Buxoro yahudiylari muzeyi – Amerikada O’rta Osiyoning bir bo’lagi

Posted February 4th, 2016 at 9:13 pm (UTC-4)
Leave a comment

Amerika qaynar qozondir. Bu qozonga tushgan elatlarning o’zligini saqlab qolishi oson emas. O’rta Osiyoni chorak asr oldin tark etgan Buxoro yahudiylari ham shu muammoga duch kelgan. Ularning Nyu-Yorkdagi muzeyi yosh avlodga bobolarining tarixi va madaniyati haqida ma’lumot uzatishda bebaho resursdir.

O’rta Osiyoda asrlar davomida yashagan Buxoro yahudiylari Sovet Ittifoqi tarqalib ketganidan so’ng asosan Isroil va Amerikaga yo’l oldi. An’analari va dinini cheklab qo’ygan qafas parchalandi. Ammo hurlikni tuhfa qilgan muhojirot bu elat vakillariga arzonga tushmadi.

“Sovet Ittifoqidan ko’ra Amerikada ko’proq assimilyatsiyaga moyil bo’lib qoldik. Chunki biz yashash muhitimizni yo’qotdik. Sharqona bozorlarni, tilimizni, qo’shnilarimizni, mahallamizni. Biz u yerda o’zbek, tojik, buxorocha tillarda so’zlashardik. Bir-birimizni tushunadrik. Bu yerda esa boshqa muhitga tushib qoldik. Televideniye, kino, maktablar farzandlarimiz tarbiyasiga katta ta’sir ko’rsatadigan bo’ldi. Tilimizni unutib, inglizcha so’zlasha boshlashdi, amerikalik bo’lishni xohlashadi. Bu jarayonni to’xtatish mumkin emasligini tushundim. Bir donishmand aytganidek, o’limdan emas, izsiz ketishdan qo’rqaman. O’ziga xos tarix va madaniyatga ega Buxoro yahudiylarining moziyga g’arq bo’lishini istamayman. Iz qoldirgim keladi”, – deydi Nyu-Yorkning Kvins rayonidagi muzey asoschisi va direktori Aron Aronov.

U hozir 77 yoshda. Amerikaga 1989-yilda kelgan. Muzey Buxoro yahudiylari gimnaziyasi binosida joylashgan.

“Bu faqat Buxoro yahudiylari merosi muzeyi emas, balki Markaziy Osiyo xalqlari muzeyi hamdir. Buxoro yahudiylarini mintaqa mazmunidan alohida holda ko’rish mumkin emas. Ko’p an’analarimiz, kiyimimiz, taomlarimiz o’xshash”.

Muzey Buxoro yahudiylarining O’rta Osiyodagi hayotini yaqqol eks etadi. Aron Aronov har bir eksponatni shaxsan o’zi muzeyga keltirgan.

“Sobiq vatanimizdagi hayotimizni ko’rmoqchi bo’lgan yoshlarning O’zbekistonga borishi shart emas. Muzeyga kirib, ota-bobolari yashagan zamonga sho’ng’isa bo’ladi. Afsuski, yosh va ulug’ avlod o’rtasida jarlik borgan-sari kengaymoqda. Tilda, kiyimda. Biz teatrni sevamiz, ular esa Gollivud kinolarini”, – deydi Aron Aronov.

Muzeyda millat g’ururi, ko’zga ko’ringan shaxslar haqida ham ma’lumot bor.

“Men bu yerda rus davrini ham yoritmoqchiman. 1865-yildan 1917-yilgacha bo’lgan vaqt oralig’ini. Axir biz u paytda etikdo’z, tikuvchi, zargar, sartarosh edik. Sovet davrida esa muhandis, shifokor, olim bo’ldik. Ilmga intilgan, ta’lim olgan paytlarimizni ham ko’rsatishimiz kerak”.

Ikkinchi jahon urushida Buxoro yahudiylaridan 30 ming odam jang qilgan. Har uchinchisi nobud bo’lgan.

“Muzeyda jangovar shuhrat xonasini ham ochmoqchiman. Amerikaliklarga Buxoro yahudiylari ham urushda qatnashgan desam, hayron bo’lishadi, bilishmaydi. Ko’p millatdoshlarimiz frontdan orden-medallar bilan qaytgan”, – deydi u.

Aron Aronov O’zbekistonni chorak asr oldin tark etgan bo’lsa-da, yurtni, odamlarini mehr bilan tilga oladi.

Odil Ruzaliev

Nyu-York

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

BLOG HAQIDA

muhojirlar shaharchasi2

Garchi blogimizni "Muhojirnoma" deb nomlagan bo'lsak-da, u alohida muhojirning kechinmalari va yoki sarguzashtlari haqida bayon qiluvchi sahifa emas. Bu ma'lum ma'noda muhojirotni o'z tanasida tatib ko'rgan insonlarning kundalik daftariday. Sahifa Amerika bilan tanishish, uning ijtimoiy-ma'naviy hayotini o'rganish, qolaversa bu mamlakatga kelish va undagi ayrim “imkoniyatlar”dan foydalanishni ko'zlayotgan minglab o'zbekistonliklar uchun ma'lumotnoma vazifasini o'tashni maqsad qilgan. Unda nafaqat Amerika, balki butun dunyodagi muhojirlar hayotiga oid ma’lumot va kechinmalarni berib borishni niyat qilganmiz.
Bizni kuzatib boring.

Kalendar

February 2016
M T W T F S S
« Dec   Mar »
1234567
891011121314
15161718192021
22232425262728
29