Amerika Qoʻshma Shtatlarida yashaydigan har bir inson, xoh u muhojir boʻlsin, xoh sayyoh fevral oyidan to aprel oyining 15-kuniga qadar bu mamlakatda hukm surajak mavsum haqida biladi. Bu Soliq idorasiga yil davomida ishlab topgan daromadi haqida maxsus deklaratsiyani toʻldirish va topshirish. Aslida bu Amerikada qonuniy istiqomat qiluvchi har bir inson qatnashishi shart boʻlgan juda muhim jarayon. Uni mensimaslik yoki unda qatnashishdan bosh tortishlik Qoʻshma Shtatlarda eng ogʻir jinoyat sifatida baholanadi. Ammo hayratga soluvchi tarafi shundaki, hech kim bu jarayonni shunchaki oʻtkazib yubormaydi, albatta, unda ishtirok etishga urinadi, zero buning alohida yoqimli tarafi bor. Yoqimli tarafi ne ekani haqida biroz keyinroq…

Amerikaga yaqinda kelgan va kelganiga u qadar koʻp boʻlmagan ayrim vatandoshlar shubhasiz mamlakatda kechayotgan bu muhim mavsum haqida toʻliq maʼlumotga ega boʻlmasligi tabiiy. Qiziq tomoni shundaki, kelganiga ancha boʻlib qolgan vatandoshlar ham aslida bu mavsum haqida, toʻgʻrirogʻi, uning ayrim jihatlari haqida toʻliq maʼlumotga ega boʻlmasligi mumkin. Shu sabab va qolaversa, aksar vatandoshlarga yordam boʻlsin degan niyat bilan biz Amerikaning Virjiniya shtati Fayrfaks shahrida boʻlib, bu yerda soliq bo’yicha mutaxassis sifatida ishlab kelayotgan vatandoshimiz Zokir Alini suhbatga tortdik. Aksar “Amerika Ovozi” muxlislari bu insonni yaxshi taniydi, zero oʻtgan yili Oʻzbekistonga safari chogʻidagi sarguzashtlari haqida gapirib oʻtganmiz.

“Hurmatli vatandoshlar, agar Amerikaga kelgan boʻlsangiz, bu shubhasiz, siz uchun katta imkoniyat. Bu yerda oʻzining qonun-qoidalari bor, albatta va bular orasidagi eng muhimi bu Soliq haqidagi qonun va soliq deklaratsiyasini toʻldirish masalasi. Siz Grin karta yutib kelgan boʻlsangiz, albatta, xush kelibsiz Amerikaga va agar siz ishlashni boshlagan boʻlsangiz, yil soʻngida yillik daromadingizdan soliq toʻlashingiz shart. Siz masalan W-2 formasi olgan boʻlishingiz mumkin yoki 1099 formasini olgandirsiz. Bundan qatʼi nazar tegishli muddatda, bu demak yil boshidan aprel oyining 15-kuniga qadar davom etadi, hamma hujjatlarni toʻldirib topshirishingiz shart! Agar bu ishni qilmasak, demak, biz davlatga tegishli miqdorda jarima toʻlashga majbur boʻlamiz”, – deydi Zokir Ali.

Vatandoshimiz Zokir Ali aytib oʻtgan oʻsha ikki turdagi soliq formalariga toʻxtalib oʻtsam. Yil yakunlangach, ish joyingiz sizga ishingizning turiga qarab Soliq idorasiga taqdim etishingiz shart boʻlgan u yoki bu koʻrinishdagi formalarni beradi. Bu formalarning nomi W-2 (dabl yu ikki) yoki 1099. Bu hujjatlarda sizning ish joyingizda yil davomida topgan daromadingiz haqidagi maʼlumot koʻrsatilgan boʻladi. Agar ish beruvchi sizning oylik maoshingizdan soliq uchun maʼlum miqdorni olib qolgan boʻlsa, demak sizga soliqlar toʻlab borilgani haqdagi maʼlumot ham koʻrsatilgan W-2 formasini beradi. Bordiyu ish beruvchi sizning maoshingizdan soliq miqdorini olib qolmagan boʻlsa va bu yumushni sizning oʻzingizga qoldirgan boʻlsa, u holda yil davomida toʻlangan oylik maoshdan soliq olinmagani haqida maʼlumot keltirilgan “1099” formasini beradi.

“Afsuski, ish beruvchining istagi baʼzan sizning xohishingizdan farqli boʻlishi mumkin. Yaʼni sizni aynan qanday shartnoma asosida ishga olishni ish beruvchi hal qiladi, yo kontraktor (shartnomaviy ishchi) asosida yoki shtatdagi ishchi sifatida qabul qiladi. Agar kontraktor sifatida ishga olsa, demak, sizga yil soʻngida 1099 formasini berishi mumkin va soliq toʻlashni sizning zimmangizga yuklaydi, agar toʻliq ishchi sifatida olsa, demak soliqlaringizni ham toʻlaydi va tabiiy sizga W-2 formasini taqdim etadi. Moddiy ragʻbat masalasida esa tabiiy W-2 formasi egasi boʻlish yaxshiroq. Qolaversa, yilning soʻngida siz qarzim bormikan, qancha toʻlashim kerak ekan, deb oʻylamaysiz, ancha xotirjam boʻlasiz”, – deydi Zokir Ali.

Aytib oʻtish joiz, W-2 formasi sohiblarini xursand qiluvchi holat faqat soliqlar borasida koʻngil xotirjamligi emas. Aynan mana shu koʻrinishdagi forma sohiblari Soliq idorasining Income Tax Refunds ragʻbatiga ham ega boʻlishlari mumkin. Income Tax Refunds degani soliq toʻlovchiga yil davomida toʻlagan soliqlaridan maʼlum miqdordagi summani qaytarish degani. Yaʼni agar soliq toʻlovchining daromadi toʻlangan soliqning umumiy miqdoridan u qadar katta boʻlmasa, oilaviy sharoiti qiyin boʻlsa va koʻp farzandlik boʻlsa yoki ortiqcha soliq to’lab yuborgan bo’lsa, davlatning maxsus yordami sifatida toʻlangan soliqlaridan maʼlum miqdorini yordam oʻlaroq qaytarib oladi. Baʼzan yordam uchun moʻljallangan miqdor toʻlangan soliqdan ham kattaroq boʻlishi mumkin.

Aytaylik, soliqchi yil davomida toʻlagan soliqning miqdori 4000 AQSh dollariga teng boʻldi, lekin uch farzandi bor, turmush oʻrtogʻi ishlamaydi (sogʻligi yomon, ishga yaroqsiz yoki ish topa olmadi), turli koʻrinishdagi kommunal va hokazo toʻlovlari bor. Bunday holatda Soliq idorasi qonunga muvofiq bu vaziyatni oʻrganib, aytaylik, soliq toʻlovchiga 6000 va yoki 7000 AQSh dollari miqdorida moddiy yordam qaytarishi mumkin. Aynan shu bois ham koʻpchilik amerikaliklar ish qidirayotganida W-2 sohibi boʻlishi mumkin boʻlgan ish qidiradi. Ammo baʼzan 1099 formasi sohiblari ham yordam puliga umid qilishlari mumkin. Bunda ham asosan soliq toʻlovchining yil davomidagi daromadi, xarajati va oilaviy sharoiti inobatga olinadi.

Lekin vatandoshimiz Zokir Aliga koʻra, agar yillik daromad 40 000 AQSh dollaridan balandroq boʻlsa, u holda moddiy yordamning berilishi qiyinlashadi va aksincha soliq toʻlovchi toʻlanmagan soliqlarini toʻlashga jalb etilishi mumkin.

“Masalaning bir yechimli tomoni ham bor. Aytaylik soliq toʻlovchi yil soʻngida 1099 formasi olishini biladi va yil davomida oyligidan oʻz tashabbusi bilan kerakli miqdorda soliq toʻlab bordi. Yil soʻngida ana shu Soliq idorasiga taqdim etgani 1099 formasi, soliqlarni oʻzi toʻlab borgani bois xuddi W-2 maqomida koʻriladi va moddiy yordamga umid qilishi ham mumkin boʻladi”, – deydi suhbatdoshimiz.

Zokir Alidan yuzaga kelishi mumkin yana bir holat haqida ham maʼlumot olishga erishdik. Maʼlumki, aksar vatandoshlar Amerikadagi turmush tarzini yaxshilash, oʻzi va oilasi uchun birmuncha chiroyliroq sharoitlarni yaratish maqsadida bir vaqtning oʻzida ikkita-uchta joyda ishlashlariga toʻgʻri keladi. Va baʼzan ish joylarning qaysinisidandir kelishi kerak boʻlgan soliq formalari haqida unutib, hujjatlarni unutgani ish joyidagi daromadi haqdagi maʼlumotni koʻrsatmay topshirvorishi mumkin. Yoki aytaylik mamlakatga yangi kelgani bois umuman soliq deklaratsiyasi haqida xabarsiz, bu masalani qanday hal qilishni ham bilmaydi… Bunday vaziyatda vatandoshimizni nima kutyapti?

“Aslida bu jarayon Amerikada juda ham mashhur, shu bois bilmay qolishingiz amrimahol, qolaversa, ish beruvchingiz ham aytadi, mana bu sizning soliq formangiz, deklaratsiyani toʻldirib Soliq idorasiga topshiring deydi. Bordiyu hech kim aytmadi va siz shu ishni qilmadingiz. Bu holda sizga IRS dan maktub keladi, yil davomida mana bunday daromadga ega boʻlgansiz, mana shu haqda deklaratsiya topshiring degan. Endi qaysidir ish joyidagi daromadni koʻrsatish esdan chiqdi yoki oʻsha ish joyidan soliq formasi kelmadi, bu holda garchi buni esdan chiqarib hujjatni topshirgan boʻlsa ham, xavotirga oʻrin yoʻq. Zero IRS unutgan daromadi haqda eslatuvchi maktub yuboradi, zero ularda ish beruvchilardan olingan formalarning nusxalari boʻladi”, – deydi Zokir Ali.

Suhbatdoshimiz aksar vatandoshlar yoʻliqadigan qiyinchiliklardan yana biri, yaʼni deklaratsiyani toʻgʻri va ayniqsa qonuniy toʻldirish masalasida ham maslahat berib oʻtdi. Unga koʻra, har bir vatandosh dastlab deklaratsiyani qanday toʻldirish haqida, oilaviy sharoiti va moddiy yordamga umid qilishi mumkin yoki yoʻqligi haqida mazkur sohada koʻmak beruvchi firmalarga uchrashishni tavsiya berdi. Darhaqiqat, bunday firmalar bor va ularning aksariyati oʻz ofisi peshtoqiga “Tax service”, yaʼni soliq servisi deb yozilgan boʻladi. Bundan tashqari bir qator Internet resurslari ham bor va ular orasida eng mashhuri Turbo Tax veb tarmogʻi. Bor yoʻgʻi veb tarmoqqa kirasiz va u yerda koʻrsatilgan yoʻriq yordamida soliq deklaratsiyasini toʻldirasiz. Bu holatda sizga eng kerakli narsa bu ingliz tilini yaxshi bilish va AQSh qonunlaridan xabardor boʻlish.

Ammo bordiyu shunda ham ikkilansangiz yoki deklaratsiya toʻldirish shartlarini tushunmasangiz, u holda Zokir Aliga koʻra IRS  yaʼni Soliq idorasi saytiga murojaat qilib barcha savollarga javob topishingiz mumkin. Har ehtimolga qarshi deklaratsiyani toʻldirgach, unda koʻrsatib oʻtganingiz har bir holat borasidagi barcha hujjatlarni saqlab qoʻying. Zero Soliq idorasi sizning deklaratsiyangiz borasida shubhaga borsa audit taftishi oʻtkazishi mumkin. “Soliq deklaratsiyasiga kiritganingiz hujjatlar qoida boʻyicha uch yilgacha saqlanmogʻi shart, zero taftish istagan muddatda oʻtkazilishi mumkin. Sizdan bollaringiz bor-yoʻqligi tekshirilishi mumkin, tugʻilganlik guvohnomasini koʻrsatasiz. Daromadlar haqdagi va soliq toʻlangani haqdagi formalarni koʻrsatishingiz shart boʻladi, shu uchun ularni uch yilga qadar saqlab turishingiz lozim”, deydi Zokir Ali.

Husniddin Qutbiddinov