Shavkat Mirziyoyev xorijdagi o’zbekistonliklarga, bu safar tadbirkor boylarga murojaat bilan chiqdi. O’zbek  boylariga o’z mablag’larini vatanga ko’chirish taklifini bergan prezident ularni tekshirmaslikka va’da bergan.

Bu Shavkat Mirziyoyevning xorijdagi o’zbekistonliklarga qilayotgan ilk taklifi emas, avvalroq u tajribali mutaxassislarni vatanga qaytishga chaqirgan edi.

Hozircha prezident chaqirig’i ortidan o’z faoliyatini vatanda davom ettirishga qaror qilgan tajribali mutaxassislarning ko’pligi kuzatilmaydi, ammo ular bor.

Mirziyoyev yaqinda Qoraqalpog’istonga qilgan safari davomida Germaniyadan qaytgan mutaxassis  Alisher Qurbonovga “Kaptiva” mashinasi sovg’a qilgani mahalliy matbuotda eng ko’p bosilgan xabarlardan biriga aylandi.

Germaniyada doktorlik darajasini yoqlagan Alisher Qurbonov  chorvachilik bilan shug’ullanuvchi tashkilotda menejerlik lavozimida ishlagan. 11 yil davomida Germaniyada ishlagan Qurbonov ayni paytda Qoraqalpog’istonda ham shu sohada faoliyatini davom ettirayotgani, shuningdek, mahalliy fermerlarga o’quv kurslari tashkil etishni maqsad qilayotgani xabar qilinadi.

Qurbonovni Prezident Shavkat Mirziyoyevning xorijdagi mutaxassislarni vatanga qaytishga chorlashi ortidan faoliyatini O’zbekistonda davom ettirishga qaror qilgan ilk mutaxassislardan biri deyish mumkin.

Vazirlar Mahkamasining yaqinda chiqqan hisobotida xorijda ishlagan o’ndan oshiq shifokorlar O’zbekistonga qaytgani haqida xabar berildi,  ammo tafsilotlari ochiqlanmagan.

Tajribali mutaxassilarni vatanga qaytarish taklifi prezidentning AQShda o’zbekistonliklar bilan o’tgan uchrashuvi paytida ham bildirilgan edi. Mirziyoyev bu uchrashuvda qaytish qaroriga kelgan mutaxassislarga yaxshi maosh, sharoit, turli imtiyozlar taqdim etishga va’da bergan edi.

Hozirga qadar AQShdan yoki dunyoning boshqa bir rivojlangan davlatidan tajribali mutaxassislarning O’zbekistonga qaytib kelgani ma’lum emas, shu ma’noda  Alisher Qurbonov vatanga qaytgani va buning uchun prezident tomonidan taqdirlangani jamoatchilikka  ma’lum qilinayotgan ilk mutaxassis deyish mumkin.

Bu chorlov ortidan Turkiyadan vatanga qaytgan yozuvchi Nurullo Otaxonov bir muddat hibs qilingan, so’ng qo’yib yuborilgan edi. Uning ustidan tergov ishi hanuz davom etayotgani aytiladi.

Prezident vatandan chiqib ketishi siyosiy sabablarga bog’liq bo’lmagan mutaxassislarni ko’zda tutgani, qaytganlardan birini “Kaptiva” mashinasi bilan taqdirlagani inobatga olinsa, yozuvchi Nurullo Otaxonov bilan bog’liq hodisa istisno tariqasida ko’rinadi.

Prezidentning xorijdagi o’zbek boylariga qaratilgan bu safargi murojaatidan qanday natija bo`lishi hozircha noma’lum.

O’zbekistonda hokimiyat almashishi ortidan kelib chiqishi o’zbekistonlik bo’lgan boylar – rossiyalik milliarder Alisher Usmonov, Belgiya fuqarosi Fattoh Shodiyev O’zbekistonda tez-tez ko’rinish bera boshlagani kuzatilayotgan edi.

O’zbekistonlik boy tadbirkorlar doirasi ancha keng, ammo ular haqidagi ma’lumotlar jamoatchilikka ochiq emas.  Marhum Karimovning mamlakatda boy oligarxlar ham, kambag’allar ham bo’lmasligiga oid gaplari ortidan o’zbekistonlik boylar  qayerda bo’lishlaridan qat’i nazar, imkon qadar jamoatchilik nazariga tushishdan saqlanib faoliyat yuritib kelishayotgan edi.