26-iyun qrim tatarlari uchun milliy bayroq kuni hisoblanadi. Ular ikki yildirki, o`z qadriyatlarini belgilovchi bayramlarini vatandan tashqarida o`tkazishga mahkum. Qrimda Rossiya hukmronligi o`rnatilishi ortidan yarimoroldagi shundoq ham kamsonli bo`lgan tatarlarning bir qismi ichki muhojirlikka yuz tutdi, nazorat, bosim, tazyiqlar tufayli Ukrainaning boshqa hududlariga chiqib ketishdi.
Ular bir kun kelib Rossiya tasarrufidan xoli Qrimga qaytishga umid qilishadi. Milliy bayroq kunini Kiyevda tantana qilgan qrim tatarlarining aksariyati bunga shubha qilishmaydi. Bayramda qatnashgan yetakchilar Mustafo Jemilov, Refat Chubarovlar hozirgi vaziyatda xalqdagi bu ishonchning o`ta muhumligi, Qrimning ishg`oldan ozod bo`lishi muqarrar ekanligi haqida gapirishdi.
Son`ggi ma`lumotlarga ko`ra, Qrimdan ichki muhojirlikka yuz tutgan tatarlar soni bir necha mingdan oshgan. Ular orasida Qrimga kirishi rasman taqiqlangan faollar, mahalliy hukumatga yoqmagan jurnalistlar, milliy qadriyatlarini oshkora namoyish etgani uchun ta’qibga olingan yoshlar ko`pchilik.
Bedarak yo`qolayotganlar, noqonuniy diniy guruhga a`zolikda, xavfsizlikka tahdid qilishda ayblanib hibsga olinganlar ham ko`payib borayotgani tub aholi orasida qo’rquvni oshirib, qochoqlar sonini yanada ko’paytirishi mumkinligidan xavotirlar kuchaygan. Ammo bu xavotirlar qrim tatarlarining o`z bayroqlariga ko`rsatayotgan ehtiromi, muhabbati qarshisida ancha ojiz ko`rinadi.
Quyida milly bayroq tantanasidan olingan suratlarni e’tiboringizga havola qilamiz.
Matn va suratlar muallifi Malik Mansur