Pitsburgda o’zbek tilida darslar tashkil qilindi

Posted July 22nd, 2020 at 10:15 am (UTC-4)
Leave a comment

Pensilvaniya shtatining Pitsburg shahrida asos solingan Pitsburgdagi oʻzbeklar jamiyati aʼzolarining tashabbusi bilan shahardagi oʻzbek bolajonlari uchun Ona tili, Oʻzbekiston tarixi, Oʻzbek madaniyati va maʼrifati hamda matematika boʻyicha oʻzbek tilida olib boriluvchi oʻquv mashgʻulotlari tashkillashtirildi. Gʻoya mualliflariga koʻra, AQShdagi hukmron vaziyat, yaʼni koronavirus pandemiyasi tufayli ilk mashgʻulotlar onlayn tarzda, masofadan uyushtiriladi. Oʻquv mashgʻulotlari 5 yoshdan 16 yoshgacha boʻlgan bolajonlar uchun moʻljallangan boʻlib, qiziquvchilar soniga qarab, oʻquvchilar alohida guruhlarga boʻlib olinadi.

“Bugun biz aksar vatandoshlar tarafidan oʻrtaga tashlangan masala, yaʼni bu yerda AQShda ulgʻayib kelayotgan farzandlarimizning oʻz tili, adabiyoti va tarixini unutmasliklari uchun maxsus oʻquv kurslari tashkil etish istagini amalga oshirish arafasida turibmiz. Jamiyatning Telegram va Feysbuk tarmoqlaridagi sahifalari orqali oʻquv mashgʻulotlar haqida eʼlon qildik, qiziquvchilar qaysi ijtimoiy tarmoq orqali onlayn darslarda ishtirok etishi mumkinligi haqida ham axborot berildi. Endigi navbat qiziquvchilar soni va bolalarning yoshiga qarab ularni alohida guruhlarga ajratib olish. Darslar vaqti hozircha faqat shanba kunlari tonggi soat 10:00 dan 11:30 gacha etib belgilandi”, – deydi Pitsburgdagi oʻzbeklar jamiyati rahbari Bahodir Sodiqov.

Gʻoya boʻyicha dastlabki darslar faqat ikki yoʻnalishda boʻladi: bular Ona tili va Oʻzbekiston tarixi boʻyicha mashgʻulotlar. Har bir dars uchun 20-25 daqiqa vaqt ajratilgan. Shundan soʻng oʻquvchilarning oʻzlari bilan muloqot uchun, darslar naqadar hazm qilinib olinayotganini aniqlash uchun 5 daqiqa suhbat vaqti belgilangan va 5 daqiqalik tanaffus ham nazarda tutilgan. Agar qiziqishlar ortib borsa u holda mashgʻulotlar qatoriga matematika, kompyuter dasturchiligi va shaxmat asoslari mashgʻulotlari ham qoʻshiladi. Jamiyat faollariga koʻra, bu mashgʻulotlar boʻyicha ham ish olib borishga tayyor soha mutaxassislari bor.

“Pitsburgdagi oʻzbeklar jamiyati” faollariga koʻra ilk mashgʻulotlar kelayotgan shanba 25-iyul kuni oʻtkaziladi.

“Tabiiy, dastlabki mashgʻulotlarda asosiy vaqt koʻproq oʻzaro tanishuv, ota-onalar savollariga javoblarga sarf boʻlishi mumkin, biz buni ham inobatga oldik, shu bois balki ilk mashgʻulotlar soati biroz choʻzilishi mumkin. Ammo keyingi mashgʻulotlardnan boshlab, barcha eʼtibor darslarga va ular uchun adratilgan vaqtdan chekinmaslikka qaratiladi”, – deydi jamiyat faollari.

Pensilvaniyaning Pitsburg shahri maʼmurlari tomonidan taqdim etilgan rasmiy maʼlumotga koʻra, shaharda uch mingdan ziyod (2018-2019-yillar boʻyicha koʻrsatkich) oʻzbekistonliklar istiqomat qiladi. Shahardagi yirik jamoat radiolari tarafidan eʼlon qilingan maʼlumotga koʻra esa, oʻzbeklar Pitsburgga koʻchib kelayotgan muhojirlar orasida ikkinchi oʻrinni egallaydi. 2018-yili oʻzbek vatandoshlarining sa’y-harakati oʻlaroq Pitsburgda oʻzbeklar jamiyatiga asos solindi. Jamiyatning ilk yigʻinida aksar oʻzbekistonliklar farzandlari uchun oʻzbek tili va Oʻzbekiston tarixi, madaniyati haqida bilim beruvchi oʻquv markazlariga jiddiy ehtiyoj borligini aytgan edi.

“Albatta, maxsus sinf xonasida oʻzaro bir-birini koʻrib turgan holda oʻtiladigan mashgʻulotlarning foydasi kattaroq, zero onlayn taʼlim usuli hamma vaqt ham koʻzlangan natijani bermasligi bugun ayon boʻlib ulgurdi. Zero oʻz uyida, ota-onasi yonida boʻlgan bolalar erkalanishi, darsga u qadar diqqatli boʻlmasligi mumkin. Biz buni ham inobatga oldik va kelajakda, pandemiya bekor qilinib, oʻquvchilarning maktabga qaytishiga ruxsat etilganda, biz ham oʻz uquv binolarimizni ochamiz va mashgʻulotlarni ana shu sinf xonalari ichida davom ettiramiz. Buning uchun barcha harakatlarni koʻrib qoʻyganmiz”, – deydi Bahodir Sodiqov.

Husniddin Qutbiddinov

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

BLOG HAQIDA

muhojirlar shaharchasi2

Garchi blogimizni "Muhojirnoma" deb nomlagan bo'lsak-da, u alohida muhojirning kechinmalari va yoki sarguzashtlari haqida bayon qiluvchi sahifa emas. Bu ma'lum ma'noda muhojirotni o'z tanasida tatib ko'rgan insonlarning kundalik daftariday. Sahifa Amerika bilan tanishish, uning ijtimoiy-ma'naviy hayotini o'rganish, qolaversa bu mamlakatga kelish va undagi ayrim “imkoniyatlar”dan foydalanishni ko'zlayotgan minglab o'zbekistonliklar uchun ma'lumotnoma vazifasini o'tashni maqsad qilgan. Unda nafaqat Amerika, balki butun dunyodagi muhojirlar hayotiga oid ma’lumot va kechinmalarni berib borishni niyat qilganmiz.
Bizni kuzatib boring.

Kalendar

July 2020
M T W T F S S
« Apr   Jan »
 12345
6789101112
13141516171819
20212223242526
2728293031