“Dangasalar” qachon matonatli kuchga aylanadi?

Posted December 28th, 2015 at 9:36 am (UTC-5)
Leave a comment

Moskva: Markaziy osiyolik mehnat muhojirlari doimiy bosim ostida pul topib, vatanidagi oilasini boqadi

Ko`pchilik yurtdoshlar uchun umrning yana bir yili muhojirlikda yakunlanmoqda.
Bu fursat kimdir uchun boy berilgan navbatdagi bir yil, kim uchundir chorasizlikdan qutulishning so`nggi imkoniyati sifatida ko`riladi.

Albatta, bugun ish topish uchun xorijga yo`l qidirayotgan vatandoshlar ko`pchilik. Aslan tavakkalchilikka qurilgan, hadiksiz, har qanday sharoitga qaramasdan ishlashga hozir bu tirishqoqlik matonatdan nishona.

Mamlakatning taraqqiyot qadami uzilgan, markaz shaharlar allaqachonlar unutgan uzoq qishloqlarida shu yillar davomida tirikchilik qozoni qaynab turgan ekan, shubhasiz, bu shu muhojirlarning mehnati evaziga.

Kun kelib, aynan shu mehnat muhojirlari tufayli millionlab yurtdoshlarimiz nochorlikdan qutilishgani, o`qishga, ishga, yashashga kuch topishgani tan olinib, muhojirlarga yopishtirilgan “dangasa” yorlig’i “matonat”ga aylansa ajab emas.

Ammo muhojirlikni tanlayotganlar faqatgina iqtisodiy sabablarga ega emas, siyosatdan qochayotganlar ham ko`p.

Kimdir hayot sinovini ibodatda ko`rayotgan oddiy namozxon, kimdir inson haqlari uchun kurashgan huquq himoyachisi, kimdir siyosiy dasturga ega muxolifatchi, yana kimdir emin-erkin ishlashni istagan jurnalist; xullas, mavjud rejim tufayli vatanni tark etgan muhojirlar toifasi ham kam emas.Dastlabki qochqinligi ancha avval boshlangan, hozirga kelib o`zbek rejimining muxolifiga aylangan bu qatlam aksariyati ham o`zini vatansiz tasavvur etmaydi. 20 yildirki, vatanga qaytish, nimalardir qilish ilinjida yashab kelayapti.

Bu qatlam orasidagi tarqoqlik ham, adovat ham aslida o`zaro ziddiyatga emas, vatanga qaytish umidi qarshisidagi chorasizlikka bog`liqdek ko`rinadi.

Sababi oddiydek, o`zgarishlar faqat muxoliflikni taqozo etmasligi ayonlashgan, umid esa yo`qolmagan; ehtimol tashqi ta’sirlarga, ichki vaziyat, kutilmagan, favqulodda holatlarga tayanib qolgandir, lekin bor, yo`qolmagan.

Yo`l mavhumligiga qaramasdan umid uchqunlay boshlar  ekan, adovatlar ham, ziddiyatlar ham unutiladi.

Afsuslisi shundaki, aslida bir sabab – mavjud hukumat tufayli muhojirlikka tutilgan bu ikki qatlam o`zaro til topisha olmadi. Mehnat muhojirlarining ko`pchiligi ehtimol o`zlari kabi muhojirlikka tutilgan boshqa bir qatlam mavjudligidan bexabar bo`lgandir, ammo muxolif qatlamning millionlarga yetgan muhojirlardan xabarsizligi imkonsiz edi.

Muhojirlar qo`rqoq, rejimga qarshi bormaydi degan qarashlarning o`rinsizligini esa bugun jihodchilikni tanlagan o`zbeklarning aksariyati mehnat muhojirlari ekanligi ko`rsatib turibdi.  Huquqsizlikka mahkum qilingan millionlab odamlar taqdiri boshqacha tugashi ham mumkin emas edi.

Bundan quvg`un, tazyiqlarni to`xtatmagan, o`z soyasidan vahima yasayotgan rejim ham, muxolifligini, hukumatga muqobil bo`lish umidini allaqachon unutgan muxolifat ham, asosiysi, o`zbek jamoatchiligi yutgani yo`q.

Malik MANSUR

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

BLOG HAQIDA

muhojirlar shaharchasi2

Garchi blogimizni "Muhojirnoma" deb nomlagan bo'lsak-da, u alohida muhojirning kechinmalari va yoki sarguzashtlari haqida bayon qiluvchi sahifa emas. Bu ma'lum ma'noda muhojirotni o'z tanasida tatib ko'rgan insonlarning kundalik daftariday. Sahifa Amerika bilan tanishish, uning ijtimoiy-ma'naviy hayotini o'rganish, qolaversa bu mamlakatga kelish va undagi ayrim “imkoniyatlar”dan foydalanishni ko'zlayotgan minglab o'zbekistonliklar uchun ma'lumotnoma vazifasini o'tashni maqsad qilgan. Unda nafaqat Amerika, balki butun dunyodagi muhojirlar hayotiga oid ma’lumot va kechinmalarni berib borishni niyat qilganmiz.
Bizni kuzatib boring.

Kalendar

December 2015
M T W T F S S
« Nov   Feb »
 123456
78910111213
14151617181920
21222324252627
28293031