HSAnchadan beri suhbatlasha olmaganimiz uchun oldindan uzr. Mana shu vaziyat ham, aslida Amerika haqida tasavvur olish uchun yaxshi misol. Darhaqiqat, Amerikada o’zaro tanishlar orasida eng ko’p uchraydigan va insonning vaziyatini yaqqol anglatadigan iboralardan biri “amerikachilik” iborasidir. Ya’ni bu sizning sharoitingiz haqida eng to’liq va ayni paytda lo’nda javob.

Yaqinda Toshkentdan bir yaqin do’stimiz Amerikada mehmon bo’ldi. Juda qisqa vaqt mehmon bo’ldi. Ayni ish vaqtida mehmon qo’ng’iroq qilib, Amerikadaligi va ko’rishish istagida ekanini aytib qoldi. Bunday paytlari darhol javob qaytarish qiyin. Zero O’zbekistondan, boringki, hatto o’sha kattakon qit’aning istagan boshqa davlatidan kelgan insonga, Amerikadagi eng dolzarb muammo – vaqtning (imkoniyat) yo’qligi haqidagi tushuntirishlaringiz bir tiyin. Tushunmaydi. Aniqrog’I, ishonmaydi. Bo’lishi mumkin emas. Zero Amerika haqidagi tasavvur boshqacha.

Xullas, bir amallab, qizaribgina deganday, vaziyatni tushuntirishga urindim. Go’shakning u tomonidan, “ha, mayli mayli, shunchaki aytdim qo’ydim-da”, degan javob bo’ldi. Gap shundaki, Amerikada favqulodda holatlarda va faqat va faqat shifokor ko’rigiga ishdan javob olish huquqingiz bor. Yana ham aniqrog’i, rahbaringiz bunday favqulodda tanaffusni to’g’ri tushunadi. Ammo qayoqqadir borib kelish, kimnidir kutib olish yoki kimningdir kutilmaganda mehmonga kelib qolgani bois ishdan vaqtliroq ketish tushunchasi bu yurtda mavjud emas. Har qalay, rahbaringiz buni tushunmaydi. Siz haqingizda yillar davomida shakllangan tasavvur, bir marotabagina qilingan “bevaqt” iltimosdan so’ng shartta o’zgaradi. O’zbekchilik, musulmonchilik va boshqa shunga o’xshash “chilik”lar amerikaliklar uchun sariq chaqaga ham ega emas. Bu yerda majburiyat va javobgarlik degan tushuncha bor, xolos. Xullas, do’stga vaziyat tushuntirildi. Natija… hozir avvalgi aloqalar yo’q hisob…

Yuqorida keltirib o’tganlarim faqatgina uzoq muddat suhbatlasha olmay qolganimiz yuzasidan kichik tushuntirish edi, xolos. Suhbatimiz mavzusi boshqa.

Yaqindan beri Amerikada yashayotgan barcha o’zbeklar orasida, aniqrog’i men ko’rishib turgan, men bilgan, tanigan odamlar orasida turli mish-mishlar urchigan. Kaminaga u yoki bu favqulodda “yangilik”ni aniqlashtirib olish qiyin emas. Zero Vatanda kasbdoshlar bor, qolaversa, O’zbekiston bilan muntazam aloqada bo’lib turuvchi bu yerdagi kasbdoshlar ham etarli. Ammo unday tanishlarga ega bo’lmagan o’zbeklar ham, ishoning, juda ko’p. Ana shularning deyarli sakson foizi turli mish-mishlar bilan yashaydi. Har safar u yoki bu yerda uchrashib qolganda, kamina ham ana shu mish-mishlardan bir shingil eshitib qolaman. Ayrimlari shunchaki kulgi tug’dirsa, boshqalari yurakni ezadi. Sababi, nazarimda o’zbeklar, chet eldagilar, ayniqsa, bexabarlik balosidan azob chekib yashaydi.

Oddiy misol, bir yil avval, adashmasam, internetda Toshkentda dahshatli jazirama ekani va hatto yo’l bo’yida turuvchi svetoforlar issiq ta’sirida qiyshayib ketayotgani haqida “isbotli” suratlar paydo bo’ldi. Albatta, dastlab bu suratlar muallifi, aslida naqadar issiq ekaniga ishora qilyapti, deb qo’ydim. Ammo ertasiga tanishlar og’zidan shunaqangi vahimali “yangiliklar” eshitdimki, qo’yaverasiz. “Nahotki shu darajada?”, deb uyiga qo’ng’iroq qilganlar haqida-ku gapirmayman. Yetarli bo’ldi. Keyin ayni svetoforlarning o’zlari haqida, odamning miyasini karaxt qilib yuboradigan tafsilotlar tarqaldi.

Bu safar, har qalay xavotir to’la bo’lmasa ham, “Rostdanmi?”, qabilidagi qo’ng’iroqlar bo’ldi. Bu mish-mishlardan qutilib, sal nafas rostlagan edikki, qahraton sovuq haqidagi mish-mishlar tarqaldi. Ishoning, bu mish-mishlardagi tafsilotlar oldida taniqli so’z ustasi Hojiboy Tojiboyevning “qish chillasi” haqidagi hajviyasi hech narsa bo’lmay qoldi. Amerikada ham anchayin sovuq bo’lgani bois, odam sal qolsa ishondi.

Umuman, sovuq haqidagi “xabarlar”ga ishonchni mamlakatdagi vaziyat ham biroz mustahkamlab turdi. Zero, issiqlik manbalari Toshkentdan nariga deyarli xizmat ko’rsatmay qo’yganiga necha yillar bo’lib ketdi. Ammo, baribir, ayrim misollar haddan ziyod vahimali edi-da.

Shukurlar bo’lsin, bu ovozalar ham ortda qoldi, qishdan bir amallab chiqib oldik. Yozning ilk kunlarida esa Toshkentni suv bosgani haqida xabarlar yetib keldi. Xabarlar bilan baravar yetib kelgan suratlar, ishoning, Toshkentni Venetsiyaga tenglashtirdi. “Falon mahalla, mahalla mayliya, falon dahalar endi suv ostida emish”, degan gaplar odamni butkul esankiratib qo’ydi. Tabiiy, qo’ng’iroqlar, surishtiruvlar bo’ldi. Kamina ham Toshkentdagi kasbdoshlarga bog’lanib surishtirishga majbur bo’ldim. Zero, iltimoslar ko’payib ketdi. Umuman olganda, men ham, bir necha yil muqaddam, yomg’irdan so’ng Toshkentdagi dahalardan birida yangi ishga tushirilgan yer osti yo’lagidagi vaziyatni kuzatganman. Tizza bo’yi yig’ilib qolgan suv tufayli yo’lovchilar ancha sarson edi. Lekin metro ichining suv bosishi…

Masalaning iztirobli tomoni shundaki, chet elda yurgan inson Vatandagi vaziyat haqida faqat og’izdan og’izga ko’chuvchi ma’lumotga tayanishga majbur. Hatto eng haqqoniy ma’lumot ham qiyin qabul qilinadi, zero ishongisi kelmaydi insonning. Bizdan farqli, qirg’iz, qozoq va hatto tojiklarda o’nlab ishonchli ma’lumot manbalari bor. Bir gap chiqdimi, darhol internet orqali o’sha manbalarga qarashadi va oydinlik kiritib olishadi. O’zbeklarda bunday imkoniyat yo’q. Ana shunday vaziyatda birinchi galda ma’lumot berishi kerak bo’lgan elchixona internet sahifasida ham sukut bo’ladi. Zero, aftidan, elchixonadagilarning o’zlari ham ikkilanishda bo’lishsa kerak. Kim nima deydi, bilmadim, ammo bu juda ham xunuk manzara. Tashqi siyosat, boringki, ana hatto ichki siyosat ham aytaylik ovoza qilinmasligi, aholiga tushuntirib o’tirilmasligi mumkindir. Balkim bu ayrim amaldorlar uchun u yoki bu ishlarni qilib olish uchun juda zarurdir. Ammo minglab, balki millionlab fuqarolarni mutlaqo bexabar tutish, nazarimda, xunuk manzara.

Pitsburgda Nepaldan kelgan minglab qochoq bor. Ularning muhojirotga chiqib qolishlari sabablari haqida keyinroq bafurja gapirib berarman. Ammo, mana shu qochoqlar ham deyarli har kuni uzoq Vatanlarida nima gaplar bo’layotgani haqida eng yangi ma’lumotlarga ega bo’lishadi. Kimgadir qo’ng’iroq qilib yoki kaminaga o’xshash tanishlarini ishga solib emas, shunchaki, internetdagi ishonchli manbalarini birrov qarab chiqishadi, xolos. O’zbeklar internetga kirib, u yoki bu manbani ko’rgach, hatto o’sha nepalliklardan farqli vahimaga tushib qoladi. Chunki u yerda allaqachon mamlakatni qandaydir balo (Xudo saqlasin) bosgani haqda shoshilinch xabar chop qilingan bo’ladi-da. Ishonchli manbaning o’zi yo’q. Albatta, kimdir mahalliy axborot manbalari haqida aytishi mumkin, aytaylik O’zA, mahalliy televideniyening internet sahifalari va yoki boshqa tanilib ulgurgan sahifalarni misol keltirar. Ammo O’zbekistonning o’zida bularga hech kim deyarli ishonmas ekan, tashqaridagilarni gapirmasa ham bo’ladi.

Yaqindan beri bu yerdagi aksar o’zbeklar O’zbekistonda joriy qilinayotgan yangi pasportlar haqida (negadir) etishmay qolgani bois, mamlakatda g’irt be’mani vaziyat yuzaga kelgani haqidagi ma’lumotlar bilan o’rtoqlashib yuribti. Eng kulgilisi, pasportlarning yetishmasligi, yana ham aniqrog’I, yo’qligi bois, mamlakat ichi bo’ylab harakatlanib turuvchi fuqarolarga maxsus dalolatnomalar berilayotgan emish. Ko’cha-ko’yda ham, ayniqsa, Toshkentda “propiska” degan iddao bilan pul ishlashga odatlangan huquq-tartibot idoralari xodimlari endi o’sha dalolatnomani surishtirishni odat qilib olganmish. Dalolatnomada, “mazkur shaxsning pasporti yangilanish jarayonida bo’lgani bois, ushbu dalolatnoma vaqtincha uning shaxsini tasdiqlovchi hujjat sifatida ko’rilsin”, deyilgan emish. O’sha dalolatnomani ko’rish istagidagilarni aytish shartmasdir. Odatda, mamlakat qandaydir jarayonga qo’l ursa, hamma ehtimoliy vaziyatlarni hisobga olishi shart. Agar hatto shu oddiy narsani bilmasa, unda…

Yuqorida Nepaldan kelgan minglab qochqinlar haqida gapirib o’tdim. Bir mamlakatdan qochqin bo’lib chiqqan odam, odatda, o’sha mamlakat uchun ma’lum ma’noda noma’qul shaxs hisoblanadi. Har bir qochib chiqqan nepallik uchun o’z mamlakatida noqulay vaziyat yuzaga keltirilgan, ular u yerda eng muhim huquqlari, tinch hayot kechirish huquqidan mahrum qilingan bo’lsalar-da, mamlakatdagi vaziyat haqida haqqoniy ma’lumot olishdan mahrum qilinmagan. E’tibor qiling, mamlakatdan chiqarib yuborildi, ammo mamlakati haqida haqqoniy ma’lumot olish imkonini yo’qotmadi. Mamlakatda ana shu chiqib ketishga majbur bo’lganlar uchun ham ishonchli sanalguvchi manba bor. Eng qiziq tomoni, o’sha ishonchli sanaluvchi manbaning haydalganlari mamlakatdagi faoliyatiga imkon yaratilgan. Natija, millionlab o’zga yurtda yurgan nepallik o’z mamlakatidagi vaziyat bilan yaxshi tanish. Ularga qaraganda ancha rivojlanib ketganday tuyulayotgan O’zbekistonda bunday imkoniyat yo’q.

O’zbekistonda jurnalistik faoliyat bilan shug’ullanib yurgan paytimdan yaxshi tanish bir iddao bor. Jamiki amaldorlar mahkam yopishib olgan iddao. Ya’ni, u yoki bu odamlar biroz bo’lsa-da ishonishi mumkin bo’lgan axborot manbalari, odatda, “mamlakat haqida asossiz bo’lgan yolg’on ma’lumotlarni tarqatish bilan ovora”. Ammo ne taajubki, shu paytga qadar o’sha yolg’onni rad qiluvchi axborot ham taqdim qilinmagan. Aslida buning hech qanday qiyin joyi yo’q. Har qanday malakali axborot manbasi qo’lga kiritgani ma’lumot yuzasidan, albatta hukumat idoralaridagi mas’ul shaxslarga murojaat qiladi. Ana o’sha payt, o’sha mas’ul shaxslar mavhum javob bilan gapni qisqa qilmasdan, keyinchalik buyuk bo’hton o’laroq “fosh” qilinajak ma’lumot haqida, o’sha paytning o’zidayoq uzil-kesil javob berishi kerak. Bor yo’g’i shu. Hayitdan keyin esa, odatda… Balkim, nechanchi bor mutlaqo imkonsiz (balkim hozircha) masalani ko’tarayotgandirman, balkim bu haqda gapirishning ham keragi yo’qdir. Ammo sahifamiz mavzusi muhojirotdagi kechinmalar va umuman, muhojirning hayoti haqida ekan, ayni holatni ham gapirmaslikning imkoni bo’lmadi. Zero, bu ham muhojirning dilini kemirib turgan muammo. Afsus bilan tilga olinadigan muammo…

Albatta, birdaniga yangi, mutlaqo hamma uchun birday ishonchli axborot manbasini tashkil qilish qiyin. Zero bu bilan, avvaldan mavjud barcha manbalar, “sal haqiqatdan yiroqroq ma’lumot tarqatadi”, deya tan olish bilan barobar bo’ladi. Shu bois ham, balkim yangi manbaning yaratilishi haqida, buni yaratish imkoni qo’lida bo’lganlarga gapirish kulgilidir. Ammo, hech narsani yaratmasdan, hech qanday sarf-xarajatsiz ham ko’zlangan maqsadga erishishning yo’li bor. U ham bo’lsa, muqobil ma’lumot tarqatishga urinayotganlar uchun imkoniyat yaratish. Dangal aytganda, ularga halaqit bermaslik. Ma’lumoti noto’g’ri bo’lsa, o’sha zahoti, ma’lumot yuzasidan murojaat qilingan paytiyoq, to’liq, yuz foiz rad etuvchi mukammal ma’lumotni tavsiya etish. Kerak bo’lsa yolg’on ma’lumot yolg’onligini isbotlovchi ashyolar taqdim qilish. Buning qiyin joyi yo’q-ku, to’g’rimi? Bilmadim. Lekin mana bu yerda, chet elda tanishganim bir vatandosh aytmoqchi, “unday emas, unday bo’lolmas, unday bo’lishi qiyindir, unday bo’lishini tasavvur qilish hatto kulgilidir, ammo shunday bo’lishini juda ham xohlar ekansan inson. Bu yerdagi vaziyatni ko’rgach, ayniqsa, bu orzuing seni qamrab olar ekan. Bizda ham shunday, deb maqtanging kelar ekan hatto”!!!

Menimcha, ana shu gaplarning o’zi yetarli…