AQSh maktablarida oʻquvchilar xavfsizligi qanday ta’minlanadi?

Posted April 28th, 2019 at 11:21 am (UTC-4)
1 comment

Soʻnggi paytlarda bir qator ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan ayrim videolar va xavotirli ovozalar  uzoq Amerika Qoʻshma shtatlari maktablarida joriy qilingan tartiblar va bolalar xavfsizligi masalalari haqida ikki ogʻiz toʻxtalishga undadi. Toʻgʻri, ikki enlik maqola ichida butun Amerika boʻylab amalga oshirilayotgan chora va tadbirlar haqida aniq-tiniq hikoya qilishning imkoni yoʻq, qolaversa, har shtatning oʻz qoida va tartiblari mavjud. Shu bois bugungi hikoyamizga Pensilvaniya shtatida joriy qilingan va jiddiy amal qilinishi shart boʻlgan chora va tadbirlar haqida toʻxtalamiz.

Avvalo, eslatib oʻtish joiz, Amerikada bolalar oʻn ikki yillik maktab taʼlimiga ega boʻlsalar-da, bu taʼlim 12 yil davomida bitta bino ichida oʻtmaydi. Taʼlim jarayoni uch bosqichda alohida-alohida maktablarga boʻlinadi: boshlangʻich maktab (Elementary school), oʻrta maktab (Middle school) va yuqori maktab (High school). Undan ham avvalroq maktabdan avvalgi tarbiya ham bor (Kindergarten). Bu maktab muddati atigi bir yil.

Maktabdan avvalgi tarbiya muassasasi, umuman olganda, boshlangʻich taʼlim (yaʼni ilk 1-5 sinflar – muallif) maktabi binosida joylashgan boʻladi. Sababi bolalar kelasi 5 yil davomida qatnashlari shart boʻlgan maktablariga koʻnikishlari uchun. Amerikada, xususan, Pensilvaniyada maktabgacha tarbiya sinflarida ham bolalar uchun harflar bilan tanishish, sinfda oʻzini qanday tutish, oʻqituvchi kim, maktab nima, bu haqda maʼlumot beriladi. Garchi bu darslar koʻproq oʻyinlar shaklida, erkin holda oʻtsa-da, asosiy maqsad bolalarni maktabga tayyorlash boʻladi. Ayni mana shu paytdan boshlab bolalarga xavfsizlik borasida ham maxsus darslar oʻtkaziladi. Bolalarga maktabdan qanday chiqish, yoʻlda qanday yurish, yoʻlni aynan qayerda va qay tartibda kesib oʻtish va maktabdan uyga kim bilan va qanday ketish haqda taʼlim beriladi.

Amerika uchun bu juda ham muhim va jiddiy masala. Zero bu mamlakatda bolalarning yoʻqolishi juda ham keng tarqalgan. Maktablarning har biri bolalar ota-onasi bilan muntazam aloqani yoʻlga qoʻyadi, bu uchun bolangizni ilk bor maktabga olib kelgan paytingiz sizdan doim yoningizda boʻladigan telefoningiz raqami, elektron pochtangiz adresi, ishxonangizdagi telefon raqamlari, mashinangizning turi yozib olinadi. Eʼtiborli joyi shundaki, bolaning ikkala ota-onasidan ana shu toʻliq maʼlumotlaridan tashqari zarurat tugʻilsa favqulodda bogʻlanish uchun qoʻshimcha ishonchli shaxs (Emergency contact) telefon raqamlari va elektron adresini keltirib oʻtish soʻraladi. Bunda ana shu ishonchli shaxsning bolaga juda ham yaqin qarindosh boʻlishi zarurligi (toki bolani unga ishonib topshirish mumkin boʻlsin – muallif) urgʻulanadi.

Aytaylik, maktabda qandaydir favqulodda holat yuz bersa, barcha ota-onalarning elektron pochtasi va shaxsiy telefonlariga bu haqda ogohlantiruv maʼlumoti yetkaziladi. Odatda, bunday maʼlumot maktab rahbari yoki oʻquv ishlar boshligʻi nomidan keladi. Maʼlumotda favqulodda vaziyat aynan nimadan iborat boʻlgani va bu holatni bartaraf etish uchun qanday choralar koʻrilgani hamda ota-onalar bolalarini olib ketish uchun kelganlarida nimaga alohida eʼtibor qaratishlari lozimligi bayon etiladi. Eng eʼtiborli tomoni shundaki, bu koʻrinishdagi maʼlumot ketidan, odatda, maktab joylashgan hudud politsiyasi rahbariyatidan ham koʻrilgan chora va tadbirlar haqida batafsil maʼlumot yetkaziladi, toki ota-ona vahima qilmasin. Darvoqe, maktab va politsiya boʻlinmasi oʻrtasida doimiy aloqa oʻrnatilgan boʻlib, agar zarurat tugʻilsa, politsiya maxsus boʻlinmasi sanoqli daqiqalarda maktabga yetib kelishi taʼminlangan. Yana ham eʼtiborli tomoni shundaki, maktab hududidagi politsiya boʻlinmasi sherifi, katta lavozimdagi zobitlari muntazam maktabga kelib turadi va aksar bolalar ularni bir koʻrishda taniydi.

Baʼzan hatto koʻchada, darsdan tashqari kunlari ham politsiya zobitlari va bolalar bir-birini uchratganda amerikaliklarga odat boʻlgan uslubda (xay, xey va hokazo – muallif) bir-biriga doʻstona salom qilishadi. Yaʼni bolalar politsiya xodimlarini, politsiyachilar esa bolalarni tanishadi. Maktab maʼmuriyati va politsiya zobitlariga koʻra, bunday tanish boʻlishlik baʼzi hollarda bolalarning zarurat tugʻilsa yordamni qaysi tomondan olishlarini aniq bilishlarida qoʻl keladi. Maktabga kelgan payt, bolalarni bir vaqtning oʻzida uch-toʻrt maktab xodimlari kutib oladi, ularni oʻz sinflariga kirishdan oldin toʻplanishlari kerak boʻlgan hududga borishlarini nazorat qilishadi. Ota-onaga juda ham kam holatlarda maktab hududiga kirishlariga ruxsat beriladi. Boshqa payt mumkin emas. Katta tanaffus payti ham, maktabning birdaniga bir nechta xodimi bolalar dam olayotgan yoki oʻynayotgan hudud atrofini nazorat qilib turadi. Tashqaridan begona inson kirishiga mutlaqo ruxsat berilmaydi.

Hammamiz bilamiz, ba`zan ob-havo ham inson sog`ligiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Amerikada maktab muassasalari ob-havoni ham jiddiy o`rganib boradi. Bunda ularga ob-havoni kuzatish markazlaridagi ishchilar yordam qiladi. Zero, ana shu ishchilarning ham farzandi bor. Agar kuchli bo`ron, qattiq sovuq kutilsa va yoki kuchli yomg`ir bo`lishi mumkin payt, ota-onalar elektron pochtalariga maxsus xabar keladi, telefonlariga ovozli ma`lumot qoldiriladi. Ularda ba`zan bolaning ust-kiyimiga jiddiy e`tibor qaratish lozimligi aytiladi, ba`zan darslar bir-ikki soatga kech boshlanishi, ba`zan esa darslar bekor qilingani haqida ogohlantiruvchi xat keladi. Ayrim paytlar (bu ayniqsa Donald Tramp president bo`lganidan so`ng uchray boshladi – muallif) biror shaxs yoki katta yoshdagi bolalar, allaqanday bezorilar maktab eshiklari, ostonasi yoki bolalar o`yingohida bo`lmag’ur irqchilikka oid yozuvlar qoldirsa ham, bolalar ruhiyatiga ta`sir qilmasligi uchun politsiya tavsiyasi bilan darslar yo kechiktiriladi yoki bekor qilinadi va bu haqda ham xat yuboriladi.

Odatda, maktab atrofidagi hudud boʻylab oʻtuvchi barcha yoʻllarga harakatlanish tezligi haqidagi jiddiy ogohlantiruv oʻrnatiladi. Pensilvaniyada maktab yonidan oʻtayotgan avtomobil tezligi soatiga 15 milyadan (24,14 km) oshmasligi darkor. Agar tezlik bu koʻrsatkichdan oshsa, katta miqdorda jarima belgilangan va hatto haydovchilik guvohnomasidan mahrum etilish ham mumkin. Deyarli barcha maktablar atrofida kuzatuv kameralari oʻrnatilgan. Bolalar maktabga kelar va maktabdan ketar paytlari, odatda, maktab atrofi politsiya xodimlari nazoratiga olinadi. Bordiyu bolalar yoʻlni kesib oʻtishlari lozim boʻlgan taqdirda yoʻlovchilar oʻtish joylarida oʻrnatilgan maxsus signallik uskunalar ishga tushadi va mashinalar toʻxtashi lozimligi haqdagi belgi yonadi. Shunga qaramay, deyarli har bir yoʻlovchi oʻtish joyida maxsus shaxslar turadi va ular bolalar yoʻldan oʻtar payt “STOP” belgisini koʻrsatib avtomobil harakatini toʻxtatadi.

Bunday insonlar, amerikaliklar ularni koʻngilli yordamchilar deb atashadi, maktab kunlari erta tong yaʼni soat 07:00 dan 09:00 gacha, tushlik payti soat 11:00dan 13:00 gacha va maktab yakunlangan payt soat 15:00dan 17:00gacha shaharning har bir koʻchasida navbatchilik qiladilar. Zero ular nafaqat bolalar maktabdan chiqqan payt, balki maxsus avtobuslarda uylariga kelganlarida ham, bordiyu yoʻlni kesib oʻtishlari lozim boʻlsa, buning uchun xavfsiz sharoit yaratib beradilar. Aslida maktab avtobuslarining oʻzlari ham ana shunday xavfsiz sharoit yaratib berish uchun barcha zaruriy belgilar bilan jihozlangan. Darvoqe, maktab avtobuslari Amerikada alohida, jiddiy eʼtibor qilinishi shart boʻlgan transport vositasi hisoblanadi. Avtobus sariq rangda boʻlishi ham aslida bejiz emas. Gʻoya mualliflari DuPont (aslida yirik kimyoviy kompaniya – muallif) kompaniyasi mutaxassislariga koʻra, sariq rang har qanday holatda minglab avtotransportlar ichida alohida ajralib turuvchi rangdir. Boz ustiga uning istalgan joyiga qora rangda ogohlantirish yozuvlari yozilganda boshqalarga bu yaqqol koʻrinadi.

Avtobus bolalarni olayotganda yoki aksincha tushirayotgan payt uning old va orqa qismida qizil ogohlantiruv chiroqlari yonadi va haydovchi tarafdan esa “STOP” belgisi ochiladi. Bu holatda yoʻlning ikki yoʻnalishi boʻylab ham harakatlanayotgan avtomobillar toʻxtashi shart. Avtobusning chiroqlari bolalar yoʻlni kesib oʻtib xavfsizroq masofaga yetmaguncha oʻchmaydi va avtobus ham joyidan qimirlamaydi. Avtobus toʻxtab, chiroqlarini yoqib qoʻygan payt uni aylanib oʻtishga uringan, qarama-qarshi yoʻldan oʻtib ketgan yoki yon koʻchaga kirib ketishga uringan har qanday transport vositasi haydovchisi jiddiy va katta miqdordagi jarimaga tortiladi. Taxminan bunday holatda 300 dan 500 AQSh dollarigacha jarima belgilangan, boz ustiga haydovchiga nisbatan ball, ya`ni raqamli jarima miqdor belgilanadi va agar bu miqdor 7 balldan oshib ketsa, haydovchilik guvohnomasi ikki yilga musodara etiladi.

Albatta, shunday choralar joriy qilinganiga qaramay qoidani buzishga urinuvchilar uchrab turadi. Avtobuslar chiroqlarini mensimay oʻtib ketishga uringan va yoʻldan oʻtayotgan bolalarga tan jarohatlari yetkazgan qoidabuzar haydovchilar haqdagi xabarlar uchrab turadi. Aynan mana shu sababli ham Pensilvaniyada barcha yirik avtoyoʻllarda, chorrahalarda, metro bekatlari va koʻpriklar yonlarida va ayniqsa shahar markazi va tez yurar yoʻllarga chiqish koʻchalari oldida yuqorida keltirib oʻtganimiz nazoratchi koʻngillilar turadi. Ular yoʻlning oʻrtasiga chiqib, bolalar avtobusdan tushib xavfsizroq masofaga oʻtib olgunlariga qadar harakatni toʻxtatib turadilar. Har bir maktab yonida avtobuslar uchun alohida hududlar barpo etilgan, bu hududlarga aynan avtobusdan tashqari hech qaysi transport vositasi kiritilmaydi. Avtobuslar bu hududlarga kirar va chiqar payt maktab atrofidagi koʻchalarda oʻrnatilgan svetoforlarda qizil chiroq yonib turadi.

Yuqori sinflar uchun belgilangan maktabga oʻtgunlariga qadar oraliqdagi maktablar oʻquvchilari albatta ota-ona yoki yoshi katta biror qarindoshi kuzatuvida maktabga kelishlari va maktabdan ketishlari shart. Agar bolani olib ketgani hech kim belgilangan vaqtga yetib kelmasa, bola maktab ofisiga (odatda asosiy eshikdan kiraverishda joylashgan qabul boʻlinmasi xonasi – muallif) olib ketiladi va oʻsha yerda yaqinlari kelgunga qadar ushlab turiladi. Garchi oʻquvchining uyi yoʻlning narigi betida boʻlsa ham yolgʻiz ketishiga izn berilmaydi. Qoʻshnilar ham olib ketishi mumkin emas.

Bir misol keltirsam. Amerikada istiqomat qiluvchi oʻzbekistonliklardan biri ishdan biroz barvaqt qaytadi. Shundoqqina uyi yoniga yetganida qarasa maktab avtobusi toʻxtab bolalarni tushiryapti. Vatandosh mashinasidan tushib avtobus yoniga keladi va uning ham farzandi kelgan-kelmaganini qaraydi.

Koʻngilli nazoratchi (aytgancha, bu nazoratchilarda politsiyachilar hushtagi va zudlikda politsiya bilan bogʻlanish uchun maxsus aloqa vositasi boʻladi – muallif) farzandi qaysi maktabda oʻqishini soʻraydi, vatandosh aytadi. Avtobus chindan ham oʻsha vatandoshimizning farzandi taʼlim oladigan maktabga qarashli boʻladi. Nazoratchi koʻryaptiki, ota bor ammo farzand avtobusdan tushmadi. Zudlikda politsiyaga xabar beradi, avtobus haydovchisi oʻz navbatida maktabga shoshilinch xabar yoʻllab yoʻlida davom etadi. Sanoqli daqiqalarda ota yoniga ikki-uch politsiyachi yetib keladi, ayni oʻsha payt shaharning boshqa tarafida maktab yoniga ham politsiya xodimlari, ijtimoiy xizmat xodimlari, tez yordam va zudlikda yordam koʻrsatish xizmati yetib boradi. Bola yoʻq. Tezkor choralar koʻriladi, avtobus yoʻnalishi boʻylab qidiruv ishlari boshlanadi.

Tabiiyki, vatandosh rafiqasiga aytgani botinolmaydi, qoʻrqib ketmasin deydi. Ammo kutilmaganda, voqea joyi, yaʼni avtobus toʻxtashi kerak boʻlgan koʻcha boshida vatandoshning rafiqasi oʻz mashinasida paydo boʻladi. Ayolning yonida esa yoʻqoldi deya gumon qilinayotgan bola ham bor. Maʼlum boʻlishicha, ayol ham ishdan erta chiqqan va farzandini maktabning oʻzidan olib, biroz aylanib kelishni ahd qilgan. Albatta, politsiya ham, ijtimoiy xizmat vakillari ham voqea bu qadar ijobiy yakun topgani bois ortiqcha gap-soʻzsiz tarqalgan. Ammo ertasi kuni maktab maʼmuriyatiga bogʻlanib, bola uyiga albatta avtobusda borishi lozimligi va agar ota-onadan kimdir bolani shaxsan olib ketmoqchi boʻlsa, bu haqda oilaning ikkinchi vakiliga, avtobus haydovchisiga va hatto bolaning uyi yonida turuvchi nazoratchiga xabar berish lozimligi uqtirilgan. Zero bola xavfsizligi eng asosiy vazifa…

Ammo shunga qaramay, Amerika maktablarida koʻngilsiz holatlar uchrab turadi. Maktabga qurol koʻtarib kelish, sinfdoshlarini oʻqqa tutish hollari, giyohvand moddalar savdosi shular jumlasidan. Bunday holatlar va ularning oldini olish uchun koʻrilayotgan choralar haqida esa keyingi safar suhbatlashamiz…

 

Husniddin Qutbiddinov

One response to “AQSh maktablarida oʻquvchilar xavfsizligi qanday ta’minlanadi?”

  1. Firdavsiy says:

    Menham amerika fuqarosiga aylanishim uchun nima qilishim kerak +998946530596

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

BLOG HAQIDA

muhojirlar shaharchasi2

Garchi blogimizni "Muhojirnoma" deb nomlagan bo'lsak-da, u alohida muhojirning kechinmalari va yoki sarguzashtlari haqida bayon qiluvchi sahifa emas. Bu ma'lum ma'noda muhojirotni o'z tanasida tatib ko'rgan insonlarning kundalik daftariday. Sahifa Amerika bilan tanishish, uning ijtimoiy-ma'naviy hayotini o'rganish, qolaversa bu mamlakatga kelish va undagi ayrim “imkoniyatlar”dan foydalanishni ko'zlayotgan minglab o'zbekistonliklar uchun ma'lumotnoma vazifasini o'tashni maqsad qilgan. Unda nafaqat Amerika, balki butun dunyodagi muhojirlar hayotiga oid ma’lumot va kechinmalarni berib borishni niyat qilganmiz.
Bizni kuzatib boring.

Kalendar

April 2019
M T W T F S S
« Mar   Jun »
1234567
891011121314
15161718192021
22232425262728
2930