Amerikaga kelganingiz zahoti sizni oʻziga shubhasiz maftun qilguvchi, yana ham aniqrogʻi oʻziga rom qilib domiga tortib ketguvchi qulayliklardan biri bu onlayn savdo-sotiq. Oʻzbekistonda bu turdagi xizmat koʻrsatish amaliyoti naqadar rivojlangan va uning foydalanuvchilari qanchalar koʻpligi bizga qorongʻi, ammo AQShda bu qulaylikdan foydalanuvchilar juda ham koʻp. Oʻzi aslida, avvalgi suhbatlarimizda aytib oʻtganimizday, amerikaliklar imkon qadar koʻp urinmasdan istagan narsasiga erishishni yaxshi koʻruvchi xalq. Taom xohladimi tamom, shu zahoti qoʻl telefoni orqali oʻzi yoqtirgan taomxonaning onlayn sahifasiga kiradi, u yerda taklif qilinuvchi taomlar orasidan kerakligini tanlaydi va qisqa fursatda taom yetkazib beriladi.

Onlayn buyurtmalar shu qadar mashhur boʻlgani bois ham aholiga oʻz xizmatini taklif qiluvchi har bir markaz, shahobcha, doʻkon, eng avvalo, oʻzining onlayn sahifasini yaratishga intiladi, yaratganda ham mijozlarning undan foydalanishini maksimal darajada oson qilishga urinadi. Zero amerikaliklar taʼbi oʻta nozik insonlar, qolaversa, raqobat shu qadar kuchliki, har qanday oqsoqlangan onlayn savdo oʻrnini bosuvchi biroz yengilroq, arzonroq, yetkazib berishda ancha tezkorroq minglab boshqa savdo resurslari mavjud. Balkim shuning uchun ham, bu holatdan yaxshi xabardor boʻlgan amerikaliklar oʻta tantiq boʻlib olishgan.

“Uber” taksi xizmatining ovqat yetkazib beruvchi bo’limi

Adolat yuzasidan taʼkidlab oʻtish joizki, birrovgina shu imkoniyatdan foydalangan har qanday muhojir ham aslida amerikaliklar kabi oʻta nozik taʼb mijoz boʻladi qoladi. “Ee, bunisi boʻlmasa ana unisi bor, boshimni qotirib nima qildim”, deydigan boʻlib qoladi. Amerikachilik.

Bugun hech kimga sir emaski, Amerikada tabaqalanish juda ham kuchli, bu u qadar katta sir emas va amerikaliklar uchun bu holat uyatli sanalmay qolganiga ham, aftidan ancha boʻlgan. Aytishlaricha, ayni shu tabaqalanish hatto onlayn savdo takliflarida ham seziladi. Yaʼni millionerlar, millionerlikka sal yaqinlashib qolganlar va garchi millioner boʻlmasa-da, boyligi yetarli boʻlganlar uchun alohida savdo resurslar mavjud. Imkoniyati cheklangan inson onlayn sahifani koʻrar payt narxlardan hushini yoʻqotmasin uchun bu resurslar choʻntagi baquvvat mijozlari uchun alohida aʼzolik kartalarini tarqatadi. Onlayn savdo qilar payt siz oʻsha aʼzolik kartadagi kerakli raqamlarni kiritasiz va shundan soʻng savdoni amalga oshirasiz. Aytishlaricha shunday, ammo millionerlik hali-beri nasib qilmagani bois, buni qatʼiy taʼkidlash qiyin. Sizning ham vaqtingizni olmay, hamma uchun ochiq boʻlgan resurslar haqida gaplashsak.

Demak, Amerikada istagan narsangizni (inson va uning ichki va tashqi aʼzolaridan tashqari, albatta) onlayn sotib olishingiz mumkin. Mahsulotlar odatda bir necha daqiqa, soatdan boshlab bir necha kungacha boʻlgan muhlatda sizga yetkazib beriladi. Aytaylik taom, oʻzbekcha aytganda shundoqqina qaynoq holatda, endigina tandirdan uzilganday qilib bir necha daqiqalarda yetkazib beriladi. Aytgancha, agar koʻchada avtomobillar tirbandlik payti boʻlmasa. Afsuski tirbandlik Amerikada mavjud boʻlgan eng yirik muammo va uning yechimi hali topilgani yoʻq. Ammo tirbandlik yoʻq boʻlsa, bir necha daqiqada istagan taomingizni qabul qilib olasiz. Yaqin kungacha taomlar yemakxonalarning oʻz haydovchilari tomonidan yetkazib berilar edi, ammo bugun bu yumush bir necha xizmatlar tomonidan amalga oshiriladi. Shunchaki tanlang, buyurtma bering va qabul qilib oling. Taom yetkazib beruvchi xizmatlar, men istiqomat qiluvchi Pitsburg shahrida: Grubhub, Doordash, Postmates, Uber eats. Bundan tashqari ayrim yemakxonalar oʻz haydovchilariga ham ega, odatda pitsaxonalarda shunday. Oziq-ovqat savdosi bilan shugʻullanuvchi doʻkonlar ham ana shunday xizmat turini taklif qiladi va ularning ham oʻz yetkazib beruvchi haydovchilari bor. Ammo…

Oziq-ovqat xarid qilish biroz sinchkovlikni talab qiladi. Zero maʼlumki, onlayn savdoda sotib olishni moʻljallaganingiz mahsulotning asl holati, ayniqsa, taʼmi va sof koʻrinishini bilish qiyin. Fotosurat baribir fotosuratda axir. Shu bois, aksar hollarda amerikaliklar onlayn buyurtmadan soʻng mahsulotlarni oʻzlari shaxsan olib ketishlarini aytishadi va savdo markaziga shaxsan borishadi. Unda onlayn savdoning nima keragi bor, borib olaveradi-da, deyishingiz mumkin. Bir tarafdan juda oʻrinli savol. Ammo gap shundaki, onlayn savdoda siz muntazam kuzatiluvchi uzundan uzoq navbatda turmaysiz, u boʻlim bilan bu boʻlim orasida ovorai sarson boʻlmaysiz. Onlayn buyurtma berasiz, soʻng doʻkonga kelgach u yerdagi maxsus yoʻlakcha oldida toʻxtab, oʻsha yerga oʻrnatilgan tugmachani bosasiz, doʻkon xodimlari sizdan onlayn buyurtmangizni tasdiqlovchi maxsus raqamni soʻraydi. Sizga berilgan raqamni aytganingizdan soʻng, xarid qilganingiz mahsulotlarni avtomashinangiz yukxonasiga joylab berishadi. Ana oʻsha payt erinmasdan mahsulotni birrov tekshirib olish imkoniga ega boʻlsaiz.

Onlayn savdodan foydalanuvchilar eng koʻp xarid qiladigan narsalar, albatta bu kiyim-kechak, oʻyinchoqlar, aloqa vositalari, foto va video kameralar, kompyuter, televizor, kir yuvish mashinalari va hokazo… Buning uchun amerikaliklar birinchi galda sanab oʻtilgan mahsulotlar savdosi bilan shugʻullanuvchi doʻkonlarning onlayn sahifalariga murojaat etishadi. Ammo agar bordiyu, u yerda koʻngillari uchun maʼqul boʻlgan mahsulotni topa olmasalar, u holda nafaqat Amerika, balki butun dunyoga tanilib ulgurgan savdo resurslari Amazon va eBayga murojaat qilishadi.

Gap shundaki, bu resurslar koʻp hollarda ayni mahsulotni birmuncha arzonroq narxda tavsiya qilishi mumkin. Albatta, savdo doʻkonlaridan farqli bu ikki resursda xarid qilingan mahsulotni biroz uzoqroq muddat kutishingizga toʻgʻri keladi. Ammo qoʻshimcha imkoniyatlar, yaʼni qisqaroq muddatda yetkazib berilishini istasangiz, qoʻshimcha toʻlovni amalga oshirasiz, tamom vassalom.

“Amazon” mahsulotlari ombori

Qiziq, 1994-yili Amazonni yaratish gʻoyasi bilan chiqqan Jeff Bezos 1995-yili Amazon.com saytini ishga tushiradi va dastlab bu sayt faqat kitoblar savdosi bilan shugʻullanadi. 1998-yildan boshlab esa sayt orqali musiqa disklari sotib olish va yoki sotish imkoni paydo boʻladi, keyin videomahsulotlar, soʻng kompyuter dasturlari, videooʻyinlar va undan soʻng kiyim-kechak, oziq-ovqat va hokazo narsalar savdosi yoʻlga qoʻyiladi. 2011 yili Amazon 30 ming xodimga ega boʻlgan edi, hozir xodimlar soni 180 mingdan oʻtgan.  Bugun braziliya, kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Yaponiya, Frantsiya, Italiya, Polьsha, Ispaniya, Hindiston va Xitoyda ham Amazon imkoniyatidan foydalanish mumkin.

“eBay” onlayn do’koni

eBayga ham AQShda asos solingan, bu servisni 1995-yili kaliforniyalik kompyuter dasturchisi Pyer Omidyar onlayn auksion oʻlaroq ishga tushirgan va shu bois uning nomi AuctionWeb boʻlgan. Ilk savdoga qoʻyilgan mahsulot, bu lazer chiroqli koʻrsatgich boʻlgan. 13 dollarga sotib olingan ayni koʻrsatgich boz ustiga biroz ishdan chiqqan boʻlgan. Onlayn auksionda yolgʻonga mutlaqo yoʻl qoʻyilmasligini tartib qilgan Pyer koʻrsatgichni sotib olgan shaxsga bogʻlanib, mahsulot buzuqligini nahot sezmaganini soʻraydi, xaridor esa “men shunchaki eskirgan koʻrsatgichlar kolleksioneriman”, deb javob qilgan. Bugun eBay 120 ga yaqin davlatda juda mashhur, ular orasida Rossiya ham bor.

Tanlab olganimiz mavzu uchun qoʻyilgan sarlavhani “Onlayn savdo qulayliklari va…”, deb nomladik, zero baʼzan ana oʻsha “va…” sizni biroz qiynab qoʻyishi mumkin. Eng avvalo, sizning pochta qutingiz xarid qilganingiz savdo doʻkoni va yoki yemakxonaga tegishli reklama varaqalariga toʻlib ketadi. Boz ustiga sizni misli koʻrilmagan chegirmalar vaʼda qilinuvchi ayrim oʻyinlar va yoki savdo takliflari bitilgan xatlar bilan “koʻmib” tashlashadi. Undan ham oʻtib tushgani esa… Shu joyiga bir misol keltirib oʻtsam. Ancha ovoza boʻlgan voqea.

Bir xonadonga yaxshilab qadoqlangan, ustiga chiroyli qilib “Siz uchun bizning eng goʻzal sovgʻa”, deb yozilgan quticha yetkazilgan. Uy bekasi “sovgʻa”ni olib, ochib qarasa, unda chaqaloq uchun ikki juft paypoq, yengil qoʻlqop, bosh kiyim, belash uchun maxsus matohlar, sut idishlari va badaniga surtiluvchi maxsus yogʻlar boʻlgan. Ayol hayron boʻlibdi, zero uning yoshi 60 da, chaqaloq kutayotgani yoʻq, bittagina qizi bor, u hali endigina 19 ga kirgan. Ayol “sovgʻa”ning bir chetidagi “Umid qilamizki, sovgʻamiz sizga maʼqul keladi va butun quvonchli onlarni faqat bizning doʻkon mahsulotlari bilan oʻtkazasiz”, degan yozuvni koʻribdi, yozuv soʻngida esa savdo doʻkonining manzili bitilgan ekan. Ertasi kuni savdo doʻkoniga borib, Customer service (mijozlarga yordam koʻrsatish) boʻlimiga uchrabdi, “sovgʻa” va undagi yozuvlarni koʻrsatib, hech narsani tushunmaganini aytibdi. Shunda doʻkon xodimasi ikki-uch oy muqaddam ayolning qizi shu doʻkondan homiladorlikni aniqlash testini sotib olgani va undan soʻng esa bolalar boʻlimiga tez-tez kelib turganini aytibdi. Doʻkon rahbariyati qizning xursandchiligiga sherik boʻlish va uni oʻzining doimiy mijoziga aylantirish maqsadida oʻsha sovgʻani joʻnatganini aytibdi.

Yaʼni oʻz holatini maʼlum paytgacha (ehtimol) yashirishni maqsad qilgan qizaloqning rejasini savdo doʻkoni buzib qoʻygan. Albatta, doʻkon bu yerda eng avvalo mijozni oʻziga rom qilishni nazarda tutgan va buning uchun marketing boʻlimi tavsiyasi boʻyicha sovgʻa yuborishni eng zoʻr reklama oʻlaroq tanlagan. Natijada esa… Bu balkim u qadar kayfiyatni buzadigan holat emasdir, ammo hafsalani pir qiluvchi holatlar ham boʻlib turadi. Masalan, men maxsus tugmachani bosgan payt bir kishilik krovatga aylanuvchi va hatto massaj qilishi ham mumkin boʻlgan charmli kreslo sotib oldim. Ikki dona. 18 kun oʻtib buyurtmam uyimga yetkazildi. Korobkani ochdim, kreslolarni chiqarib oʻzim terdim. Soʻngra oʻtirib, dastlab massaj imkoniyatidan foydalanmoqchi boʻldim. Maxsus tugmachani bosgan edim, massaj oʻrniga kresloning u yer-bu yeri silkinishga tushdi. Soʻng yotoq holatiga oʻtkazuvchi tugmachani bosdim. Kreslo bir muddat yotoq holatiga keldiyu, soʻngra qayta yigʻilib qoldi.

Men kutgan kreslo chiqmadi, deb eBayga qilgan murojaatim eʼtiborsiz qoldi. Endi har safar kresloga koʻzim tushganda, birrov qovoqlarim osiladigan boʻldi. Agar kreslo, kompyuter, telefon Amazon va yoki eBaydan emas, shu mahsulotlar savdosi bilan shugʻullanuvchi doʻkondan boʻlsa, mahsulotni qaytara olish imkoningiz saqlanib qoladi, yangiroq, yaxshiroq mahsulotga almashtirish imkoningiz ham. Amazon va eBayda ham bunday imkoniyat bor, ammo baʼzan bu imkoniyatlar ishlamay qoladi. Kuyasiz. Baʼzan boshqa manzilga ketib qoladi. Ha, bunaqasi ham boʻladi. Ammo bu koʻproq Amazon va eBay hamkorlik qiluvchi pochta xizmatlarining eʼtiborsizligi bilan bogʻliq. Shu bois boʻlsa kerak, Amazon oʻz yuk tashish va mahsulotlarni egalariga yetkazib berish xizmatlarini ishga tushirdi. Lekin nima boʻlmasin, baʼzan, juda ham kam holatlarda uchrab turadigan ayrim vaziyatlarni hisobga olmasa, onlayn savdo-sotiq ayni muddao, ham vaqt tejaladi, ham kamsarf nimagadir ega boʻlvolasiz, ham asablar omon qoladi.

Ammo Amerikada onlayn sotib olish juda ham qiyin boʻlgan mahsulotlar ham bor. Bunday mahsulotlarning eng talabgiri bu tibbiy dorilar. Bu mavzuga esa keyinroq batafsil toʻxtalamiz…

Gaplashib turaylik.

Husniddin Qutbiddinov