Dunyo olimlari tomonidan oʻtkazilgan qator tadqiqotlar natijasi oʻlaroq maʼlum qilinishicha, inson zotini tinimsiz bezovta qilib turuvchi 100 dan ortiq qoʻrquv turlari mavjud. Garchi bu qoʻrquvlar keng tarqalgan va hatto alohida tadqiqotlar oʻtkazilishi uchun sababga aylangan boʻlsa-da, hammasi jamlanib faqat ikki turga boʻlinar ekan. Yaʼni ASOSLI va ASOSSIZ.

Ishoning. Biroz kulgili tuyulsada, qoʻrquv “asosli” va “mutlaqo asossiz” deb ajratib olingan. Asosli turini, mutaxassislar inson uchun zarur va hatto uning hayoti uchun muhim deb tan olishsa, asossizi chinakamiga insonning ham maʼnaviy, ham jismoniy tugashiga sabab boʻladi. Shu bois asossiz qoʻrquvni tibbiy olimlar patologik qoʻrquv deb nomlashgan. Ne taajjubki, ana shu patologik qoʻrquv turlari koʻproq totalitar va diktatorlik rejimlari hukm surgan davlatlar fuqarolarida, ayniqsa, koʻp uchraydi. Qanchalar ogʻriqli koʻrinmasin, Oʻzbekiston fuqarolarida ham ana shu patologik qoʻrquv mavjud.

Maʼlumki, yaqin kunlargacha ijtimoiy tarmoqlarning Oʻzbekistondagi foydalanuvchilari orasida “tashqaridan turib gapirish oson”, degan taʼkid juda ham mashhur edi. Nega? Sababi aksar oʻzbekistonliklar fikricha, ayrim oʻsha “tashqaridan” bildirilayotgan fikrlarni “ichkarida” gapirish xavfli hisoblanardi. Yaʼni, bildirilgan fikr allaqanday choralar koʻrilishiga sabab boʻlishi va yoki oʻta jiddiy noxush natijalarni paydo qilishi mumkinday edi. Olimlar fikricha, tabiiy qoʻrquv va patologik qoʻrquv tashuvchilari orasidagi farq shundaki, tabiiy qoʻrquv egasi uning uchun noqulaylik tugʻdirayotgan bu qusurga qarshi kurashishga urinadi. Yaʼni qoʻrquvdan qutilish yoʻllarini qidiradi. Inson butun hayoti davomida qoʻrquvni yengish orqali u yoki bu natijalarga erishib kelgani bois, qoʻrquv bilan kurashish tarixan mavjud boʻlgan tabiiy “evolyutsion” (rivojlanish deb olaylik – muallif) jarayon hisoblanadi.

Ammo agar inson qoʻrquvga magʻlub boʻlsa va aynan qoʻrquvi bois mavjud sharoitni oʻzgartirmay, boz ustiga unga asir boʻlib yashashda davom etsa, bu holat sekin asta patologik, yaʼni surunkali qoʻrquvga aylanadi. Oʻzbekistonda bugun biroz dadillik kuzatiladi. Va eng qizigʻi oʻsha dadillik aynan ijtimoiy tarmoqda ayniqsa keng koʻzga tashlanmoqda. Aslida biroz tahlil qilib koʻrsangiz, mamlakatda u qadar katta oʻzgarish boʻlgani yoʻq. Ijtimoiy tarmoqlarda fikr bildirish, u yoki bu mavzuni shartta koʻtarib chiqish masalasida demoqchiman. Toʻgʻri, mamlakat boshqaruvida oʻzgarishlar boʻlyapti, ayrim islohotlar yaqqol koʻzga tashlanyapti, ammo Internet va ayniqsa bugungi davrda fikrlar “toʻqnashuvi” uchun eng gavjum “maydon” boʻlgan ijtimoiy tarmoqlarga oid hech qanday yangilik joriy qilingani yoʻq.

Kimdir shartta boshladi, boshqalar ergashdi va qarabsizki… Demak aslida urinib koʻrish mumkin, faqat bunga mutlaqo asossiz boʻlgan oʻsha patologik qoʻrquv halaqit berayotgan edi.

Xullas, Oʻzbekistondagi ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari patologik qoʻrquvdan qutilish sari harakatga kirishdi va hattoki mavjud muammolarga hukumat va mahalliy amaldorlar eʼtiborini tortib, ulardan izoh olishga ham erishmoqda. Taajjubli tomoni shundaki, Oʻzbekistondagi yaʼni ijtimoiy tarmoq shevasida aytganda “ichkaridagilar” bemalol gapirayotgan bir paytda, xorijdagi yaʼni “tashqaridagilar” patologik qoʻrquvga magʻlub boʻlmoqda. Toʻgʻri hammasi emas, gapirayotganlar ham, nimalarnidir ijtimoiy tarmoq orqali taqdim etayotganlar ham bor, ammo bu taqdimotlar koʻproq koʻngilochar, “yengil-yelpi” koʻrinishga ega. Jiddiy chiqishlar deyarli yoʻq.

Maqola avvalidagi iddaoni qoʻllaydigan boʻlsak, “mamlakat ichidan turib gapirish oson”, boʻlib qolganday. Darvoqe kamina suhbatga chorlagan oʻzbekistonliklardan biri ham aynan shu fikrni aytgan edi, Oʻzbekistondan turib gapirish osonroq degan mazmunda. Goʻyo patologiya bir hududdan ikkinchisiga koʻchganday.

Pensilvaniya shtatida yashovchi Bahodir Fayziy

AQShning Pensilvaniya shtati, Pitsburg shahrida istiqomat qilib keluvchi vatandoshimiz, jamiyatdagi kayfiyatlarni tahlil qilish boʻyicha mutaxassis Bahodir Fayziy bu holatni juda oddiy izohlaydi.

“Oʻzbekistonda siz va biz koʻrayotgan islohotlar koʻlami aslida u qadar katta emas. Shu bois ularni bu yerda, xorijda qolayotgan oʻzbeklar deyarli sezmayapti. Oʻylaymanki, Oʻzbekistondagi islohotlar, erkinliklar berilishi agar astoydil, samimiy darajada olib borilsa, buning shabadasi albatta Amerikaga ham, xorijda yashayotgan oʻzbeklarga ham yetib keladi. Baribir ham, hali xorijda qolayotgan oʻzbeklarda Oʻzbekistondagi oʻzgarishlarga shubha bilan qarash kayfiyati bor. Va bu, menimcha, normal holat, aytishadiku, sutdan ogʻzi kuygan qatiqni ham puflab ichadi deb. Ehtiyotkorlik juda kuchli, zero bilasiz, bu xalq juda uzoq muddat diktatura ostida yashadi”, – deydi Bahodir Fayziy.

Kanadada yashovchi jurnalist Ulug’bek Ashur

Hozirda Kanadada istiqomat qiluvchi jurnalist Ulugʻbek Ashur (Haydarov) ham Bahodir Fayziy fikrini qoʻllaydi. Uning aytishicha, Oʻzbekiston hali sobiq prezident, marhum Islom Karimov davrida hukm surgan siyosatdan butkul voz kechgani yoʻq va aksar xorijdagi oʻzbeklar buni yaqqol koʻrib, sezib turibdi.

“Islom Karimov mamlakatda mutlaq qoʻrquv tizimini yaratib, uni yaxshilab ishga tushirib ketdi. Shavkat Mirziyoyev oʻsha “tizim ijodkori”ga haykallar qurdiryapti, muzeylar ochdiryapti. Bu oʻz navbatida xorijda yurib, 5-10 soʻm topib, oʻzining biron bir biznesiga ega boʻlgan oʻzbeklarni qoʻrqityapti. Ular “Jim oʻtirsang, uzoq yashaysan”, naqliga amal qilishyapti xolos. Va menimcha ular bunday oʻylashga haqli. Agar oʻzbek hukumati Islom Karimovdan soʻng xuddi Gruziyadagi kabi lyustratsiyaga yuz tutib, yangicha yoʻlni tanlaganida edi, xorijdagi oʻzbeklar bugungi hukumat bilan barobar gaplashayotgan boʻlar edi”, – deydi Ulugʻbek Ashur.

Bahodir Fayziy va Ulugʻbek Ashur fikrlaridan kelib chiqadigan boʻlsak, aslida xorijdagi oʻzbeklardagi qoʻrquv goʻyoki shunchaki vasvasa, yana ham ilmiyroq aytganda, patologik qoʻrquv emas, balki asosli qoʻrquvdir. Va bu qoʻrquvning asosiy tashxislaridan biri, bu garchi yangi deb atalayotgan boʻlsa-da, mavjud hokimiyatga ishonmaslik.

Fransiyada yashovchi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov

“Oʻzbekistonda 2016 yilda hokimiyat almashdi. Lekin maʼlumki, agar hokimiyat tizim doirasida oʻzgargan boʻlsa, bunday tizimlar juda tezlikda oʻzgarmaydi. Oʻzbekistondagi joriy tizim ham avtoritar. Avtoritar deyishga sabablar koʻp. Jumladan, fuqarolik jamiyati mavjud emas, liberal demokratik qadriyatlar asosida ishlaydigan davlat institutlari shakllanmagan. Ayni paytda, yangi hokimiyat siyosiy tizimni isloh qilishga, uni repressiyalardan tozalashga harakat qilayapti”, – deydi hozirda Fransiyaning Parij shahrida istiqomat qiluvchi siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov.

Shunday boʻlsa-da, mutaxassislar fikricha, aynan qaysidir harakat va urinishning natijasi shubhasiz qandaydir koʻngilsizlikka olib boradi va uning oqibati juda ham yomon kechadi degan gumonning mavjudligi ham aslida patologik qoʻrquv turiga kiradi. Yaʼni insonlar nimadir roʻy berishi naqadar aniq yoki noaniqligini aslida bilmaydi, ammo shunday boʻlishi muqarrar deb oʻzlarini ishontiradi. Suhbatdoshlar fikricha, odamlardagi garchi “noaniqday tuyulsa-da” nedandir kuchli qoʻrqish hissi shunchaki oʻz-oʻzidan paydo boʻlib qolgan va yoki odamlar bu qoʻrquvni oʻzlari uchun oʻzlari yaratib olgan emas. Bu ham aslida atayin singdirilgan, yuqtirilgan “virus”dir.

“Maqsad – odamlarni davlat,hukumat oldida taslim qilish, boʻysundirish, davlatga yashirincha yoki oshkora ishlatish. Shuning uchun ham, kuch ishlatar tizimlari oʻz faoliyatlarini afsonalashtirishga, boʻrttirishga intilishadi. Chunki kuch ishlatar tizimlarining faoliyati fuqarolar ongida kuchli qoʻrquv uygʻotar ekan, fuqarolarga bosim oʻtkazish oson boʻladi”, deydi Kamoliddin Rabbimov.

Zamonaviy ruhshunoslar fikricha, inson ongida u yoki bu vahimani rivojlantirish uchun katta ish qilish shart emas, buning uchun ming yillar davomida insonlar uchun asosiy maʼlumot (toʻgʻri yoki notoʻgʻriligi muhim emas – muallif) yetkazuvchi vosita boʻlib kelgan usulni qoʻllash kifoya. Bu usulning nomi “ovoza”. Insondagi u yoki bu “ovoza”ni xayolida boʻrttirib qabul qilish va kerak boʻlsa uni (garchi ovozada bu haqda u qadar urgʻu berilmagan boʻlsa-da – muallif) yanada dahshatliroq manzaralar bilan boyitib olish odati ham aslida yashayotgani jamiyat uzoq yillar davomida guvoh boʻlgani ijtimoiy adolatsizliklardan kelib chiqadi.

“Bunday odamlarning ongida, hokimiyatga nisbatan juda chuqur ildiz otgan qoʻrquvlar boʻladi. Ularning tasavvurida hokimiyat oʻta qudratli, xotirasi juda ham kuchli, oʻch oluvchan va yovuz boʻladi. Odamlar ishonadiki, “agar oʻrta miyona boʻlsa ham tanqid qilsam yoki hokimiyatga yoqmaydigan kichik bir ish qilsam ham – katta badal toʻlashimga toʻgʻri keladi: yaqinlarimga bosim boʻladi, yurtga bora olmayman, viza ololmayman va hokazo”, – deydi Kamoliddin Rabbimov.

Mutaxassislar olib borgan tadqiqotlarga koʻra, insonni haddan ziyod vahima ichida yashashi, garchi bu vahima hech qanday asosga ega boʻlmasa-da, bora-bora insonning ruhiy va hatto jismoniy zaiflashiga olib keladi. Doimiy qoʻrquv hech qachon uning toʻliq komillikka erishishga yoʻl qoʻymaydi. Misol uchun nisbatan erkin, erka oʻsgan bola bilan doimiy qoʻrquv va nazorat ostida oʻsgan bolaning jismoniy va maʼnaviy rivojlanishidagi farq kabi. Biri biroz dadilroq va balkim toʻporiroq boʻlsa, ikkinchisi birmuncha jurʼatsiz va har qanday kasallikka oson yengiluvchi boʻladi.

“Aslida mavjud boʻlmagan “vahimali” allaqanday nimadandir qoʻrqib yashashlik insonni mutlaqo juda qiyin ahvolga solib qoʻyadi. Har narsaga shubha bilan qaraydigan, yoʻq joydan oʻzi uchun muammolar oʻylab chiqaradigan qilib qoʻyadi. Bunday “virus”ning davosi juda ham qiyin va ogʻir kechadi. Insonni bunday holatga tushiruvchi har qanday hokimiyat aslida noinsoniy va mutlaqo yovuz hokimiyat hisoblanadi”, deb yozadi GoPSY nashri.

Asosli va asossiz qoʻrquvga oid oʻtkazilgan tadqiqot ishtirokchilariga koʻra, hatto patologik qoʻrquvni ham yengish mumkin, avvalo, buning uchun jiddiy xohish boʻlishi shart. “Maʼnaviy tugab boʻlmagan inson albatta, uning uchun noqulaylik tugʻdirib kelayotgan illatdan qutilishga urinishi shart”, deb hisoblaydi tadqiqotchilar. Qutilish borasida taqdim qilingan bir necha uslublar orasidan olimlar faqat uchtasini eng toʻgʻri va ijobiy natijaga olib kelishi muqarrar deb tanlab olishgan. Bular qoʻrquvning “yuziga tik qarash”, qoʻrquv aslida xayolan boʻrttirilgan “asossiz vahima” ekanini chin dildan tan olib uni inkor etish va qoʻrquvning rivojlanishiga sabab boʻlayotgan holatga qarshi chiqish. Bizning holatda ijtimoiy faol boʻlish, jurnalistga oʻz fikringni izhor etishdan qoʻrqmaslik. Goʻyoki boʻyningdan tutib turgan, aslida esa yoʻq boʻlgan, mavjud boʻlmagan “arqonni” uzib tashlash. Aks holda… mana shu aks holdaning oʻrnida, ijtimoiy tarmoqlarda oʻz fikrini faol bildirishda choʻchimay kelayotgan vatandoshimiz Shavkat Usmonov tomonidan yozib qoldirilgan bir misolni taqdim etsam. Nazarimda koʻtarilgan mavzu uchun ayni muddao boʻladi.

“Bir dehqon odam tunda xoʻtigini bogʻlash uchun arqon topolmay qoʻshnisi eshigini taqillatibdi. Qoʻshnisi “afsus uyda arqonim yoʻq edi, biroq maslahat berishim mumkin. Siz xoʻtigingiz oldiga boring-da, oʻzingizni goʻyo uning boʻynidan arqon oʻtkazib, bogʻlaganday tuting. Koʻrasiz oʻrnidan siljimaydi ham”, debdi. Dehqonboy qoʻshnisi aytganidek qilipdi va uyiga kirib ketibdi. Tongda uygʻonib qarasa, chindan ham xoʻtik oʻrnidan jilmaganmish. Haqlga (dalaga) borish uchun xoʻtigini hozirlab yurgizsa hech yurmasmish. Qoʻshnisi oldiga kelib arzlanipdi, “Tunda siz aytganday qildim, gap-soʻz boʻlishi mumkin emas. Oʻrnidan qimirlamabdi ham. Ammo muammo shundaki, tongda yurgizsam ham oʻrnidan qimir etmayabti”.

Shunda qoʻshni “arqonni yechdingizmi?”, deb soʻrapdi. Dehqon hayratda “Qiziqmisiz? Qanaqa arqon, arqon yoʻq-ku?” desa, qoʻshnisi “arqon siz uchun yoʻq, biroq xoʻtik uchun haliyam boʻynida turipdi”, depdi. Dehqon xoʻtigi oldiga borib goʻyo arqon boʻshatayotganday harakatlar qilipdi. Shundan soʻng ne ajabki, xoʻtik yura boshlapdi”.

“Xoʻtikning holi kulgilik emas. Bugun ayrim insonlar ham xuddi mana shu xoʻtik kabi vahmiy, noaniq, asli yoʻq boʻlgan tahdid, qoʻrquv, vahimalarga koʻra ish tutadi. Insonlarning uygʻonishi uchun ularning xayolidagi soxta qoʻrquv arqonlarini yechib yuborish lozim. Aksariyat insonlarning zehnlari soxta tahdid arqonlari bilan bogʻlangandir. Oʻz haq-huquqi poymol boʻlsa ham miyadagi qalbaki arqon hamisha uning jilovini tortib turadi”, – deydi Shavkat Usmonov.

Siz nima deb oʻylaysiz?

Husniddin Qutbiddinov