Yashab bo`lar ekanmi sog`inmasdan Vatanni? Meningcha hech. Garchi so`nggi yillarda muhojirlik aksar o`zbekistonliklar uchun o`zgacha bir orzu darajasiga chiqqan esa-da, Vatanning o`rni boshqa.

Bir holat hech esdan chiqmaydi. “Ingliz tili ikkinchi til” dasturi bo`yicha o`quv mashg`ulotlarga qatnab yurgan paytlarim edi. Yangi tashkil etilgan sinfga Misr, Suriya va Iroqdan kelgan muhojirlar jalb etildi. Mashg`ulotning birinchi qismi, ya`ni birinchi ikki soatida muallima ingliz tiliga oid tushuntirishlar berar, yangi so`zlarni o`rgatsa, ikkinchi (u ham ikki soatli) qismida erkin muloqot uyushtirilardi. Ya`ni hamma o`zi bilganicha sherigi bilan suhbat qurishga urinadi. Ba`zan suhbat juda qisqa bo`lardi, ya`ni suhbatdoshlar faqat salom, isming nima, qayyerliksan va rahmat deya olardi. Ammo ayrim inglizchani birmuncha dadil gapira oladiganlar uchrardiki, ularning suhbati uzoqroq bo`lardi va ba`zan bu so`zlashuvga muallima ham aralashib ketar edi.

Xullas, ana shunday erkin suhbatlashuv mashg`uloti payti muallima qaysidir suhbat ishtirokchilaridan AQSh va o`z Vatanlari orasidagi farq haqida so`radi. U yoqda yaxshiroqmi yoki bu yoqda qabilida. Ana shunda ko`rdim men chinakam muhabbatni. Vatan haqidagi xotira suhbat ishtirokchilarining ko`zlarini namlatdi. Men mashg`ulot xonasidagi boshqa muhojirlarga qaradim… boshlar egilgan, ko`zlarga qalqigan yoshni tutish juda qiyin edi.

Fotima degan qiz jilmayib “Vatanimdagi hech bir holatni bu yerdagisiga solishtirib bo`lmaydi. Avval ham, hozir ham. Vatandagi osudalik payti undagi hayot, odamlar orasidagi o`zaro muhabbatni ta`riflash uchun ingliz tilida bu qadar go`zal so`zlarni topolmasam, hozir Vatan notinch payti qalbimdagi iztirobni anglatishga ingliz tilida so`z yo`q. Hech narsa, hech bir holat na bu yerda, na dunyoning boshqa bir joyida Vatanimdagi bilan solishtirishga arzimaydi, solishtirish qiyin. Axir, Vatanimda bunday emas deb kamsita olmayman, Vatanimku”, dedi. Muallima uni quchib yig`ladi.

AQShga qochoq maqomida kirib kelayotganlar uchun “Madaniy moslashish”, yanayam soddarog`i “sharoitga ko`nikish”, o`zni yo`qotib qo`ymaslikka oid qicqa mashg`ulotlar uyushtiriladi. Men ana shunday mashg`ulotlar o`tkazuvchi, rus millatiga mansub Stas degan yigitni taniyman, o`sha gapirib bergan. Mashg`ulot davomida bo`lajak muhojirlarga Amerikadagi ularning ona yurtidagidan farqli holatlar haqida axborot beriladi, dovdirab, sarosimaga tushib tushkunlikda qolmaslik uchun ayrim maslahatlar beriladi.

“Afrikalik qochqinlar edi. Ular oldiga stakan qo`yib uning yarmiga qaynoq suv quydim, va mana bu sizlarni kutayotgan yangi sharoit dedim. Keyin qaynoq suvga quruq choy tashladim va mana bu sizlar dedim. Quruq choyning ma`lum qismi bir zumda qaynoq suvga singib stakan ostiga cho`kdi, rang berdi. Yarmi esa suv yuzida qoldi. O`zini qo`lga olib vaziyatga tezda moslashganlar ana shunday yangi jamiyatga rang berib, u bilan birlashib ketadi, eplay olmaganlar, mana bunday suv yuzida qoladi va bu yomon dedim”, – deydi Stas.

Shularni aytar payt, tanishim mashg`ulot davomida churq etmay o`tirgan keksa otaxonga yuzlanib, “sizningcha, siz bu holatda qaysi birisiz, rang berib aralashib ketganimi yoki suv yuzida qolib arosatdagimisiz?” deb so`raydi. Cholning javobi Stasni mutlaqo lol qoldirgan.

“Men suv ostida avvalgi holatini yo’qotib halok bo`lgan choy bargi kabiman. Tepaga qalqish amri mahol, rang berib singib ketish imkonsiz… taqdirning sinovi sindirgan bir ojizman”, – degan chol.

Yangi sharoit hamma vaqt ham yengil kelavermaydi, bo`lib ham siz uchun mutlaqo notanish mamlakatda. Yoshi bir joyga borib qolgan inson uchun esa, kutilmaganda boshga tushgan yangi sharoit halokatli bo`lishi ham mumkin. Chol o`z imkoniyatlarini chamalaganu, uni kutayotgan real holat oldida cho`kkalab qolgan. Ba`zan hali ancha yosh bo`lgan alpqomat yigitlar dovdirab qoladi, nima qilib bo`lsa ham ketamanga tushib qolishadi. Tushunamanki, tamom, kosa to`ldi. Chindan ham hozir uning uchun eng to`g`ri yechim, ketishlik. Va shu payt, uning uchun qaytish imkoni borligidan sevinaman, demak u “cho`kib” nobud bo`lmaydi. To`g`ri qaytib, Vatanga yetib borgach, ko`pchilik yigitlar yana Amerika taraddudiga tushub qoladi. Yetib kelgani ham o`zgacha g`ayrat bilan keladi. Bundaylarga qarab muhojir o`zbeklar “zaryad olib qaytdi”, deyishadi. Bugun ana shu “zaryad olib qaytish” orzusida yurganlar juda ko`p.

Bir nepallik yigit bilan tanishdim. Aytib o`tish joiz, bu mamlakatdan kelgan muhojirlar Amerikadagi sharoitga eng tez ko`nikadi, ko`nikish uchun astoydil harakat qiladi. Yoshlari Amerika yoshlari kabi kiyinadi, mahalliy yoshlarga qiyosan yuradi, hatto o`sha uslubda gaplashadi. To`g`ri, o`zlarining milliy qiyofalarini to`liq rad etolmaydi, baribir boshlarini boshqacha chayqaydi, butun mahallani har xil hidlarga to`ldirib taom pishiradi, shu bois ularga qo`shni bo`lib qolgan (taqdir taqozosi bilan) amerikaliklar mahalladan ko`chib ketish payiga tushadi. Ammo nepalliklar uchun Amerika Vatan. O`z vataningni ham sog`inasanmi, deb so`radim tanishimdan. Yo`q deb javob qildi u: “sababi, men hech zamon Nepal ichida yashamadim. Yoshim 30ga kirdi, ammo hech yo`qsa, bir yil Nepalda yashamadim. Nepal hukumati bizni Hindistonga haydadi, hindlar ortga haydadi, u yurtga ko`chib bordik, quvildik, bu yurtga o`tdik, quvildik… Sig`magan yurtni Vatan deb bo`lmaydiku. Amerikaga sig`dik, nihoyat uyim deb atashim mumkin bo`lgan qo`nalg`am bor. Yigirma yeti yil yo`q edi, endi bor. Ana bu Vatan’, – dedi nepallik.

Ammo Nepalda zilzila bo`lganida u motamda yurdi.

Bilmadim, kim qanday, ammo, meningcha, yangi sharoitga kelgan odam butkul o`tmishini ko`mmasligi kerak. Masalan, Amerikada (bu haqda avvalgi suhbatlarda ham aytgan edim) nishonlanadigan aksar bayramlarning asl vatani AQShdan tashqarida. “Thanksgiving day”dan (Shukrona kuni) tashqari. Ko`pchilik bayramlarning vatani Fransiya, Italiya, Irlandiya, Angliya. Ya`ni bu degani, qachonlardir bu qit`aga ko`chib kelgan yevropaliklar, garchi ularning asl maqsadi yangicha, o`z vatanlarida o`sha paytlarda hukmron bo`lgan diniy siyosiy bosimdan qutilish bo`lgan esa-da, o`zgacha bir shasht bilan tark etgani vatanlaridagi marosimlarni yangi yurtda ham nishonlaganlar va hatto uning AQSh federal bayrami darajasigacha ko`tarilishiga erishganlar. Dastlabki yevropaliklarning bugungi Amerikaga kelishi sabablari haqida QAShda yurgan ma`lumotlarni o`rgansangiz, ularning kelishini uchta asosiy maqsad bilan tilga olishadi. Bular ya`ni, iqtisodiy manfaatlar, boshqacha sharoit yaratib, o`zlariga ma`qul yangi hokimiyatni tuzish istagi va diniy erkinlik. Demak maqsadlari mutlaqo boshqacha hayot tarzi edi. Ammo bugungi asosiy marosimlar niyatlar yengilib doimiy hayot tarzi, urflar g`olib kelganini ko`rsatyapti.

Yuz foiz o`z urfi va an`analaridan voz kechib, mutlaqo boshqacha, hatto amerikaliklarning o`zlari ham bugun yomon ko`rayotgan odat bo`yicha ayshash ishtiyoqi, ne afsuski faqat biznikilarda bor. Ba`zan E`ron, Afg`oniston va turk yoshlarida kuzatish mumkin. Meningcha bu noto`g`ri. Sizning madaniyatingiz dahlsizdir. Hatto Amerikada ham. Faqat u AQSh qonunlarini buzmasa bas. Madaniyat hech qachon qonunlarga zid kelmaydi. Aksar arablar u yoki bu masalada politsiya bilan tortishib qolsa, kechirasiz, ammo bu mening madaniyatim va urfimga oid, agar u sizga va yoki kimgadir noqulaylik tug`dirgan bo`lsa uzr so`rayman deyishadi. Politsiya ham “ok, no problem”, deb ketadi, ammo zinhor yig`ishtir demaydi. Shunday demagani, cheklash yo`qligi bois ham minglab marosimlar mavjud. Insonlar yahshi hayot ilinjida kelgan esada Vatanni bir parchasini doim qalblari to`rida tutadilar. Vatan sog`inchini esa azaliy urflari va marosimlarini eslash, nishonlash orqali qondiradilar. Marosimlar va urflarning go`zal jihatlarini boshqa amerikaliklarga uqtiradilar va sekin sekin, bu urf va marosimlar mamlakat bo`ylab keng nishonlanadigan, hurmat qilinadigan bo`ladi.

Amerikada keng tarqalgan odat bu jamiyat ichida kichik jamoalar tashkil qilish. Ya`ni har bir xalq, millat vakillari o`zi yashayotgan shaharda o`z jamoasini “komyuniti”sini tuzadi. Aslida bir birini qo`llash, yangi sharoitda sarosimaga tushib qolmaslikda yordam berish uchun tuzilgan jamoalar bora bora milliy urf va an`analarni unutib yubormaslik, ularni yoshlar orasida targ`ib qilish bilan shug`ullanadigan jamoaga aylanadi. E`tibor qiling Amerikada eng gavjum va shov-shuvli emakxonalar qaysi. To`g`ri, ma`lum bir xalqning o`z milliy taomlarini tayyorlovchi oshxonalar. Hali hech kim Amerikaga kelib, yangi sharoitga moslashish shart deya gamburger va hotdoglar bilangina taomlanib yashamadi. Albatta o`z milliy taomiga intildi. Hatto oziq-ovqat savdo do`konlarini ham o`z Vatanidagi kabi qilib ochib oldilar. Sababi qanchalar hoxlamang, qanchalar astoydil intilmang ammo hayotingizning mazmuniga aylangan Vatan urflari sizni tark etmaydi. Etolmaydi. Tark etgan kuni tugaysiz. Bir to`da hech kimlar qatoriga qo`shilasiz…

Misollarning hammasi AQShda yashayotgan muhojirlar hayotidan olindi. Kimlaridir o`n yil avval, kimidir yigirma-o`ttiz yil, bir asr va yoki ikki asr muqaddam Amerika qit`asiga keldi. Minglab odamlar, minglab niyyatda bu yurtga tashrif qildi. Ammo hech biri Vatan sog`inchidan qutila olmadi, yangi Vatan deb tanlagani yurtning chegaralari Vatan, asl Vatan sog`inchini to`solmadi. Vatanni sog`inmay, unutib yashab bo`lar ekanmi? Meningcha, hech…

Husniddin Qutbidinov,
AQSh