Virtual saylovning ahamiyati nimada?

Posted April 15th, 2015 at 10:12 am (UTC-4)
Leave a comment

Virtual saylov komissiyasi 12 nomzodni ro'yxatga olgan. Amaldagi rahbar Islom Karimov ular qatorida emas, chunki qayta saylanishga haqqi yo'q

Virtual saylovlar muhojirlikka sochilgan o’zbeklar uchun son’ggi yillardagi aniq maqsadli tajriba bo’ldi. Saylovda ovoz berganlar soni, geografiyasi muhojirlikning mavjud nisbatiga solishtirganda ko’p emas, ammo boshqa bir harakatning o’zi yo’q joyda, shubhasiz, oldinga tashlangan qadamdir.

Shaxsan men virtual saylovda ovoz bermadim, aniqro’g’i, so’nggi kunlarda ovoz berishni rejalayotgan edim. Ammo virtual mojarolarning boshlanishi hushyor torttirdi, ehtimol bu tajribani kuzatgan ko’pchilikni ham shunday xavotir ovoz berishdan ushlab qolgandir.

Afsuski, bizning rasmiy saylovlarimiz ham, virtual saylovlarimiz ham qallobliklardan xoli bo’lmadi.

Rasmiy saylov o’z yo’liga, hech kim bundan ortiqchasini kutmagan edi, hatto Karimov uchun ovozlar nega 95 foizga bormagani biroz ajablanarli ham ko’rinadi. Ammo bizga adolatli, demokratik saylov tamsilini berishi lozim bo’lgan virtual saylovlardan nima kutilgan edi, shunday soxtaliklarmi? Nahotki, borimiz shu bo’lsa?

Nomzodlar Virtual saylov komissiyasining siyosiy tajriba bo’lgani haqida aytishmoqda. Ehtimol, soxta ovozlar orqasidan quvish siyosiy tajribadir, ammo hurmatli nomzodlar yurtda 25 yildan buyon guvoh bo’layotgan rasmiy saylovlarimiz bunday tajribadan allaqachon to’ydirgan.

Men Virtual saylov komissiyasisining yakuniy xulosalarida soxtalikka qo’l urilgani, bizga taqdim etilgan odamlar jamoatchilik ishonchini suiiste’mol qilishi mumkinligi haqida bayonot kutgan edim.

Afsus, bu jihat yakuniy qarorda o’rin topmadi. Bundan qat’i nazar, meni virtual saylovdan chiqargan asosiy xulosam shu jihat bo’ldi. Nazarimda, adolatli va ochiq jarayonni istagan boshqalar uchun ham shunisi muhim. Bu axborot uchun, albatta, Virtual komissiyadan minnatdorman.  Ayniqsa, ular uchun bu ishni yuritish, o’z vaqt va kuchlarini beg’araz sarflash oson bo’lmaganini hisobga olsak.

Darvoqe, Virtual saylov komissiyasi aynan shu harakati bilan Abdusalomov boshchiligidagi saylov komissiyasidan farqli ekanligini, muqobil va mustaqil ravishda ishlashi lozim bo’lgan Markaziy saylov komissiyasi ahamiyatini ham ko’rsatdi.

Virtual saylov komissiyasi o’rnida “Muqobil O’zbekiston” tuzilishi mantiqan o’ylangan navbatdagi qadam. Uning real hodisaga aylanishi harakat, munosabat va albatta maqsad yo’lida muvofiqlashishni taqoza etadi.

Bu qanchalik amalga oshadi, noma’lum. Anig’i shuki, erkin, adolatli jamiyat uchun muvofiqlashish ochiqlikdan boshlanishi kerak. Har holda Kengash tarkibiga kirgan nomzodlarning virtual saylovdagi o’z soxtaliklari haqida hech narsa deyishmagani “Muqobil O’zbekiston” maqsadlari qarshisida notabiiy ko’rinadi. Ta’bir joiz bo’lsa, bunday ochiqlik muvofiqlashish ahmiyatini, qadrini oshiradi.

Ehtimol, kimdir buni reallikdan uzoq tajriba sifatida ko’rib, ortiqcha jiddiylikka o’rin yo’q deb hisoblar. Ammo har qanday voqelikning jiddiy hodisaga aylanishi bildirilgan munosabatga yarasha bo’ladi. O’zbek muxolifatining xorijdagi faoliyati davomida biror jiddiy kuch yashab qolmayotgan ekan, buning sabablari bizga, munosabatimizga bog’liqdir.

Malik MANSUR

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

BLOG HAQIDA

muhojirlar shaharchasi2

Garchi blogimizni "Muhojirnoma" deb nomlagan bo'lsak-da, u alohida muhojirning kechinmalari va yoki sarguzashtlari haqida bayon qiluvchi sahifa emas. Bu ma'lum ma'noda muhojirotni o'z tanasida tatib ko'rgan insonlarning kundalik daftariday. Sahifa Amerika bilan tanishish, uning ijtimoiy-ma'naviy hayotini o'rganish, qolaversa bu mamlakatga kelish va undagi ayrim “imkoniyatlar”dan foydalanishni ko'zlayotgan minglab o'zbekistonliklar uchun ma'lumotnoma vazifasini o'tashni maqsad qilgan. Unda nafaqat Amerika, balki butun dunyodagi muhojirlar hayotiga oid ma’lumot va kechinmalarni berib borishni niyat qilganmiz.
Bizni kuzatib boring.

Kalendar

April 2015
M T W T F S S
« Nov   Jul »
 12345
6789101112
13141516171819
20212223242526
27282930