Terror harakatlaridan Yevropa musulmonlari xavotir va aziyat chekmoqda

Posted March 24th, 2016 at 9:32 pm (UTC-4)
Leave a comment

Terror qurbonlari xotirlanmoqda, Bryussels

Yevropada kuzatilayotgan har bir terorchilik harakati bu qita`da yashayotgan musulmonlarni ko`proq xavotir va tahlikaga solib qo`ymoqda. Bryusseldagi qonli xurujlar ham bundan mustasno emas, muhojirlardagi hadik yanada ortgan.

Bunining uchun sabablar yetarli; har bir xuruj dahshat va vahima urug`ini sochishidan tashqari jamoatchilikning musulmonlarga, islomga munosabatini ham sinovdan o`tkazadi. Aslida terrorning maqsadi ham ko`proq shunga, jamiyatdagi shu bardoshni, bag`rikenglikni izdan chiqarishga qaratilgan.

Yevropdagi muhojirlar inqirozi ortidan kuzatilayotgan terrorchilik harakatlari bu vaziyatni yanada qaltislashtirgan, terror din va millat tanlamasligi, uning islomga aloqasi yo`qligini takrorlashdan ba`zan naf yo`qdek.

Yevropa bo`ylab muhojirlarga, musulmonlarga qarshi siyosiy populistlar oyoqqa turmoqda. Bu gurhlarning ayrimlari mahalliy saylovlarda muvaffaqiyat qozonayotgani, fuqaroligi bor-yo`qligidan qat’i nazar, muhojirlar uchun yanada xavotirli tuyuladi.  

Urush qochqinlari uchun Yevropa eshiklarini ochib bergan Germaniyadagi vaziyat ham bundan mustasno emas. Mamlakat miqyosida qochqinlar ochiq yuz, shafqat bilan  kutib olingan dastlabki taassurotlar muhojirlar oqimining  kuchayishi, Parijdagi, Bryusseldagi qonli teraktlar ortidan ancha xiralashdi.

Qochqinlar uchun muhtaram ona ramziga aylangan Germaniya kansleri Angela Merkelning muhojirparvar siyosati shaxsan uning, u yetakchiligidagi siyosiy partiya reytinglarining keskin tushib ketishi bilan kuzatildi.

Muhojirlar oqimini cheklashga oshiqayotgan, o`tgan yillar davomida hatto mahalliy kengashlar uchun lozim ovozlar to`play olmay kelgan populistlar partiyasi – Germaniya uchun Muqobillik (AfD) mamlakatdagi uchinchi yirik siyosiy kuchga aylandi, Yevropani musulmonlardan xoli ko`rish maqsadini shior qilgan PEGIDA tarafdorlari yana ko`paya boshlagan.

Ammo bu xavotirlar urush changalida qolgan yuz minglab qochqinlar to`qnash turgan tahlika qarshisida o`ta ojiz ko`rinadi, taassufki, bu o`choqda bugun, asosan, islom dunyosi, musulmonlar yonmoqda.

Buning chigal, ayanchli sabablarini esa har kim o`zicha taqlin qiladi, urush nishoniga aylangan davlatlar ham, bu ziddiyatga tortilgan tomonlar, panoh istab qochayotganlar, terror olovini yoqayotganlar ham.

Bugun mintaqamizda mashhur Rossiya matbuoti muhojirlar bilan bog`liq vaziyatni Yevropaning inqirozi sifatida baholamoqda, ammo negadir bu inqiroz Suriyadagi rus harbiy uchoqlari yog`dirgan bombalar, Assad armiyasiga yetkazilgan harbiy texnikalar oqibati ekani haqida hech narsa deyilmaydi.

Albatta, muhojirlik bu faqatgina urush oqibatlaridan emas, buningsiz ham muhojirlar dunyosi hamisha bo`lgan, muhojirlik kuchi hatto mamlakatlar, davlatchilikni barpo etgan, bu borada ko`pchilikka ma`lum  misollarni  keltirib o`tishga esa hojat yo`qdek.

Malik Mansur

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

BLOG HAQIDA

muhojirlar shaharchasi2

Garchi blogimizni "Muhojirnoma" deb nomlagan bo'lsak-da, u alohida muhojirning kechinmalari va yoki sarguzashtlari haqida bayon qiluvchi sahifa emas. Bu ma'lum ma'noda muhojirotni o'z tanasida tatib ko'rgan insonlarning kundalik daftariday. Sahifa Amerika bilan tanishish, uning ijtimoiy-ma'naviy hayotini o'rganish, qolaversa bu mamlakatga kelish va undagi ayrim “imkoniyatlar”dan foydalanishni ko'zlayotgan minglab o'zbekistonliklar uchun ma'lumotnoma vazifasini o'tashni maqsad qilgan. Unda nafaqat Amerika, balki butun dunyodagi muhojirlar hayotiga oid ma’lumot va kechinmalarni berib borishni niyat qilganmiz.
Bizni kuzatib boring.

Kalendar

March 2016
M T W T F S S
« Feb   Jul »
 123456
78910111213
14151617181920
21222324252627
28293031