Amerikada din va diniy ta’lim

Posted September 11th, 2017 at 10:47 am (UTC-4)
1 comment

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek auditoriyasi orasida O‘zbekistondagi maktablarda ro’mol o’ragan qizlarning o’qishga qo’yilmayotgani hamda yirik diniy marosimlarga, masalan, masjidlarga yosh bolalar qo‘yilmayotgani keng muhokama qilinmoqda. Ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari bu kabi cheklovlarni ma’qullasa, boshqalari buning noto‘g‘ri ekanini aytmoqda. Cheklovlar tarafdorlari bu harakatlarni O‘zbekiston dunyoviy davlat ekanligi bilan izohlamoqda. Ayni mana shu holat bizni “Dunyoviy davlat” o‘laroq tanilib ulgurgan AQShdagi bu boradagi vaziyat bilan taqqoslash istagini paydo qildi.

Avvalo, aytib o‘tish joiz, amerikaliklar dinni o‘z hayotining ajralmas qismi o‘laroq biladi. Diniy urflarga amal qilishga jiddiy e’tibor qaratiladi. 25-sentabr 1789 yili Jeyms Medison AQSh Konstitutsiyasiga ilk qo‘shimchalar kiritilishi tashabbusi bilan chiqdi, bu ilk qo‘shimcha Huquqlar haqida Qonun (Bill of Rights) nomi bilan tanilgan. Ayni ana shu qo‘shimchada tilga olingan qator, mutlaqo inkor qilinmas huquqlar orasida Diniy erkinlik (Freedom of Religion) huquqi ham qayd etilgan. Oradan qariyib 228 yil o‘tibdiki, oddiy amerikaliklar ham, AQSh Davlat idoralari ham ayni huquqning kamsitilmasligiga jiddiy e’tibor qaratib kelishadi. Ana shu huquqqa ko‘ra, amerikaliklar istagan diniga e’tiqod qilishi, diniy liboslar kiyishi va hatto diniy jamoa ichida yashash huquqiga ega. Misol tariqasida Amish jamoasini olish mumkin.

Amerikada istiqomat qiluvchi har bir o‘zbek muhojiri bir marta bo‘lsa-da tilga olganimiz diniy jamoa vakillari amishlar bilan uchrashgan. Zero agar siz sof (organik) meva yoki poliz mahsulotlari xarid qilishni istasangiz, aynan ana shu jamoaga murojaat qilasiz. Aslida 1693-yili Yevropada paydo bo‘lgan bu diniy jamoa vakillari, keyinchalik turli ta’qib va tazyiqlardan qochib AQShga kelgani aytiladi. Har qanday zamonaviylikni, shu jumladan, taraqqiyot mahsulotlarini tan olmaslik va jamiki qulayliklardan voz kechgan holda nihoyatda oddiy hayot kechirish tarzini tanlagan amishlar AQShda keng tanilgan. Ular deyarli har bir shtatda bor va asosan dehqonchilik bilan shug‘ullanadi. Ayrim shtatlarda mahalliy hokimiyat amishlar bilan shartnoma tuzib, ulardan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini sotib oladi.

Darvoqe, amishlar zamonaviy liboslarni ham rad etadi, ularning o‘z diniy libosi bo‘lib, faqat ana shu libosda yuradilar. Pittsburgda hatto Tibbiy muassasalar ham amishlar yordamidan foydalanadi. Ular xastalarga ruhiy dalda berishda ishtirok etadi, hatto ayrim tug‘ruq xonalarda ham amishlarni uchratish mumkin. Ya’ni davlat ularni inkor etmaydi, aksincha, ular bilan yaqindan hamkorlik qiladi. Aytgancha, aksar Amerikadagi musulmonlar o‘z diniy marosimlarini nishonlash jarayonida ham amishlarga murojaat qilib turadi. Ya’ni, masalan, qurbonlik qilish uchun jonlikni aynan amishlardan sotib oladilar, zero diniy jamoa bo‘lganliklari bois, amishlar o‘z qaramog‘idagi jonivorlarga harom yegulik bermasligiga ishonadilar.

Ana endi ikki og‘iz AQSh ta’lim muassasalarida dindorlar, diniy oila farzandlari va umuman diniy qarashlarga nisbatan munosabatga to‘xtalamiz. Amerikaga ko‘chib kelib bu yerda yangi hayot boshlagan istagan muhojirning (uning qaysi din vakili bo‘lishidan qat’i nazar) ilk ta’lim muassasasiga yo‘l olgan farzandidan so‘rasangiz, u sizga bemalol avliyo Patrik haqida ham, Valentin haqida ham va hatto Christmas (Rojdestvo – Tavallud ayyom) kuni haqida ham gapirib berishi mumkin. Nega? Chunki bu haqda unga maktabida, o‘sha ilk qadam qo‘ygani ta’lim muassasasida anglatadilar.

Amerikada boshlang‘ich ta’lim mana bu ko‘rinishda taqsimlagan, demak, dastlabkisi Kindergarten (ya’ni dastlabki, ruschasiga nulevoy) bosqichiga 5 yoshdan qabul qilinadi (boshqa shtatlarda bu bosqichga qabul qilinuvchilar yoshi biroz boshqacha bo‘lishi mumkin), keyingisi Elementary school (boshlang‘ich), bu bosqichda bolalar birinchidan beshinchi sinfgacha o‘qishadi, so‘ng o‘rta bosqich, ya’ni “Middle school”ga boradilar, bu yerda bolalar sakkizinchi sinfgacha o‘qiydi va so‘ng yuqori sinf o‘quvchilari uchun belgilangan bosqichga, ya’ni High schoolga o‘tadilar. So‘nggi bosqich 12-sinf bilan yakun topadi. Demak, 5 yoshda ta’lim muassasasi sari yo‘l olgan bolajon 18 yoshga yetgach barcha bosqichlarni tamomlaydi. O‘zbekchasiga aytganda kuyov yoshida. Shu bilan birga bolalar fikri to‘liq shakllangan holda maktabni tark etadi. Mana shu barcha bosqichlar davomida ta’lim dargohida bolalarga diniy ta’lim ham berib boriladi.

Cherkov va maktab

Sanab o‘tganim bosqichlar ko‘rinishidagi oddiy, ya’ni o‘zbekistonliklar orasida keng tarqalgan lug‘at bilan aytganda “dunyoviy” maktablar qatorida AQShda katolik maktablar, kollejlar, litseylar va hatto Oliy o‘quv yurtlari mavjud. Aksar bu kabi o‘quv yurtlar, amerikaliklar orasida xususiy o‘quv muassasalari sifatida tanilgan va odatda bunday maktablarga borish aksar oliy tabaqa vakillari uchun sharaf sanaladi. Xususiy bo‘lgani bois bu o‘quv muassasalari pullik, ammo unda kam ta’minlangan oilalar farzandlari ham baravar ta’lim olishlari mumkin. Men istiqomat qiluvchi Pittsburg shahrida (Pensilvaniya shtati) diniy maktablar soni 10dan ortiq. Bundan tashqari diniy bog‘chalar ham bor. Ammo diniy maktablarga hamma ham bora olmagani bois diniy ta`lim Public Schools (umumta`lim maktablarida) ham yuqorida sanab o`tganim bosqichlarda berib boriladi. Amerikaliklar fikricha, bolalar albatta din haqida to`liq ma`lumotga ega bo`lishlari shart.

Darvoqe bog‘chalar haqida. Bu yerda ularni Preschool (maktabgacha ta’lim muassasasi) deb atashadi. Aytib o‘tish joizki, aksar bog‘chalar diniy uyushma va jamoalar qoshida ochilgan. Davlat tasarrufidagi bog‘chalar juda kam, deyarli yo‘q hisob. Aynan mana shu sabab aksar musulmon e’tiqodiga mansub muhojirlarning bolalari bog‘chalarga bormaydi. Bu muammoni ham hal qilish maqsadida Pittsburgda turk maktablari va arab bog‘chalari tashkil qilingan. Tabiiyki, bu bog‘chalar islomiy tarbiya asosida faoliyat yuritadi. Mahalliy hokimiyat va jamoa (ya’ni oddiy amerikaliklar) bu kabi o‘zgacha din vakillari tarafidan o‘z madaniyati va e’tiqodiga oid maktab va bog‘chalar ochishini yaxshi qabul qiladi. Hatto olqishlaydi ham. Bu borada hech qanday taqiq yo‘q.

Demak, aytib o‘tganimday, Amerikada bolalar jajji yoshdagi paytidanoq diniy ta’lim oladi. Ularga har bir diniy marosim haqida batafsil tushintirishlar berish barobarida bu marosimlarni hurmat qilish va ularda, albatta, qatnashish ham anglatiladi. Pittsburgda o‘zbek maktablari yo‘q, bu yerda hatto o‘zbek jamiyati ham yo‘q. Mahalliy mutasaddilarning o‘zbek jamoalariga murojaati, ana shunday jamiyat tashkil qilish haqidagi da’vatlari mutlaqo e’tiborsiz qolyapti. Aynan mana shu sabab ba’zan bir qator anglashilmovchiliklar kelib chiqmoqda. Bolalar tabiiy, o‘zbek maktablari va ayniqsa bog‘chalari yo‘qligi bois, yuqorida aytib o‘tganim nasroniy dini jamoalari va yoki mahalliy yahudiylar tomonidan tashkil etilgan bog‘chalarga qatnaydi va nasroniy diniga oid bilim berib boruvchi maktablarga qatnaydi.

Yahudiy oila

Bu kabi maktablarda ta’lim olgan bolalar tabiiy nasroniy diniga mansub marosimlar va bayramlarga qiziqib ularni nishonlash ishtiyoqi bilan yashaydi. Ammo ota-ona bunga yo‘l qo‘ymaydi, bizning din va madaniyatga to‘g‘ri kelmaydi deb, bolani sarosimaga tushiradi. Ammo gap bugun bu haqda emas, bu mavzuga keyinroq to‘xtalamiz. Gap bugun Diniy erkinlik AQShda naqadar keng tarqalgani va bunga davlat tarafidan hech qanday cheklovning yo‘qligida. Amerika maktablarining hech birida bolalar uchun alohida majburiy kiyim joriy etilgan emas. Albatta, xususiy maktablarning ayrimlarida kiymlar borasida ayrim tavsiya va takliflar mavjud. Ammo agar o‘quvchi musulmon diniga e’tiqod qilsa va maktabga hijobda kelsa, yoki aytaylik yahudiycha do`ppida kelsa unga e’tiroz bildirilmaydi. Maktab ma’muriyati bolaning e’tiqod erkinligiga hurmat bilan munosabatda bo‘ladi. Kamsitishga yo‘l qo‘yilmaydi. Agar maktab bolani, uning diniy e’tiqodi va diniy libosi uchun qabul qilmaydigan bo‘lsa, uning nufuziga jiddiy zarar yetadi.

Men e’tibor qilgan yana bir holat, bu Pittsburgda (balkim boshqa shtatlardagi, boshqa shaharlarda ham shundaydir) deyarli har bir maktab va Oliy o‘quv yurtlari yonida, albatta, cherkov bo‘ladi. 2008-yili biz bir guruh o‘zbek jurnalistlari AQSh Davlat departamenti dasturi bo‘yicha Amerikaga kelgan edik. O‘shanda bizni bir shtatdagi universitet qoshida ochilgan diniy radioga olib borishgan edi. O‘shanda mazkur radio talabalar uchun muhim ekani, ular turli kechinmalar, sarosimaga tushib qolgan paytlarida radio ayni muddao bo‘layotganini aytishgan edi. Ya’ni aytish mumkinki, din amerikalik yoshlar bilan eng jajji paytlaridan boshlab yonma-yon keladi. Aksar amerikalik amaldorlar bu odatni to‘liq ma’qullaydi, zero ularning fikricha, dinning bevosita yoshlar ichiga kirib borishi ularning buzilib ketishining oldini oladi. Qolaversa, amerikaliklar fikricha, dinning maktablarga qadar kirishi, bolalarda o‘z ota-onalari e’tiqod qilayotgan dinga va diniy madaniyatga hurmat paydo qiladi.

Har yakshanba kuni barcha cherkovlarda, qaysinisida tongda, qaysinisida tushlik payti, qaysinisida esa kechki payt diniy marosimlar o‘tkaziladi. Bu marosimlarning hammasida yosh bolalar ota-onalari bilan birgalikda qatnashadi. Amerikalik yahudiylar odatiga ko‘ra esa ularning diniy marosimlariga borayotgan bolalar ham ayni kattalar singari diniy libosda bo‘lishlari shart. Bu marosimlarga yahudiylar hatto chaqaloqlarini ham olib boradi. Nasroniylar ham. Ularning bu harakatlari na cherkov va sinagoga vakillari va na politsiya yoki boshqa kuch ishlatar tizimlar tarafidan to‘siladi. Amerika yoshlari orasida turli diniy firqalarga aralashib qolish va yoki dinni niqob qilgan holda zo‘ravonliklar sodir etish hollari deyarli uchramaydi. Aksar amerikaliklar buning boisini aynan ana shu, diniy ulamolarning bog‘cha va maktablar hamda oliy o‘quv yurtlarigacha kirib borishi va yoshlarga din haqida to‘g‘ri, sof ma’lumotlarni yetkazishida deb biladi.

Husniddin Qutbidinov

One response to “Amerikada din va diniy ta’lim”

  1. Ramziddin Kurbanov says:

    Taajub! Bu blogda berilgan axborot uchun avvalambor rahmat! Ozmi-ko‘pmi har xolda AQSHdagi dinga va diniy erkinliklarga bo‘lgan munosabat to‘g‘risida imkon qadar ma’lumot bor. Lekin manimcha amerikaliklarni o‘zi diniy marosimlarga va dinga e’tibori yuzakiroqmi-ey! Yani dindan faqatgina piar va reklama maqsadlarida foydalanish ularda urf bo‘lganligi muallifga ham sir bo‘lmasa kerak. Yuqorida muallif Avliyo Patrik kuni, Valentin kuni, Rojdestvo bayramlarini misol qilganida, bu bayramlarni asl mohiyatiga urg‘u berilmaydi, faqat buning ortidan (tovar ishlab chiqaruvchi ko‘ngilochar va kino industriyaga aloqador kompaniyalarga) keladigan moddiy manfaat turganligi ham sir emas. Xulosa qilib aytganda din va diniy erkinliklarni himoya qiladigan tizim bizda ham tog‘ri yo‘lga qo‘yilsa nur ustiga a‘lo nur bo‘lardi! Rahmat!

Leave a Reply to Ramziddin Kurbanov Cancel reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

BLOG HAQIDA

muhojirlar shaharchasi2

Garchi blogimizni "Muhojirnoma" deb nomlagan bo'lsak-da, u alohida muhojirning kechinmalari va yoki sarguzashtlari haqida bayon qiluvchi sahifa emas. Bu ma'lum ma'noda muhojirotni o'z tanasida tatib ko'rgan insonlarning kundalik daftariday. Sahifa Amerika bilan tanishish, uning ijtimoiy-ma'naviy hayotini o'rganish, qolaversa bu mamlakatga kelish va undagi ayrim “imkoniyatlar”dan foydalanishni ko'zlayotgan minglab o'zbekistonliklar uchun ma'lumotnoma vazifasini o'tashni maqsad qilgan. Unda nafaqat Amerika, balki butun dunyodagi muhojirlar hayotiga oid ma’lumot va kechinmalarni berib borishni niyat qilganmiz.
Bizni kuzatib boring.

Kalendar

September 2017
M T W T F S S
« Aug   Nov »
 123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930