’tirganini ko’rishingiz mumkin. Ruslar bilan ukrainlarning bu erdagi o’zaro munosabatini ko’rib ikki davlat o’rtasida, yana ham aniqrog’i ikki xalq o’rtasida do’stona munosabat o’lmasligiga umid qila boshlaysiz. Unisini bopladi, zo’r bo’ldi, deb jazavaga tushayotgan vatandoshlarga shu o’rinda kichkinagina maslahat. Bir davlatning boshqa bir davlatga nisbatan ustun kelishidan faqat ma’naviy qashshoq inson quvonadi. Kimningdir muammosi, iztirobi, boring ana og’riqli kechinmasi sizni quvontirar ekan, biling, siz insoniylikdan chiqib qolgansiz. Bor gap shu

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

BLOG HAQIDA

muhojirlar shaharchasi2

Garchi blogimizni "Muhojirnoma" deb nomlagan bo'lsak-da, u alohida muhojirning kechinmalari va yoki sarguzashtlari haqida bayon qiluvchi sahifa emas. Bu ma'lum ma'noda muhojirotni o'z tanasida tatib ko'rgan insonlarning kundalik daftariday. Sahifa Amerika bilan tanishish, uning ijtimoiy-ma'naviy hayotini o'rganish, qolaversa bu mamlakatga kelish va undagi ayrim “imkoniyatlar”dan foydalanishni ko'zlayotgan minglab o'zbekistonliklar uchun ma'lumotnoma vazifasini o'tashni maqsad qilgan. Unda nafaqat Amerika, balki butun dunyodagi muhojirlar hayotiga oid ma’lumot va kechinmalarni berib borishni niyat qilganmiz.
Bizni kuzatib boring.

Kalendar

April 2014
M T W T F S S
« Jan   Jun »
 123456
78910111213
14151617181920
21222324252627
282930