26-fevral kuni o`z vatanidan quvilgan qrim tatarlari Ukraina poytaxti Kiyevda Rossiya bosqiniga qarshilik kunini xotirlayotgan bir paytda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ostonada Qozog’iston rahbari Nursulton Nazarboyev bilan uchrashayotgan edi. Bu, ehtimol, shunchaki tasodifdir, ammo xavotirlardan xoli tasodif emas. Putinning Markaziy Osiyo bo`ylab safari Qrim ishg`olining uch yilligiga to`g`ri kelmoqda.

Nazarboyev Putindan Suriya bo`yicha tashkil qilingan muzokaralar uchun qutlovni qabul qilib olar ekan, tabiiyki, Qrim haqida, vatanidan quvilgan qrim tatarlari haqida eslamadi.

Nafaqat Nazaboyev, balki Putin mintaqa bo`ylab safari davomida uchrashgan boshqa yetakchilar – Imomali Rahmon ham, Almazbek Atambayev ham lom-lim demasligi haqiqat. Bu BMTning Qrim bo`yicha rezolyutsiyasida ilk bor Rossiyani yoqlab ovoz bergan O`zbekistonning yangi yetakchisi Shavkat Mirziyoyevga ham tegishli.

Surgundan o`z vataniga qaytgan qrim tatarlarining aksariyati O`zbekistondan. Ular hukumat va xalq o`rtasidagi jarlikdan, haqiqiy vaziyatdan yaxshi xabardor. Rossiya bilan aloqalar muhimligi Moskva siyosati bilan so`zsiz kelishish lozimligini anglatmaydi. Har holda, Kreml bilan aloqalarini tiklayotgan Turkiya qrim tatarlar  muammosiga ko`z yumayotgani yo`q. Markaziy Osiyo ham sukut saqlash darajasidagi ojiz o`lka emas.

Qrimliklar esa Rossiya ishg`oli ortidan yangi deportatsiya to`lqini boshlanganidan chuqur xavotirda. Qrim tatarlar yetakchisi Mustafo Jemilovga ko`ra, ishg`ol ortidan o`z vatanini tark etishga majbur bo`lgan qrim tatarlari soni 20 mingdan oshadi. Bu Stalin davrida o`z yurtidan surgun qilingan, qatog`onlarni boshdan kechirgan kichik bir xalq uchun katta ko`rsatkich.

Vatan ozodligi uchun kurashda kuch emas, erkka, so`zga va ishonchga suyangan tatarlarning ko`pchiligi siyosiy mahbuslarga aylandi.  Muhojirlikka chiqqanlarning aksariyati ishg`olga qarshi kurashni davom ettirish qaroridagi tatarlar.

Bugun ular nafaqat vatan ozodligi, balki yurtidagi siyosiy mahbuslarning ozod etilishi uchun ham kurashga chog`lanishgan, Qrimdagi vaziyatga xalqaro hamjamiyat diqqati susayar yoki mintaqa davlatlari kabi BMT doirasida Rossiyani yoqlash davom etar ekan, siyosiy mahbuslar ko`payishi ehtimoli, afsuski, juda baland.

Quyida Ukraina parlamentida Qrimdagi siyosiy mahbuslar taqdiriga oid o`tkazilgan tadbirdan suratlarni taqdim etamiz.

Matn va suratlar muallifi Malik Mansur