Istanbuldagi turkistonliklar jamiyati: tarix va bugun

Posted November 25th, 2019 at 9:59 am (UTC-4)
Leave a comment

Istanbul shahridagi “Turkistonliklar madaniyat va ijtimoiy ko‘mak jamiyati” taqdir taqozosi bilan XX asrning boshlarida va o‘rtalarida Turkiyaga kelib qolgan o‘zbeklar va ularning avlodlarini birlashtirib turadi. Jamiyat faollari Navro‘zni va hayitlarni birgalikda nishonlashadi, to‘ylarda va marakalarda bir-birlarining xonadonlarida xizmatda bo‘lishadi. Bir-birimizning korimizga yarashga, o‘zligimizni asrab qolishga harakat qilyapmiz, deydi ular.

Vatandoshlar uchun foydali tashkilot

Bugungi kunda “Turkistonliklar madaniyat va ijtimoiy ko‘mak jamiyati”ning to‘rt yuz a’zosi bor. “Lekin eshigimiz hammaga ochiq, – deydi 2006-yildan beri jamiyatni boshqarib kelayotgan Akbar Yassa. – Eshigimizdan kirib kelgan har kim bizning a’zomiz hisoblanadi”.

Turkiston turk yoshlar ittifoqining arxiv surati

Jamiyatga 1928-yilda asos solingan, o‘shanda “Turkiston turk yoshlar ittifoqi” deb atalar edi. O‘n yildan keyin nomi “Turk madaniyat jamiyati” deb o‘zgartirildi va u 1943-yilgacha faoliyat olib bordi. Jamiyat 1954-yilning yanvarida qaytadan ish boshladi, 1984-yildan beri “Turkistonliklar madaniyat va ijtimoiy ko‘mak jamiyati” nomi ostida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Turkiya Vazirlar Mahkamasining 1995-yildagi qaroriga binoan “xalq foydasiga xizmat qiluvchi nodavlat tashkilot” maqomini olgan.

Turkistonliklar tadbiri

“Muhojirlar qayerda bo‘lmasin, birlashishni istaydi, chunki dardlari, tashvishlar bir xil bo‘ladi. Jamiyatimiz ana shu ehtijoydan kelib chiqqan holda tashkil topgan, – deydi Akbar Yassa “Amerka Ovozi” bilan suhbatda. – Maqsadimiz – Istanbuldagi o‘zbeklarning hamjihatligini ta’minlash, tilimizni va madaniyatimizni yo‘qotib qo‘ymaslikka, yoshlarimiz o‘rtasida aloqalarning uzilib ketmasligiga harakat qilish. Buning uchun madaniy-ma’rifiy tadbirlar uyushtiramiz, hamyurtlarimizning muammolarini qo‘ldan kelgancha yechishga urinamiz. To‘yda ham, marakalarda ham birgamiz”.

Vatandoshlar saylda

Jamiyat o‘tgan yillar davomida bir qator ijtimoiy loyihalarni amalga oshirdi, xususan, universitet talabalariga stipendiya ajratdi, Markaziy Osiyo mintaqasidan kelgan qariyb yigirma ming kishiga oxirgi ikki yilda Turkiyada yashash ruxsatnomasini olishga ko‘maklashdi. Bundan tashqari, Turkiyada yashayotgan yoshlar ona tilini unutib yubormasligi uchun o‘zbek tili darslarini tashkil etdi. “Turkistonliklar madaniyat va ijtimoiy ko‘mak jamiyati”ning Oqsaroy mavzesida joylashgan uch qavatli binosi ayni paytda qaytadan qurilyapti. Akbar Yassaning aytishicha, bu ishlarning bari jamiyatga befarq bo‘lmaganlarning yordami, homiyligi asosida amalga oshirilmoqda.

O’zbekistonning Turkiyadagi elchisi Alisher A’zamxo’jayev bilan

Turkiyalik o‘zbeklarning xuddi shu maqsadlarga xizmat qiluvchi yana bir jamiyati Adana shahrida joylashgan.

 “Vatan uchun ko‘z yosh to‘kishdi…”

Akbar Yassa o‘zining shajarasi Ahmad Yassaviyga borib taqalishini aytadi. 1950-yili Afg‘oniston poytaxti Kobulda dunyoga kelgan. Ikki yarim yoshligida uning oilasi Turkiyaning Adana shahriga ko‘chib keldi. Uning aytishicha, o‘sha paytlarda ko‘chib kelgan jami 72 oilaga turk hukumati katta yordam bergan.

“Biz Turkiyadan minnatdormiz, – deydi u. – Bu yerga kelganlarning hech biri chor-nochor ahvolga tushib qolmadi, hammamiz shu yurtga sidqidildan xizmat qildik”.

O’zbekiston Xalq artisti Sherali Jo’rayev Turkiyadagi vatandoshlar bilan

Kasbi elektronika muhandisligi bo‘lgan Akbar Yassa olti yil Saudiya Arabistonida ham ishladi. O‘zbekistondan tashqarida tug‘ilganiga va voyaga yetganiga qaramay, o‘zbek tilida ravon so‘zlasha oladi.

“Bu ota-onamning sharofati bilan, uyda ona tilida gaplashilsa, bolaning qulog‘iga kirib qolar ekan-da – deya izohlaydi u. – Kattalarmiz vatan hasratida o‘tib ketishdi. Ularning vatanni ko‘rish uchun zor-zor yig‘lashganiga guvoh bo‘lganmiz. Shukrki, O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, vatanni ziyorat qilishga muyassar bo‘ldik”.

Adham Muhammad

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

BLOG HAQIDA

muhojirlar shaharchasi2

Garchi blogimizni "Muhojirnoma" deb nomlagan bo'lsak-da, u alohida muhojirning kechinmalari va yoki sarguzashtlari haqida bayon qiluvchi sahifa emas. Bu ma'lum ma'noda muhojirotni o'z tanasida tatib ko'rgan insonlarning kundalik daftariday. Sahifa Amerika bilan tanishish, uning ijtimoiy-ma'naviy hayotini o'rganish, qolaversa bu mamlakatga kelish va undagi ayrim “imkoniyatlar”dan foydalanishni ko'zlayotgan minglab o'zbekistonliklar uchun ma'lumotnoma vazifasini o'tashni maqsad qilgan. Unda nafaqat Amerika, balki butun dunyodagi muhojirlar hayotiga oid ma’lumot va kechinmalarni berib borishni niyat qilganmiz.
Bizni kuzatib boring.

Kalendar

November 2019
M T W T F S S
« Jun   Dec »
 123
45678910
11121314151617
18192021222324
252627282930