Bugungi kunda butun dunyoda mehnat migrantlari orasida ayollar soni oshib bormoqda. Jahon bankiga ko’ra, 2019-yilda dunyoda 272 million xalqaro migrant ro’yxatga olingan bo’lsa, shuning 47,9 foizini (130 million) ayollar tashkil etgan. Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlaridan muhojirlarning 49,4 foizi ayollardir.
Ayollar orasida mehnat migrantlari ko’payishi yoki kamayishida mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy sharoit katta rol o’ynaydi. Hisobotlarga ko’ra, kam daromadli mamlakatlardan tobora ko’proq ayollar pul topish, oilasini boqish niyatida xorijga chiqmoqda. So’nggi 10 yillikda bu davlatlardan ayol mehnat migrantlari soni 49,2 foizdan 50,2 foizga oshgan. Moliyaviy jihatdan baquvvat mamlakatlardan esa kamroq ayol xorijga ishga chiqqan. O’rta daromadli mamlakatlardan ayol mehnat migrantlari soni keyingi o’n yillikda 48,5 foizdan 45,6 foizga tushgan bo’lsa, yuqori daromadli mamlakatlardan 49,1 foizdan 43,2 foizga kamaygan.
Markaziy Osiyo, xususan O’zbekistondan ham yiliga yuz minglab ayol xorijga pul topish uchun ketadi. Qozog‘iston Rossiya¸ Turkiya va Janubiy Koreya kabi davlatlar – o‘zbekistonliklar uchun asosiy mehnat bozori.
Xorijga ketayotgan ko’plab ayollar o’z huquqlarini yaxshi bilmaydi. Oliy ma’lumotli, kasb-hunarli bo’lganlari ham xorijiy mehnat bozorida munosib ish topa olmaydilar. Ko’p hollarda kam daromadli, ijtimoiy himoya bilan ta’minlanmagan ishlarda ishlaydi va asosan xizmat ko’rsatish sohalarida faoliyat ko’rsatadi.
Ko’p hollarda muhojir ayollar hech qanday rasmiy shartnomasiz bola yoki qariyalarga enaga, uy qarovchisi, farrosh kabi ishlar qilib, pul topadi. Bu esa huquqlari buzilgan holda o’zini himoya qila olmasligi, ijtimoiy himoya va boshqa imtiyozlarga da’vo qila olmasligi, qolaversa turli zo’ravonliklarga duchor bo’lishiga olib keladi. Rossiyadagi o’zbekistonlik ayollar orasida ish haqini vaqtida, kelishilgan miqdorda ololmaslik, belgilangan vaqtdan ko’p ishlashga majbur qilinish, ish beruvchi tomonidan muhojirning hujjatlarining olib qo’yilishi, yomon sharoitlarda yashash, jismoniy va jinsiy zo’ravonlik kabi holatlarga uchrash tez-tez kuzatiladi.
Ayrim mutaxassislar fikricha, migrant ayollar ko’p hollarda ikki tomonlama qiyin vaziyatda qoladi. Bir tomondan, borgan yurtlarida ish topish, yangi jamiyatda o’z o’rniga ega bo’lishda qiyinchiliklarga duchor bo’lsa, boshqa tomondan ortda qoldirib kelgan vatandagi yaqinlari, qarindosh-urug’lari, do’stu-birodarlaridan ham asta-sekin uzoqlasha boshlaydi. Natijada vatanga qaytgudek bo’lsa, ish topib, jamiyatga yana singib ketish mushkul bo’lishini tushungan ayol ona yurtga ketish fikridan qaytib, xorijiy ish beruvchining har qanday sharoit va talablariga rozi bo’ladi.
Ko’plab mamlakatlarda ayollarga, shu jumladan ayol mehnat muhojirlariga erkaklarga nisbatan kamroq ish haqi to’lanadi. Ayollar erkaklarga nisbatan o’rtacha 23 foizga kamroq ish haqi oladi. Ishsizlik darajasi bo’yicha ham bugun dunyoda ayollar yetakchilik qiladi. 2017-yilda dunyo bo’yicha ayollarning ishsizlik darajasi 6,2 foiz bo’lsa, erkaklar o’rtasida 5,5 foizni tashkil etgan. Rahbar lavozimlarida ham asosan erkaklar faoliyat ko’rsatadi. 2018-yilda ayollarga nisbatan to’rt barobar ko’proq erkak rahbar lavozimlarida ishlagan. Hali ham ko’pgina jamiyatlarda ayol kishining rahbar lavozimida ishlashiga salbiy ko’z bilan qarashadi.
Mehnat bozoridagi ana shunday gender tengsizlikka qaramay, statistik ma’lumotlarga ko’ra, ayol migrantlar erkak migrantlar bilan birday miqdorda pul o’tkazmalarini amalga oshirar ekan. Masalan, 2016-yilda migrantlar tomonidan dunyoda jami 601 milliard dollarga teng pul o’tkazmalari amalga oshirilgan bo’lsa, shuning yarmi ayollar hissasiga to’g’ri keladi. Shu bilan birga, ayol migrantlar erkaklarga nisbatan oilasiga muntazam pul jo’natishi aniqlangan. Bunga sabab sifatida kop’roq ayollar oila parvarishida mas’uliyatni ko’proq his qilishi, o’zi va oilasi farovonligi, kelajagi uchun ko’proq qayg’urishi ko’rilgan.
O’tgan yilning avgust oyida O’zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va ularning oila a’zolarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish choralari to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi. Unda Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi tuzilishi, Vazirlar Mahkamasi huzurida Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash masalalari departamenti tashkil etilishi nazarda tutilgan. Ularning vazifasiga xorijiy mamlakatlarning tashqi mehnat migratsiyasi masalalari bo’yicha vakolatli davlat organlari bilan hamkorlikni yo’lga qo’yish, mehnat muhojirlari va ularning oilalari huquqlarini himoya qilish hamda ularga moddiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish kabilar kiradi.
Xo’sh, bu maqsadlar va ishlar qay darajada amalga oshirilyapti? Yordam so’rab murojaat etganlarning necha foiziga ko’mak berildi? Muammolari qay darajada hal etildi? Ayol muhojirlar asosan qanday muammolarga duch kelyapti?
Endigi masala – ana shu masalalarni tahlil qilish va mehnat muhojirlarining huquqlarini himoya qilishning sistemali mexanizmini to’liq yo’lga qo’yishdir.
Oydin SADULLAYEVA