Jahongir Muhammad: “Hatto Mirziyoyev ham oltinchi qavatdan hazar qildi”

Posted March 31st, 2019 at 1:09 pm (UTC-4)
Leave a comment

Joriy yilning fevral oyida ijtimoiy tarmoqning oʻzbek segmentida “Oltinchi qavat: prezident tansoqchisining kundaligi” qissasi katta shov-shuv uyg’otdi.

Taxminiy hisoblarga koʻra, mazkur asarni 15 mingdan ortiq inson oʻqigan, ijtimoiy tarmoqdagi oʻz sahifasiga koʻchirib bosgan va sahifalardagi do’stlari va mushtariylari orasida tarqalishida ishtirok etgan.

Qissa muallifi yozuvchi, jurnalist va siyosatchi Jahongir Muhammad (Jahongir Mamatov) bo’lib, ayni damda u AQShning Virjiniya shtati Brambleton shahrida istiqomat qiladi.

Qissaning bu qadar shov-shuvga sabab bo’lishi va ijtimoiy tarmoqlarda shuhrat qozonishi undagi obrazlarning aksar oʻzbekistonliklarga yaxshi tanishligi bilan bogʻliq deb taxmin qilsa bo’ladi. Yaʼni qissada marhum prezident Islom Karimov, bir qator vazirlar, Milliy xavfsizlik xizmati (hozirda Davlat xavfsizligi xizmati)ning sobiq raisi va koʻplab boshqa insonlar tasvirlangan. Aksar oʻquvchilar orasida qissa hujjatli asar sifatida qabul qilingan boʻlsa, boshqalar uni badiiy toʻqima oʻlaroq ko’rdi.

Biz Jahongir Muhammad uyida mehmonda boʻlib, shov-shuvli qissa, undagi obrazlar va, umuman, bugungi Oʻzbekiston haqida suhbatlashdik.

“Toʻgʻri, kitob avvalida men “qissa” deb yozib oʻtdim, bu demak uning badiiy asarligidan dalolat, ammo kitob koʻproq boʻlgan voqealar asosida bitilgan. Yaʼni kitobdagi asosiy voqealar hayotda boʻlgan. Kitobda hattoki boʻrttirish yoʻq, aksincha biroz kamaytirilgan. Qizigʻi shundaki, bugungi kungacha odamlar internetda ochiq manbalarda mavjud bu maʼlumotlarni oʻqimagan. Men shularni hammasini jamlab bir joyga yigʻdim.

Masalan, Islom Karimov oʻlganidan keyin oradan bir yil oʻtib, Moskvada I. Karimov tansoqchisi otilgan holatda topildi. Matbuotda qoʻlida pistolet oʻynab oʻtirganida otilib ketgan va oʻq yuragiga tegib oʻlgan deb yozildi. Keyin aniq bo’ldiki, to’pponcha oltindan qilingan va I. Karimovning shu tansoqchiga bergan “imennoy” sovgʻasi boʻlgan. Undanda qizigʻi, bu tansoqchi Rossiya harbiy razvedkasi generalining oʻgʻli boʻlgan.

“Yaʼni oʻzbek prezidentini rus razvedkasi qoʻriqlagan”, deydi Jahongir Muhammad.

Amerika Ovozi: Jahongir aka, nima sababdan qissaga “Oltinchi qavat” deb nom berdingiz? Yaʼni bunda ham qandaydir ma’no bormi, nimagadir ishorami bu nom?

Jahongir Muhammad: Oʻzbekiston prezidentining ish joyi, kabineti 6-qavatda edi. Yaxshiliklar ham, yomonliklar ham hammasi oʻsha yerda boʻldi. Juda koʻp insonlar – hozir nafaqada boʻlishi mumkin – nihoyatda koʻp rahbarlar 90-yillar boshidayoq ana shu oltinchi qavatda musht yegan, kaltak yegan, orqasiga tepki yegan. Ularning hozirgacha ham koʻplari bor. Yaʼni oltinchi qavat juda koʻp insonlarning oʻsha qora lahzalariga guvoh boʻlgan. Balkim shuning uchunmi Shavkat Mirziyoyev voz kechdi bu binodan. Man oʻshanda qoyil qoldim shu insonga, Mirziyoyevga. Karimovning samolyotidan voz kechdi, binosidan voz kechdi, oltinchi qavatdan, mashinalaridan voz kechdi. Borib boshqa yerga koʻchdi. Hazar qildi. Haqiqatan ham bugun muzey qilishdiyu, ammo chindan ham oltinchi qavat hazar qiladigan joy.

Amerika Ovozi: Shavkat Mirziyoyev marhum prezidentga tegishli binodan, siz aytmoqchi oʻsha “oltinchi qavat”dan voz kechdi va endi oʻzining yangi oltinchi qavatiga ega boʻldi, shundaymi?

Jahongir Muhammad: Endi Mirziyoyevniki “oltinchi qavat” emas, bu ham juda qiziq. “Bahor” konsert zali. Yaʼni bu bino Sovet paytida “Bahor” konsert zalining binosi edi. Oʻsha imoratning bir tomonida Oliy Kengashning xatlar boʻlimi joylashgan edi ilgarigi paytda. Keyinchalik u binoni biroz kengaytirib senatorlar uchun joy qilishdi, hozir esa prezident saroyi. Bir paytlar hazillashib “bu yerda ham juda katta oʻyinlar boʻladi”, degan edim. Sababi, bir zamonlar “Bahor”ning lobar qizlari juda zoʻr oʻyinlar namoyish qilgan shu konsert zalida. Mukarrama Turgʻunboyevalar, dunyoga mashhur raqqosalar. Balkim endi bugun bunday oʻyinlardan har holda voz kechilgandir. Nima boʻlganda ham, Oʻzbekistonda bundan bu yogʻiga endi faqat yaxshilik boʻlsin deb umid qilaman.

Amerika Ovozi: Oʻzbekistondagi asl vaziyat bugun qanday sizning nazaringizda? Oʻsha eslaganingiz “oltinchi qavat”dan farqlimi yoki oʻxshash taraflari bormi?

Jahongir Muhammad: Bilasizmi, Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgan paytda bergan intervyularimda men bir gapni koʻp takrorlaganman. Aytganmanki, Karimovdan keyin aslida shunga oʻxshash bir odamning kelishini, Karimovdan biroz yumshoqroq odam kelishini istaganman, toki Oʻzbekistonda evolyutsion oʻzgarish boʻlsin. Mana shunday paytda biror demokrat kelib qolsa, hammayoq bundan-da dabdala boʻlib ketardi. Ammo “oltinchi qavat”ning asosiy prinsiplari oʻzgarmadi-da. “Beshinchi qavat”ning hamma generallari Mirziyoyev yoniga oʻtib oldi. Eng muhimi, Karimovning samolyotidan voz kechdi, binosidan voz kechdi, ammo uning siyosatidan voz kechmayapti, uning siyosatiga toʻgʻri baho bermayapti. Mana shu joyida odamlar choʻchib turibdi, yana aylanib eski davrday boʻladi degan qoʻrquv bor ularda.

Amerika Ovozi: Xoʻsh, sizningcha, nima sababdan Shavkat Mirziyoyev oʻsha “beshinchi qavat” odamlarining orasida tozalash oʻtkazmayapti? Qolaversa, soʻnggi paytda ijtimoiy tarmoqlardagi juda koʻp muxolif saytlarda Mirziyoyev va Milliy xavfsizlik xizmati sobiq rahbari Rustam Inoyatov oʻrtasida oʻzaro raqobat bor degan maʼlumotlar uchrayapti, suiqasdga urinishlar boʻlgan deyilyapti, bu sizningcha bor gapmi yoki yoʻq?

Jahongir Muhammad: Men ularning (Sh. Mirziyoyev va R. Inoyatov – AO) oʻrtasida qarshilik bor deb oʻylamayman. Unday narsa yoʻq. Oʻsha Zelimxon Haydarov, Rustam Inoyatov, Abdulaziz Komilov – bularning orasida aksincha kelishuvchanlik, “men seni saqlab turaman” degan maʼnodagi kelishganlik bor. Yaʼni vaʼda berish yoʻq, ammo haligi xuddi ustoz-shogirdday shunaqa bir muomalalar bor. Buni bizda boshqachasiga “muttahamchilik” deydimi, shunga oʻxshash bir nima bor oʻrtada. Koʻryapsizmi, mana vaqt oʻtib, mana shunga yetib kelyapmizda, hatto mening tilimdan chiqib ketti muttahamchilik degan ibora. Odamlar shuni gapira boshladida, “nima bu, oʻrtada bir muttahamchilik bormikan Mirziyoyev Inoyatovdan qoʻrqadi”, deb. Hattoki uning ortida Moskva turganda ham Putinga borib, “aka, odamlar tushunmayapti, qiyin boʻlyapti, bundan qutilmasam boʻlmaydi”, desa boʻlardi. Ammo shu ish qilinmayapti…”

Eslatib oʻtish joiz, Jahongir Muhammad 1955-yili Samarqand viloyatida tavallud topgan. 1973-1979-yillarda Toshkent davlat universitetining (hozirda Oʻzbekiston Milliy universiteti – AO) jurnalistika boʻlimida oʻqidi va 1981-yilgacha tilshunoslik va jurnalistikada etika boʻyicha ilmiy izlanishlar olib bordi. 1990-yilda Jahongir Muhammad Oʻzbekiston xalq deputati etib saylangan. 1990-1993-yillarda u Oʻzbekiston Oliy kengashida Oshkoralik qoʻmitasi raisining oʻrinbosari boʻlib ishladi. Turli koʻrinishdagi bosimlar avj olgach, 1993-yili Oʻzbekistonni tark etishga majbur boʻldi – maʼlum muddat Turkiyada yashadi va keyinchalik AQShdan boshpana oldi. Muxojirlikda ham oʻz kasbiga sadoqatli qolgan yozuvchi bir qator qissalar, Mukammal oʻzbek-ingliz lugʻati (Comprehensive Uzbek-English Dictionary)ni keng jamoatchilik hukmiga havola etdi.

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

BLOG HAQIDA

muhojirlar shaharchasi2

Garchi blogimizni "Muhojirnoma" deb nomlagan bo'lsak-da, u alohida muhojirning kechinmalari va yoki sarguzashtlari haqida bayon qiluvchi sahifa emas. Bu ma'lum ma'noda muhojirotni o'z tanasida tatib ko'rgan insonlarning kundalik daftariday. Sahifa Amerika bilan tanishish, uning ijtimoiy-ma'naviy hayotini o'rganish, qolaversa bu mamlakatga kelish va undagi ayrim “imkoniyatlar”dan foydalanishni ko'zlayotgan minglab o'zbekistonliklar uchun ma'lumotnoma vazifasini o'tashni maqsad qilgan. Unda nafaqat Amerika, balki butun dunyodagi muhojirlar hayotiga oid ma’lumot va kechinmalarni berib borishni niyat qilganmiz.
Bizni kuzatib boring.

Kalendar

March 2019
M T W T F S S
« Dec   Apr »
 123
45678910
11121314151617
18192021222324
25262728293031