Istanbuldagi o’zbek takkalari Turkiston va Turkiya o’rtasidagi tarixiy-madaniy aloqalardan darak beruvchi obidalardan hisoblanadi.
Bu takkalarning eng qadimgisi 1692-yilda asos solingan Buxoro o’zbeklari takkasidir. Bu takka, to’g’rirog’i takiyaxona, Istanbul markazidagi o’zbeklar so’qog’i, ya’ni o’zbeklar ko’chasida joylashgan. Ko’chaga o’zbeklar nomining berilishi ham shu takka faoliyati bilan bog’liq.
Qurilish tarixi 1692-1693-yillarga taqalayotgan bu obida dastlab Haj ziyoratini ado etish uchun yo’lga chiqqan turkistonliklar uchun Istanbuldagi qo’nalg’a vazifasini o’tagan.
Makkaga otlanganlar shu kabi qo’nalg’alarda to’xtab, yo’l mashaqqatlarini yengishgan, o’sha davrning qudratlaridan bo’lgan Usmonli davlat markazi Istanbulni ziyorat qilishgan, hordiq chiqarib, salomatlikni tiklab, yana yo’lda davom etishgan.
Buxoriy o’zbeklar takkasi o’z faoliyati davomida qayta qurilgan, kengaytirib borilgan. Takka faoliyati, ayniqsa, 19-asrda buxorolik shayx Sulaymon Buxoriy boshqaruvida rivojlangani, madaniy, ma’rifiy markazga ham aylangani ta’kidlanadi. Sulaymon Buxoriy rahbarligi davrida takka faxriy konsullik vazifasini ham o’tagan.
Shayx Sulaymon Buxoiy kimligi haqida o’zbek manbalarida ma’lumot yo’q. Turk manbalarida ta’kidlanishicha, haj ziyoratidan qaytayotgan turkistonlik shayx Sulaymon Buxoriy 1844-yilda Istanbulda to’xtashi ortidan keyinchalik shu yerda yashab qoladi. Turkiyada Sulaymon Buxoriy chig’atoy va usmonli turkchaga oid dastlabki lug’at muallifi sifatida ham tanilgan.
Buxoriy o‘zbeklar takkasi so’nggi bor 2006-yilda Istanbul shahar hokimligi tomonidan qayta ta’mirdan chiqarilgan. Ikki qavatdan iborat bu takka azon minorasi, masjid, shuningdek, mehmonlar uchun ajratilgan ichki va tashqi xonalardan iborat.
Ayni paytda takka binosida Istanbul tasviriy san’at markazi joylashgan. Bu yerda o’quv mashg’ulotlari, turli seminarlar o’tkaziladi, ammo ziyoratchilar uchun ochiq, binodagi tarixiy masjid hozir ham ishlab turibdi.
Quyida Istanbuldagi Buxoriy o’zbeklar takkasidan olingan suratlarni e’tiboringizga havola qilamiz.
Suratlar va matn muallifi Malik Mansur