Moskvada o’zbekistonliklar doxil bir necha mehnat muhojirlari Rossiya Ichki ishlar vazirligiga qarashli “OMON” guruhi tomonidan kaltaklangan, tintuv qilingan, pullari o’g’irlangan.
Rossiya “OMON”chilari muhojirlar yashaydigan yotoqxonaga tonggi soat to’rtlar atrofida bostirib kirgan. Yotoqxonada patent pulini to’lagan, Moskvada mutlaqo qonuniy tartibda yashayotgan, mehnat qilayotgan muhojirlar turishgan.
Ularning ayrimlari Rossiya bilan mehnat muhojirlariga oid shartnoma imzolagan O’zbekiston Mehnat vazirligi ko’magida ishga joylashgan bo’lishi ham mumkin.
Rossiyadan tashqari dunyoning boshqa biror bir davlatida mutlaqo qonuniy yashayotgan muhojirlarni xavfli jinoyatchilar singari yarim tunda bosish, ko’chaga haydab chiqarish, tintuv qilish, o’marish va kaltaklash amaliyoti namoyishkorona o’tkazilishini tasavvur qilish qiyin. Ayniqsa, bu muhojirlar Rossiyani turli jabhalarda qo’llab kelayotgan O’zbekiston kabi davlatlarning fuqarolari ekanligi nazarda tutilsa, bu muhojirlar qadrini, shuningdek, ular tamsilidagi davlatlar qadrini ham yanada achinarli qiladi.
Voqea 26-aprel tongida yuz bergan, Mehnat vazirligi ham, Islohotlar o’tkazilayotgan va birinchi galdagi vazifasi fuqarolarning haq-huquqlarini himoyalash bo’lishi aytilayotgan O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham, Rossiya bo’ylab sayr qilib kelgan “Yoshlar Ittifoqi” degan tashkilot, faoliyatdagi elchixona, konsulliklar ham hozirgacha bu voqea yuzasidan sukutda turibdi.
Agar so’nggi hafta O’zbekistonda sobiq ittifoq davrini sahnalashtirish, “qizil askarlar”ni metro bekatlari, poytaxt bo’ylab uyushtirgan konsertlari, “Georgiy tasmalarini” ommalashtirish, “Xalqlar do’stligi”nomining qaytarilishi va tarannum etilishi bilan o’tgani inobatga olinsa, O’zbekiston rahbariyati xorijdagi fuqarolari xo’rlanganini, kamsitilgani va kaltaklanganini o’rganishga vaqt va hafsala topmagan bo’lishi mumkin.
Ammo Prezident Shavkat Mirziyoyevning tantana bilan taqdim qilingan O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi faoliyatini tubdan isloh qilish haqidagi farmonidan keyin ham Abdulaziz Komilov yetakchiligidagi bu vazirlik xorijdagi fuqarolari kamsitilishiga oid ojiz bir bayonot, norozilik notasi bildirishga o’zida kuch topmayotgani tirikchilik ilinjida avtobuslarda yonib kulga aylanayotgan xalq qarshisida o’ta taassufli, ayanchli ko’rinadi.
Malik Mansur