Xalqimizda “Musofir bo’lmasdan turib, musulmon bo’lmaysan”, degan maqol bor. Bu maqol aynan nimaga asoslangani, uning zamirida qanday daliliy, hayotiy, yuz yillar davomida pishib, toblanib olingan haqiqat borligi, gapning ochig’i, menga qorong’i. Musofirchilik chindan ham ko’p narsani o’rgatadi, ko’p narsaga mutlaqo boshqa ko’z bilan qaray boshlaysan. Hayratlanarlisi, aynan mana shu musofirchilikda musulmonlar, aniqrog’i Islom dinini o’zining asosiy dini deb bilgan millatlar, xalqlarda yuz berajak o’zgarishlarning guvohi bo’ldim. Ishoning, ularning hech biri yuqorida keltirganim maqoldagi ta’kidga mutlaqo teskari. Ya’ni, bugungi manzara, “Musofir bo’ldingmi, musulmonlikdan chiqding”, degan teskari ta’kidga yaqinroq.
Avvalo aytib o’tishim kerak, men hech kimni, shu jumladan, birinchi maqoldan ko’ra ikkinchisiga yaqinroq turmush tarzini tanlab olgan insonlarning hech qaysisiga e’tiroz va yoki g’azabimni izhor etish niyatida emasman. Zero, musofirchilikda orttirilgan yana bir odat bu, sening qismatdoshingga nisbatan yumshoqroq munosabatda bo’lishlik. Zero, u ham aslida kichikmi, kattami, yo’qotishning alamli qurboni. Garchi aksarlari buni tan olishni istamasa ham, tan olgisi kelmasa ham, buni mutlaqo inkor etishga urinsa ham…
Bu mavzuda “qismat”doshlar bilan ko’p tortishishga to’g’ri keladi. Hamma iddaolar qat’iy rad etilgach, men faqat bitta narsani misol tarzida tilga olaman. Ya’ni Vatan qolib ketdi, bolalik, o’smirlikning izlari yuqqan ko’chalar qolib ketdi, sizni ilk bor hayajonga solib ko’z yashirishga majburlagan tuyg’ular tug’ilgan makon qolib ketdi…
Ya’ni, hayotingizning e’tiborsiz siltab tashlashning mutlaqo imkoni yo’q bo’lgan ulkan, chin ma’noda juda ham ulkan bir qismi, muhim qismi sizdan ayrilib qoldi. Xotiraning ham vatani bo’ladi, u ham qayerdadir abadiy yashaydi, ko’chishlik unga xos emas. Xullas, ana shu eslatmadan so’ng, odatda musofirdoshlar sukutga cho’madi, garchi jilmayib yelka qisishga urinsa-da, ko’zlar barchasini fosh qilib qo’yadi. Ya’ni yurak birrov uvishib oladi, ko’zlar esa ma’yuslanib qoladi.
Demak… Ammo boshqa hamma narsa uloqtirib tashlanadi. Bizning millatdoshlarning aksarida hukmron fikrga ko’ra, yangi jamiyatga singib, bu yerda munosib hayot tarziga ega bo’lish uchun, shu jamiyatning bir qismiga, uning ayni “kserokopiya” siga aylanmoq lozim. Aks holda, yelkangizga ortib kelganingiz odat va an’analaringiz sizni qiynab qo’yadi, biror yutuqqa yetaklash o’rniga, chinakam falajlik holatida saqlab, Amerikada urchib borayotgan “depressiya”, ya’ni ich-ichingizdan o’zingizni yemirib borishingizga olib keladi. Ya’ni, iztirob ichida qolasiz.
Bu fikrlar nimaga asoslangan, bilmayman. Gapning ochig’i, men buni anglashga qattiq harakat qildim. Ammo… Boshqa. Amerikaga kelib qolgan boshqa xalqlar, boring, ana millatlar vakillaridan farqli, aynan bizning millatdoshlarda o’z madaniyatini tezda unutib yuborish odati hukmron. Masalan, bir iroqlik arab boshqa bir iroqlikni, eronlik boshqa eronlikni, koreys koreysni, yapon yaponni, hatto tojik va turkman ham o’z millati vakilini ko’rsa, u bilan tanishib, qandaydir rishtalarni o’rnatishga urinadi. Uning uchun bu go’yo Vatanidan qandaydir bir iliq parchani topganday. Lekin o’zbeklar, bilmadim, musofirchilikda yurganlar sezdimi yo’qmi, o’zbeklar boshqa bir o’zbekni ko’rganda qochish, teskari qarab o’tib ketishga urinadi. Mening “Ha, vatandoshlar!”, deya ularga qo’l cho’zib borishim, ko’pchiliklari uchun “g’alati qiliq”. Nimasi g’alati, bilmadim. Endi agar, quchoq yozib ko’rishishga urinsam… xullas chin ma’noda hayratdan esankirab qolishning guvohi bo’laman.
Aslida amerikaliklarda shunday odat bor. Kimdir, kimgadir quchoq yozib borishi uchun, albatta, yaqin qarindoshi, birodari, juda ham yaqin bo’lmasa ham, ammo tanish kishisi bo’lishi zarur. Aks holda, bunday “intilish” ularni dovdiratib qo’yadi. Buni hatto juda ham nozik, mutlaqo anday harakat sifatida baholashlari mumkin. Ana shu odat bizning vatandoshlar tarafidan qoyilmaqom tarzda shartta o’zlashtirib olingan. Onasi quchib o’pmoqchi bo’lganida yuzlari burishib, sal qolsa “shaytonlab” qolayozgan o’zbeklarni ham ko’rdim. Onasi axir. Nima qilibdi?! Ularning “yangicha”, mutlaqo “ilg’or” mantig’iga ko’ra, bu kabi “iltifotlar” (ya’ni hatto oaning o’z farzandini, akaning ukani, opaning singilni o’pib qo’yishi) ommaga oshkor qilish shart bo’lmagan, o’ta intim munosabat emish. O’zbekistonda odamlar shuning farqiga yetmay, sho’rliklar g’irt intim munosabatni oshkor qilib uyatini yo’qotganlar darajasiga tushib qolgan ekanda-a? Tavba.
Bir joyga mehmonga bordik. Oramizda yoshi kattaroqlar ham bor edi. Manzilni ancha qidirdik. Xullas topdik, o’zimizcha, bo’lajak uchrashuvdan ruhlanib eshik qoqdik. Yoshi, adashmasam 10-12 lardagi qizaloq eshikni ochdi va, “aaa, xm, aaa, hozir”, deb eshikni yopib ichkari ketdi.
Kattalar hayron kichiklarga qaradi, kichiklar yanada hayron kattalarga. Turibmiz. Eshik ochilib yana o’sha qiz ko’rindi, “aaa, xmm, bir oz, aaa, kuting, aaa, rahmat”, deb yana eshikni yopdi. Bu safar kattalar ham, kichkinalar ham yerga qarab qoldik. Eshik yana bir bor ochilganda uyning kattalaridan biri, ya’ni ota bo’lmish paydo bo’ldi. Safimizdagi kattalardan birini tanigach, yengil jilmaydida, “oooo, kelinglar, kelinglar”, deb eshikni kattaroq ochib ichkariga ishora qildi. Ichkari kirganimizdan so’ng, birma bir hammamiz bilan ko’rishib chiqdi. “Uzr, qizimiz amerikalashib ketgan, shu uchun, mehmonni kutishni uncha yaxshi bilmaydi”, dedi ota. Bu payt “shortik”, kiygan, aftidan kelin, biz o’tirgan stolga non va boshqa yeguliklarni terayotgan edi.
Bir do’stimizning mashinasi biroz ish ko’rsatib qoldi. Servis markazlaridan biriga olib bordik. Markaz xodimlari muammoni bartaraf etishga biroz ko’proq vaqt ketishini aytdi. Yo’lning narigi tarafida tamaddixona bor ekan, tushlikning haqqini ham ado etish kerak, deb unga kirdik. Shu yerda ikki-uch vatandoshni uchratib qoldik. Birgalashib taom buyurdik, oldik va bir stol atrofida o’tirdik. Odatimga ko’ra, “qani, vatandoshlar, olinglar”, dedimu, taomni qo’lga olib “bismillah”, deb yuboribman. Anavi ikki vatandosh bir kuldi-da, “ishqilib, akromiy yoki vahhobiy emasmisiz”, deb kulishga tushdi. Mening sherigim esa, “yo’q vahhobiy ham, akromiy ham emas, shunchaki, o’z madaniyatiga sadoqatli qolayotgan musulmon o’zbek, xolos”, deb javob qildi. U yog’iga nimalar boshlanganini, gapning ochig’I, ta’riflashga til ojiz. Shu uchun gapirib ham o’tirmayman.
Endi tug’ilgan kunda tortning ustiga sham terib kelib, “xappi byorzday tu yu”, deb kuylashlar, tug’ilgan kuni bo’layotgan insonning (odatda, voyaga yetmaganlar) shamni puflab o’chirib, allaqanday tilaklarni tilashi haqida ham gapirib o’tirmayman. Aytishlaricha, bu odat O’zbekistonda ham ancha ommalashib ulgurgan. Bu yerdagisi hatto O’zbekistondagisining oldida arzimagan ermak misolmish. Balkim… Yangi yilni nishonlashchi? Qiziq. Yangi yil kechasiga ikki kun qolgan edi. Men Toshkentdagi odatimga ko’ra, sheriklarni tungi soat o’n ikkidan so’ng dauntaun (shahar markazi)da yig’ilishga chaqirdim. Birgalashib Yangi yilning ilk kunini birga qarshi olamiz, duolashamiz, dedim. Ko’pchilik Yangi yilni tantana qilmasligini aytib uzr so’radi. E’tiqodimizga zid dedi. O’zimcha, taklifimdan uyalib ham ketdim. Uzr so’radim, bizda bu odat sovet paytidan qolib ketgan, deb o’zimni oqlaganday bo’ldim.
Tungi o’n ikkidan keyin uyqum kelmay dauntaunga tushdim. Vo ajab, hamma do’st shu yerda. Gap “titish” odatim yo’q. Quchoqlashib ko’rishdik (ko’chaga to’lib olgan amerikaliklar bu qilig’imizdan hayratga ham tushmadi), bir birimizni kirib kelgan Yangi yil bilan tabrikladik. Keyin kattalardan biri qo’lni duoga ochib, “oramizda gapni taklash kasbiga o’qiganlar bor, shular bir duo qilsin”, dedi.
Gapni taklashmish, jaa unaqamas. Duo qilishga tushdim, duodagi mana bu so’zlar vatandoshlarni hayratga soldi:
“Vatanimiz tinch bo’lsin, odamlardagi oqibat yo’qolmasin, yurtimizdan to’kinlik, barokat ketmasin, Alloh lozim topsa, mayli mana shu yilning o’rtasidami, so’ngrog’idami hammamizni o’z yurtimizda, o’zimizga qadrdon ko’chalar, mahallalar, qadrdon insonlar davrasida yig’ilib, mana shu duoni qalbda o’zgacha bir xursandchilik bilan yana bir bor eslab o’tishni nasib etsin”… Duoni eshitgan sheriklarimizdan biri, “Ee, bu yoqqa kelganimizdan so’ng, nima bo’lsa shu yerda ko’raylikda, axir, raz chiqdingizmi, u yoqni endi tinch qo’yib, bu yoqni o’ylash kerak”, deb qoldi.
Men Vatanni o’ylamay yasholmayman….
Bir do’stmiz necha kundirki, asabiylashgan, avvalgi gapdonligidan asar ham. Ishdan so’ng shahardagi so’lim joylardan biriga bordik. Shu yerda men undan bunday kayfiyatining sababini so’radim.
“Ee, keliniz Nyu-Yorkka, bir yahudiy tanishi bilan ketib qoldi. Nima emish, man uning erkinligini mensimay, unga zug’um o’tkazayotgan ekanman”, – dedi do’stimiz. Bu yigit turmush o’rtog’ini naqadar yaxshi ko’rishi, uni hatto ishlashga ham qo’ymasligini bilardim. Hayron qoldim. Ha, tanishining uyida ekan-u, deb tinchlantirgan bo’ldim. Keyin yana ikki kundan so’ng, yigit “keliningiz ajrashaylik deyapti”, deb qoldi. Qaytib keldimi, degan savolimga javoban, “yo’q, o’sha yahudiy dugonasi telefon qilib aytdi. O’zini chaqirib ber, desam, o’zi sen bilan gaplashishni istamaydi, ko’rishni ham xohlamaydi, deb javob qildi”, dedi. Xullas, yigit ancha urindi, bo’lmadi. Ajrashdi. Yaqinda “kelin”ni to’satdan uchratib qoldim. O’zi aytmoqchi ancha zamonaviylashgan, shortik, mayka kiygan, sochini sariqqa bo’yagan…
Uning birinchi gapiyoq meni mutlaqo hayratga soldi, “man mutlaqo erkin bo’ldim, chinakam erkinlikka erishdim, endi hayot nimaligini sezdim, Amerika mening ko’zimni ochdi”…
Qaysi erkinlik haqida gap ketayotganini, gapning ochig’i, uncha tushunmadim. Ota-ona, ularning mahalla, qarindoshlar oldida qanday ahvolga tushishi mumkinligini so’radim.
“Mening hayotim, bu meniki, mahalla uchun yoki qarindoshlar uchun yashamayman-ku axir. Ota-onam meni tushunishadi, ajrashganimizni aytdim, hayron bo’lishdi, ammo ixtiyorimga qarshi chiqishmadi”, – dedi qiz.
Shu payt yigitning gaplari esimga tushdi, u qizning otasiga qo’ng’iroq qilib vaziyatni tushuntirgan va agar qizi bilan aloqada bo’lsa, unga tushuntirib qo’yishni, bu ahdi yaxshi emasligini uqtirishni so’ragan. Ota esa, “o’zlaring hal qillaring, biz qayoqda-yu, sanla qayoqda”, deb javob qilgan ekan.
“Bizning madaniyat, diniy qadriyatlarimiz…”, deya boshlayotgan gapimni qiz shartta bo’ldi, “Keragi yo’q, men o’zim uchun ma’qul yo’lni tanladim, endi qaytish yo’q”, deb javob qildi.
Eshitishimcha, bu kabi ajralib ketishlar Amerikada juda ham urchigan. Hayratlanarlisi, bu xunuk odat o’zbeklar orasida juda ko’p. Boshqa millatlarda unday emas. Ayb faqat qizlarimizda ham deyolmayman. Shu yerga, Amerikaga kelib, bu yerda yurib, ikkita bolasi bilan ayolini tashlab o’zga shtatga ketvorgan bir yigitni ham bilamiz. Ayol tishini-tishiga qo’yib yashadi, mehmonxona va savdo markazlarida ishladi. Kunlardan bir kun uni yoshi kattaroq amerikalik uyiga bir kunlik ishga chaqirdi. Bolalaringni ham olib kel dedi. Ayol ishga kelganida esa, uy egasi uni qarindoshlari bilan kutib olib, turmushga chiqishni taklif qildi. Ayol u yerdan yig’lab ketib qoldi.
Biz sheriklar bilan uni ovutdik, bolalarini ham. Xabar olib turadigan bo’ldik. Bir kuni qarasak o’sha amerikalik uning eshigi yonida turipdi. Yomg’irli kun edi. Uni ko’zlariga qarab hammasini tushundik. Hozir o’sha ayol va uning ikki farzandi bilan yashayapti. Er esa, emishki allaqachon O’zbekistonga ketgan…
So’nggi misol men uchun chiroyli xotimaga uchragan voqealardan. Ammo bunday voqealar juda ham kam. Ana endi, siz ham, aziz suhbatdosh, men kabi yuqorida eslaganim maqol haqida o’ylab ko’ring. Unda haqiqat bormi yoki…
Suhbatlashib turaylik.